Qirg‘iziston budjetiga korrupsionerlardan misli ko‘rilmagan miqdorda mablag‘ qaytarildi
Qirg‘izistonda korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi doirasida, 2020-2024 yillarda davlat g‘aznasiga 125 milliard dollar mablag‘ qaytarildi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev ma’lum qilgan.
Q.Tashiyev korrupsiyaga qarshi kurash davom ettirilishi va bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan barcha shaxslar jazolanishini ta’kidlagan.
«Ilgari korrupsionerlar jarima bilan qutulib qolar, ozodlikda yurar edi. Ammo yangi qonun qabul qilingach, ular jarima to‘lab qolmay, qamoq jazosini ham o‘taydi», – degan MXDQ raisi.
Siyosatshunos Arkadiy Dubnov korrupsiyaga qarshi kurash doirasida davlatga bu qadar katta miqdorda mablag‘ qaytarilishini «hayratomuz yutuq» deb atagan. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston davlat budjeti 2024-yilda 7,6 milliard dollarni tashkil qilgan. Shu tariqa huquq idoralari korrupsionerlardan yillik budjetdan 17 baravar ko‘p mablag‘ qaytarishga muvaffaq bo‘lgan.
Avvalroq Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari MXDQ raisiga qarshi suiqasd qilishni rejalashtirgan shaxs qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.
Ikki hafta muqaddam esa Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi hokimiyatni egallash rejasida gumon qilingan yetti nafar shaxs qo‘lga olingani haqida axborot bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter