Putin Tramp bilan uchrashuvda qanday talablar qo‘yishi ma’lum bo‘ldi
Vladimir Putin AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.
Bloomberg nashrining Kremldagi manbalarga tayanib xabar berishicha, uchrashuv chog‘ida Putin Ukrainadan NATO bilan harbiy aloqalarni uzish va cheklangan armiyaga ega neytral davlatga aylanishni talab qiladi.
Jang maydonida rus qo‘shinlarining ustunligiga tobora ko‘proq ishonch hosil qilgan Putin Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishiga erishmoqchi va mamlakatning harbiy salohiyatini cheklamoqchi.
Shu bilan birga, Kreml Shimoliy Atlantika alyansining alohida mamlakatlari Kiyevni ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvlari doirasida qurol-yarog‘ bilan ta’minlashiga qarshi emas, ammo bu qurollar Rossiyaga va u tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarini qaytarish uchun ishlatilmasligi kerak.
Kreml, shuningdek, Rossiya bosib olgan Ukraina hududining kamida 20 foizi ustidan nazoratni saqlab qolishni talab qiladi. Bunga anneksiya qilingan Qrim ham kiradi.
Avvalroq Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushiga chek qo‘yish uchun Vladimir Putin bilan uchrashmoqchi ekanligini aytgandi. Uchrashuv qachon o‘tkazilishi hali ma’lum emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter