Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston qardosh millatga ozodlik kurashida qanday ko‘mak bergan edi? Turkiyada Respublika kuni bayram qilinmoqda

O‘zbekiston qardosh millatga ozodlik kurashida qanday ko‘mak bergan edi? Turkiyada Respublika kuni bayram qilinmoqda

Foto: AA

Turkiyada 29 oktyabr – Respublika e’lon qilingan kunning 98 yilligi katta tantana qilinmoqda. Mamlakat tarixidagi ushbu muhim sana munosabati bilan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tabrik yo‘lladi.

Tabrikda o‘tgan asrning 20-yillarida mamlakat mustaqilligi uchun fidokorona kurashgan qahramonlar, jumladan, jumhuriyat asoschisi Mustafo Kamol Otaturk hamda shu yo‘lda jonini fido qilgan shahidlar hurmat va minnatdorlik bilan yodga olingan.  

Qayd etilishicha, olis tarixiy ildizlarga ega Turkiya xalqi mutaraqqiy mamlakat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda. Prezident Erdo‘g‘onga ko‘ra, Turkiya koronavirus pandemiyasining murakkab davrini yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi, 2020 yilda iqtisodiyotda o‘sish 1,8 foizni tashkil etdi.

Tabrikda Turkiyaning terrorizmga qarshi kurash, xavfsizlikni barqaror qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlari, ichki va tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatli qadamlari alohida qayd etilgan. Turkiya yetakchisi hozirgi murakkab sharoitda birlik, birdamlik va birodarlik qadriyatlari muhim ekanini ta’kidlagan.

Prezident Erdo‘g‘on yashirin fitnalar haqida gapirdi. Foto: AA

«Respublika e’lon qilingan sananing 100 yilligi arafasida biz biror bir kuch g‘irrom ssenariy yoki yashirin fitna orqali Turkiyani taraqqiyot yo‘lidan og‘dirishga urinishiga aslo yo‘l qo‘ymaymiz. Biz birlik, birdamlik va birodarlik an’analarimizni saqlagan holda Turkiya uchun jiddu jahd etamiz», – deydi R.T.Erdo‘g‘on.  

Bundan bir asr avval Turkiya zaminida kechgan ozodlik kurashida o‘zbekistonliklar ham munosib ishtirok etgan, moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatgan. Buxoro Xalq Respublikasi hay’ati esa ozodlik kurashi yetakchisi Mustafo Kamol Otaturkka Amir Temur qilichlaridan birini taqdim etgan.

Buxoro hay’ati ozodlik kurashi yetakchisi Mustafo Kamol Otaturkka Amir Temur qilichini taqdim etgan edi.

«Ota yurtimizdagi qardoshlarimizning bundan roppa-rosa bir asr oldin o‘z rizqidan orttirib, milliy ozodlik kurashimizni qo‘llab-quvvatlash uchun Onado‘lidagi qardoshlariga yuborgan moddiy yordamini turk xalqi hech qachon unutmaydi. Oliyjanoblik bilan ko‘rsatilgan bu samimiy ko‘mak ming bir mashaqqat bilan tashkil etilayotgan Turkiya Respublikasiga katta madad bo‘ldi. Buyuk ozodlik yurishidan keyin bosh qo‘mondon Mustafo Kamol Otaturkning «Armiyalar! Ilk nishoningiz – O‘rtayer dengizidir. Olg‘a!» degan buyrug‘i bilan Izmirni dushman ishg‘olidan ozod qilgan g‘olib qo‘mondonga Buxoro Xalq Respublikasi hay’ati keltirgan Amir Temur qilichlaridan biri taqdim etilgan», – degan edi 2019-2021 yillarda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida faoliyat yuritgan Mehmet Surayyo Er.

Eslatib o‘tamiz, Respublika kuni (Cumhuriyet Bayramı) Turkiyaning asosiy davlat bayrami hisoblanadi. 1923 yilning 29 oktyabrida Usmoniylar saltanati vorisi bo‘lgan o‘lkada respublika boshqaruvi e’lon qilingan edi. 1925 yildan ushbu sana rasmiy bayram sifatida milliy miqyosda nishonlanadi.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring