Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjonda amaldagi prezident vakolati tugamay turib navbatdan tashqari saylov bo‘lib o‘tadi

Ozarbayjonda amaldagi prezident vakolati tugamay turib navbatdan tashqari saylov bo‘lib o‘tadi

Foto: «BBC»

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev navbatdan tashqari prezidentlik saylovini 2024 yil 7 fevralga belgilash to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi, deb xabar bermoqda «Report» agentligi.

Markaziy saylov komissiyasiga saylovning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishini ta’minlash vazifasi yuklandi.

Ozarbayjon konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakat prezidenti yetti yillik muddatga saylanadi. Aliyevning davlat rahbari sifatidagi amaldagi muddati 2025-yilning aprelida — prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan paytda tugaydi.

Mamlakatda 2018-yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi prezidentlik saylovi ham navbatdan tashqari o‘tkazilgan.

Turan agentligiga bergan munosabatida «Yeni Azərbaycan» hukmron partiyasi a’zosi, deputat Nagif Gamzayev navbatdan tashqari prezidentlik saylovini o‘tkazish zarurati mintaqadagi «turfa xil va tezlashgan jarayonlar» fonida paydo bo‘lganini, bu esa «tezkor qadamlar»ni talab qilganini aytgan.

Muxolifatchi «Musavat» partiyasi rahbari Orif Hojilining bu fikrga qarshi chiqib, odatda mamlakatda inqirozli vaziyat yuzaga kelganda navbatdan tashqari parlament yoki prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi, biroq «hozirda Ozarbayjonda siyosiy inqiroz kuzatilmayotganini» ta’kidlagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, saylovgacha bo‘lgan ikki oylik muddat saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun juda qisqa vaqt hisoblanadi.

«BBC» rus xizmatining qayd etishicha, Ozarbayjonga 20 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan Aliyevning o‘zi haligacha bu qarori sababini tushuntirmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring