Misr G‘azo bo‘yicha taklif tayyorladi

Misr Isroil hujumlari oqibatida vayron bo‘lgan G‘azo sektorini tiklash bo‘yicha reja hozirladi. «Arab rejasi» deb atalgan loyihada 5 yil mobaynida 53 milliard dollar sarflab mintaqani tiklash ko‘zda tutilgan.
G‘azoni tiklash rejasi uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda (6 oy, 3 milliard dollar) bino vayronalari tozalanadi. Ikkinchi bosqichda (2 yil, 20 milliard dollar) yangi turarjoylar quriladi, infratuzilma yaxshilanadi. So‘nggi bosqichda esa (2,5 yil, 30 milliard dollar) qurilish-tiklash ishlari yakunlanadi, shuningdek, G‘azoda aeroport va portlar barpo etiladi.
Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan Arab davlatlari ligasi sammitida qabul qilingan loyihada falastinliklarning haq-huquqlarini hurmat qilish lozimligi ta’kidlangan.
Arab davlatlari taklif etayotgan ushbu rejada falastinliklarni G‘azo sektoridan ko‘chirish tashabbusi ham rad etilgan.
Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti Donald Tramp yanvar oyida G‘azo sektorini «tozalash» maqsadida anklavning 2 million aholisini Misr va Iordaniya kabi davlatlarga ko‘chirish kerakligini aytdi.
Mohiyat e’tiboriga ko‘ra Isroil rasmiylari ilgari surayotgan G‘azo sektori aholisini boshqa hududlarga ko‘chirish va keyinroq u yerda yahudiy kelgindilarini joylashtirish g‘oyasiga hamohang yangragan bu taklifni Isroildan boshqa biror bir davlat qo‘llab-quvvatlamadi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas G‘azo ahli o‘zi shundoq ham ko‘p azob chekkani, ular ham isroilliklar kabi tinch hayotga haqli ekanini ta’kidladi. Yuqori martabali diplomat YeI ziddiyatni ikki davlat – Isroil va Falastin davlati tamoyili asosida hal etishga sodiqligini yana bir karra tasdiqladi.
Isroilni shartlarsiz qo‘llab-quvvatlash va Falastin ahli huquqlarini poymol etish deb baholangan bu taklif Arab davlatlari ligasi tomonidan ham jiddiy tanqid qilindi.
Tahlilchilar Isroil hukumati 2023-yil oktyabrda boshlagan urushdan foydalanib, G‘azo aholisini majburiy ravishda qo‘shni davlatlarga surgun qilish orqali hududni bosib olishni ko‘zlayotganidan ogohlantirmoqda.
Falastin aholisi Isroil davlati 1948 va 1967-yillarda amalga oshirgan majburiy quvg‘in yana takrorlanishidan xavotirda.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Misr tayyorlagan va Arab davlatlari ligasi ma’qullagan yangi reja ham AQSh va Isroil tomonidan rad etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter