Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kennedining bevasi: ikkinchi er, uchinchi do‘st va millionlar

Kennedining bevasi: ikkinchi er, uchinchi do‘st va millionlar

«Nyu-York Tayms Megezin» nashrining sobiq bosh muharriri Edvard Kleyn Jon Kennedining xotini Jaklin Kennedi hayoti haqida «Jeki» nomli kitob yozgan. U chop etilgach, AQSh va Yevropada katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Amerika prezidenti Jon Kennedi o‘ldirilganidan so‘ng Jaklinning hayoti qanday kechgan? Uning farzandlari taqdiri-chi? Kitobda hammasi batafsil bayon etilgan edi...

1963-yilning 29-noyabr kuni Jaklin «Layf» jurnali muxbiri Teodor Uaytga sim qoqib, uni huzuriga chorlaydi. Jurnalist Gianist, Portdagi prezident qarorgohida meni motamsaro ayol kutib olsa kerak, deb yo‘lga tushadi. Lekin uni chiroyli libosga burkangan bir sanam qarshilaydi.

Ularning suhbati ikki soatdan ko‘proq davom etadi. Garchi «Layf» ertasigayoq o‘z sahifalarida «Jeki Kennedi bilan suhbat» deb nomlangan maqolani chop etgan bo‘lsa-da, mazkur muloqotning to‘liq mazmuni uzoq yillar mobaynida sirligicha qolaveradi. Ma’lum bo‘lishicha, Jon Kennedi o‘ldirilishidan bir kun avval ular tunni birga o‘tkazishgan ekan...

Prezidentning ishqiy sarguzashtlari ularni bir-biridan ancha uzoqlashtirib yuborgan edi. Bor-yo‘g‘i bir necha kun yashagan so‘nggi farzandlari – kichik Patrikning o‘limi er-xotin Kennedilarni qayta yaqinlashtiradi. O‘sha kuni ular yana bir farzand ko‘rishni niyat qiladilar...

O‘ttiz besh yoshida beva qolgan Jaklin amerikaliklar ko‘z o‘ngida chinakam sanamga aylangan edi. Ammo u bundan xursand emasdi. Jaklin o‘zini hamisha yolg‘iz-tanho sezar, tobora tushkunlikka tushar edi. Faqatgina sodiq tan soqchisi Xillni ko‘rganida biroz yupanar edi. Negaki, soqchi unga doimo dalda berardi.

1968-yilning 6-iyun kuni Los-Anjelesdagi «Ambassador» otelida senator Robert Kennedi otib o‘ldiriladi. Keyingi paytda Qo‘shma Shtatlarda nashr qilingan kitoblarda Jeki bilan Robert o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida ham ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Ha, ular bir-birini yaxshi tushunishardi. Biroq Robert doimo Jaklinning himoyachisi sifatida namoyon bo‘lardi. U Jekining yangi tanishlari, jumladan, yunon milliarderi Onassisni yoqtirmasdi. Onassis ham bu haqda bilar, shuning uchunmi, unga senator Robert Kennedining halok bo‘lganini aytishganida: «Nihoyat, Jeki Robertdan qutulibdi», – degan edi.

Robert Kennedining dafn marosimida Jaklin qattiq asabiylashgan. Go‘yo unga erini ikkinchi marta dafn etishayotgandek tuyulgan edi. Jaklin Robertning halokatiga o‘zini daxldor deb hisoblaydi. Shundan keyin u farzandlarini mumkin qadar olisroqqa olib ketib, ularga g‘amxo‘rlik qilish to‘g‘risida o‘ylay boshlaydi. Kutilmaganda Jaklinning fikri zikri Aristotel Onassisga qaratiladi. Ayollarga o‘ta ishqiboz bo‘lgan Onassis har gal Jekini ko‘rganida o‘zini yo‘qotib qo‘yardi...

1968-yil oktyabrining yomg‘irli kunlaridan birida Jaklin Kennedi Onassis xonimga aylandi. Odatda yunonlar yomg‘irni yaxshilikka yo‘yishadi.

1973-yilga qadar Onassislar baxtli, tinch-totuv hayot kechiradilar. Ulardan birini Kleopatraga, ikkinchisini esa dengizlar hukmdoriga qiyoslash mumkin edi. O‘z mahbubasini qimmatbaho hadyalariga ko‘mib tashlagan milliarder sayru sayohatni xush ko‘rardi. Onassis mulozimlaridan biri – Stefanos Daruseosning so‘zlariga qaraganda, milliarder har bir sentning nimalarga sarflanishini shaxsan o‘zi kuzatib borgan. Bundan Jaklinning chiqimlari ham mustasno emasdi.

Ammo tejamkor bo‘lishiga qaramasdan, u o‘z mahbubasiga yuksak darajada ehtirom ko‘rsatardi. «Tasavvur qilib ko‘ring-a, agar Onassis xonim ikki yilgacha bitta libosda yuraversa odamlar nima deb o‘ylashadi?» – derdi Onassis. «Agar ayollar bo‘lmaganida, pulning, umuman, boylikning ham keragi yo‘q edi», – deya takrorlardi milliarder.

O‘gay ota Jaklinning farzandlari – Jon va Karolindan ham o‘z saxovatini ayamaydi. Ularning har biriga kema hadya etadi.

Biroq har narsaning nihoyasi bo‘lganidek, baxtiyor onlarning ham oxiri ko‘rina boshladi. Endi Jaklin ko‘proq AQShda, Yunonistondan uzoqda vaqtini o‘tkazadigan bo‘ldi. Onassis Nyu-Yorkka kelgan paytlarida mahbubasi huzurida emas, otellarda to‘xtashni odat qiladi. Oradan bir qancha muddat o‘tgach, ajrashish to‘g‘risida gap-so‘zlar tarqaldi. «Onassis Jaklinning hamisha yonida bo‘lishini xohlardi, – deb guvohlik bergan edi milliarder himoyachisi. – U hammasiga chek qo‘yishni xohlasa-da, baribir ajrashish to‘g‘risida men tayyorlagan hujjatni yirtib tashlardi».

Aristotel Onassis 1975-yilda Parijda – qizining qo‘lida jon berdi. Bu paytda Jaklin Nyu-Yorkda edi. Shundan so‘ng Jaklin Moris Templsmen bilan do‘stlashdi. Moris unga zumrad va yoqut ko‘zli tilla uzuk hadya etadi.

Moris uzoq vaqt safarlarda bo‘lar, shuning uchun Jeki ko‘pincha yolg‘iz qolar edi. Biroq u bundan zarracha ranjimas, sababi «Dablyudey» nashriyotida xizmat qila boshlagan edi. Endi Jaklin bo‘sh vaqtlarini nabiralari davrasida o‘tkazadigan bo‘ldi. U tilla bilan shug‘ullanadigan Templcmenning maslahatlariga amal qilib, millioner ayolga aylandi.

A.Onassisning vafotidan keyin Jaklinga tekkan 19 million dollar miqdoridagi mablag‘i ko‘payib, 200 millionga yetdi.

Kasallikka chalingan Jaklin 1994-yil 19-mayda vafot etdi.

                   Izzat Ahmedov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring