Janubiy Koreya prokuraturasi hokimiyatdan chetlatilgan prezidentni isyonda ayblayapti
Janubiy Koreya prokuraturasi hokimiyatdan chetlatilgan Yun Sok Yolga rasman isyonda ayblov qo‘ydi.
Yonhap agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u Janubiy Koreyaning sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon bilan til biriktirib, urush, qurolli mojaro yoki shunga o‘xshash milliy inqiroz belgilari bo‘lmagan vaziyatda harbiy holat e’lon qilib, 3-dekabrdagi namoyishlarnikeltirib chiqargani taxmin qilinmoqda.
Prokurorlar, shuningdek, Yun Sok Yol deputatlarning u e’lon qilgan harbiy holatga qarshi ovoz berishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun parlamentga harbiy kuchlarni yuborganini da’vo qilmoqda.
Tergovchilar Yun Sok Yolni yanvar oyi o‘rtalarida hibsga olgan edi. Prezidentning o‘zi hibsga olinganidan keyin e’lon qilingan videomurojaatida qon to‘kilmasligi uchun so‘roqqa kelishga qaror qilganini aytdi.
«Bu noqonuniy tergov bo‘lsa-da, men qon to‘kilishini oldini olish uchun Korrupsiya bo‘yicha tergov boshqarmasiga kelishga qaror qildim», – degandi u.
Agentlikning aniqlik kiritishicha, hibsda saqlash muddati tugashiga bir kun qolganida prezidentga rasman ayblov e’lon qilingan. Korrupsiya bo‘yicha tergov boshqarmasi prezidentga qarshi ayblovlar qo‘yish uchun qonuniy vakolatga ega emasligi vajidan o‘tgan hafta ishni prokuraturaga topshirdi. 26 yanvar, yakshanba kuni prokurorlar Yun Sok Yol ishi bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilib, uni bevosita so‘roq qila olmadilar. Seul sudi bir kun avval uning hibsda saqlash muddatini ikkinchi marta uzaytirish haqidagi iltimosni rad etdi. Qonunga ko‘ra, agar shu muddat ichida unga nisbatan ayblov e’lon qilinmasa, gumondor ozod etilishi kerak.
Endi Yun Sok Yolning hibsdagi muddati tugashiga ikki kun qolganida, prokurorlar uning aybini sudda isbotlashlari kerak.
«U ilgari ham mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblangan edi, biroq bu ayblovlar olib tashlandi, chunki qonun amaldagi prezidentga isyon yoki qo‘zg‘olondan tashqari har qanday ayblovlardan daxlsizlik beradi», – deb yozadi Yonhap.
Eslatib o‘tamiz, Yun Sok Yol 2024-yil 3-dekabrdan 4-dekabrga o‘tar kechasi «Shimoliy Koreyaga xayrixoh kuchlarni yo‘q qilish va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish uchun» Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgan edi. Shu kuni parlament qarorni bekor qilish uchun ovoz berdi va bir necha soat ichida harbiy holat bekor qilindi. Ertasi kuni esa Janubiy Koreya parlamentidagi muxolif partiyalar prezidentga impichment e’lon qilish taklifini tayyorladi va 14-dekabr kuni parlament uni qo‘llab-quvvatladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter