Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘azo: Xalqaro sud qaroridan bir oy o‘tib...

G‘azo: Xalqaro sud qaroridan bir oy o‘tib...

BMT Xalqaro sudi tomonidan G‘azodagi vaziyat bo‘yicha qaror qabul qilinganidan keyin ham falastinliklarni o‘ldirish davom etmoqda. Bu haqda qamaldagi G‘azo sektori ma’muriyati ma’lum qildi.

Isroil tomonidan so‘nggi bir oy davomida uyushtirilgan hujum va bombardimonlarda 3882 kishi halok bo‘ldi, 5933 kishi jarohatlandi. Shu tariqa 2023-yil 7-oktyabrdan buyon halok bo‘lgan falastinliklar soni 30 mingga yaqinlashib qoldi.

Xalqaro mahkama qarori chiqqunga qadar G‘azoda 132 nafar jurnalist o‘ldirilgan edi. Keyingi bir oyda ular soni 132 nafarga yetdi.

Avval xabar berganimizdek, 2023-yil 29-dekabr kuni JAR Isroilni G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genotsid jinoyatini sodir etishda ayblab xalqaro mahkamaga murojaat qilgan edi.

Yahudiy davlati harbiylari 1948-yilda qabul qilingan Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan holda, G‘azoda minglab tinch aholi vakillarini qasddan qirishda ayblanmoqda.

Haagadagi Xalqaro sud 2024-yil 26-yanvar kuni Isroilga HAMAS harakatiga qarshi urush olib borishda G‘azo sektorida genotsid harakatlarining oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishni buyurgandi. Shuningdek, mahkama Tel-Aviv anklavdagi falastinliklar uchun gumanitar vaziyatni yaxshilash choralarini ko‘rish majburiyatini yuklagandi.

Sud qaroridan keyin ham G‘azodagi maktab, universitet, turarjoy va shifoxonalarni bombardimon qilish to‘xtamagan.

G‘azoning 2,3 million aholisidan 2 millioni turarjoyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan. Ayni paytda sektor janubidagi Rafah shahrida 1,5 million falastinlik jon saqlamoqda.

So‘nggi kunlarda dunyo hamjamiyati Isroil armiyasining Rafahga hujumi oqibatlarini muhokama qilmoqda. Xalqaro tashkilotlar Tel-Aviv ma’muriyatini yuz minglab falastinlik qo‘nim topgan mazkur shaharga hujum ommaviy qirg‘inga olib kelishidan ogohlantirgan.

Rafahga hujum rejasini Isroilning yaqin ittifoqchilari ham ma’qullamagan. Jumladan, AQSh Isroil falastinlik tinch aholi vakillari xavfsizligini ta’minlamas ekan, Rafahdagi harbiy amaliyot qo‘llab-quvvatlanmasligini bildirgan.

Xalqaro tashkilotlar G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va muqarrar gumanitar falokatning oldini olish kerakligi haqida bong urmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring