Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2024-yilning eng qimmat mahsuloti bitkoinni ham ortda qoldirdi

2024-yilning eng qimmat mahsuloti bitkoinni ham ortda qoldirdi

Illyustrativ foto

Kakao 2024-yilda asosiy xom ashyo mahsulotlari orasida eng serdaromadiga aylandi. Bu mahsulot qiymati hatto Bitcoin va AQSh fond birjasini ortda qoldirdi, deb xabar berdi MarketWatch moliya nashri.

Mart oyida kakaoning 1 tonnasi narxi 11 954 dollarga yetdi. Ya’ni mahsulot qiymati yil boshiga nisbatan deyarli 185 foizga o‘sdi. Solishtirish uchun: bitkoin 128 foiz, S&P 500 indeksi 25 foiz qimmatlashgan.

Nashr yozishicha, kakao narxi o‘sishdan to‘xtashiga umid qilmasa ham bo‘ladi. Chunki 2023/2024-qishloq xo‘jaligi yilida so‘nggi 60 yildagi eng jiddiy taqchillik kuzatildi.

Kamhosillikning asosiy sababchisi — G‘arbiy Afrikadagi noqulay ob-havo sharoiti. Okeanlar o‘ta isib ketib, shundoq ham ikki yildan buyon iqlim o‘zgarishlaridan talafot ko‘rayotgan kakao daraxtlariga yanada salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Kot-d’Ivuar jahondagi kakaoning 35 foizini, butun G‘arbiy Afrika 70 foizini yetkazib beradi.

Oktyabr oyida G‘arbiy Afrikaning ayrim hududlarida hukm surgan nam havo kakao daraxtlariga ziyon yetkazdi. Yaqinda yuz bergan garmatan quruq changli shamoli ham bahorda yig‘ib olinadigan hosilga xavf solmoqda.

Shunga qaramasdan, bozorda mahsulotga talab yuqori va narxlar osmonga ko‘tarilishda davom etyapti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring