Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI Ukrainaning 1991-yilgi chegaralarda hududiy yaxlitligi tiklanishini qo‘llab-quvvatlaydi

YI Ukrainaning 1991-yilgi chegaralarda hududiy yaxlitligi tiklanishini qo‘llab-quvvatlaydi

Yevropa Ittifoqi Rossiya tajovuziga uchragan Ukrainani qat’iy ravishda dastaklashda davom etadi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian Ukraina bosqini boshlanganining ikki yilligi munosabati bilan Toshkentda tashkil etilgan tadbirda ta’kidladi.

«Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorona urushi dunyoning boshqa mamlakatlari uchun ham xavfli pretsedent yaratmoqda. YeI Rossiyaning Ukraina hududlarini noqonuniy bosib olishini aslo tan olmaydi. Rossiyaning Ukrainaga xiyonatkorona bostirib kirishi global oziq-ovqat va energetika bozorini izdan chiqardi. Bu hol barchaga ta’sir o‘tkazib, butun dunyoga og‘riqli zarba bo‘ldi. Bu vaziyatda YeI Markaziy Osiyo, shu jumladan, O‘zbekiston bilan har qachongidan ham kengroq hamkorlik qilish niyatida», – dedi YeI elchisi.

Diplomatning ta’kidlashicha, Ukrainaning 1991 yilgi chegaralarda hududiy yaxlitligi tiklanishi muhimdir.

«Keng ko‘lamli bosqindan ikki yil o‘tgandan so‘ng ham YeI Ukrainaning to‘liq suvereniteti va 1991 yilgi chegaralarda hududiy yaxlitligi tiklanishini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. O‘shandan beri Ukraina YeIga nomzod mamlakat bo‘ldi. Yaqinda Ukraina YeIga a’zolik borasida muzokara boshlaydi», – dedi Adrian xonim.

Tadbirda Polsha elchisi Radoslav Gruk va Ukraina elchisi Mikola Doroshenko ham so‘z olib, urushning salbiy oqibatlariga e’tibor qaratdi.

Anjumanda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida polshalik taniqli kinorejissyor Machey Hamela suratga olgan «Orqa ko‘zguda» («Skąd dokąd») nomli hujjatli film namoyish qilindi.

«Pare Lorentz» mukofotiga sazovor bo‘lgan rejissyorning mazkur kartinasida Rossiya bosqini qurboni bo‘lgan ukrainaliklarning fojiaviy taqdiri, urush keltirgan musibatlar hayotiy hikoyalar asosida ochib berilgan.

Avval xabar berganimizdek, YeIning yurtimizdagi delegatsiyasi Ukraina urushida jabr ko‘rgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xayriya kimoshdi savdosi o‘tkazgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring