Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«1,8 milliard AQSh dollarlik loyiha, Markaziy Osiyoda ofis» – Google’dagi vatandosh hikoyasi

«1,8 milliard AQSh dollarlik loyiha, Markaziy Osiyoda ofis» – Google’dagi vatandosh hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyular davom etadi. Bu galgi suhbatdoshimiz nufuzli Google kompaniyasi muhandis dasturchisi Nodir Nazarov.

Qahramonimiz Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bakalavr, Janubiy Koreyadagi Yongnam universiteti (magistratura) va AQShdagi Xalqaro Maharishi universiteti ikkinchi magistratura bosqichida ta’lim olgan.

 Ilm yo‘lidagi eng katta ijobiy o‘zgarish

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tug‘ilganman. Lekin Shahrisabz shahrida yashaganmniz. Boshlang‘ich maktabni Shahrisabzdagi Abdurahmon Jomiy nomli maktabda o‘qidim. 6-sinfda onamning istaklari bilan o‘sha vaqtdagi shahardagi eng nufuzli maktab – Mirzo Bedil nomli litsey internatga o‘qishga kirdim.

U yerga o‘qishga kirish tarixim ham juda qiziq bo‘lgan. Imtihondan oldin bir necha kun kasal bo‘ldim, natijada hech narsa yeya olmay juda holdan toyganman. Shunday holatda imtihonlarda ishtirok etdim. Omadim kelib, o‘qishga ham kirib oldim. Ushbu ixtisoslashtirilgan maktabga boshqa maktabning eng a’lochilari o‘qishga kelishardi. Men ham oldingi maktabimning eng a’lochilaridan bo‘lgandim, lekin litseyga kelib qoloqlardan bo‘lib qoldim. Eng sevgan fanlarim, matematika va fizikadan oxirgi chorakda «3» baho oldim. Keyin 3 oylik yozgi ta’tilda a’lochilarga yetib olish uchun tinmay o‘qidim. Mustaqil ravishda 5, 6 va 7-sinf kitoblarini o‘qib, masalalarini yechib chiqdim. Va keyingi yildan a’lochilar qatoriga qo‘shildim. Mana shu voqea hayotimdagi, ilm yo‘lidagi eng katta ijobiy o‘zgarish deb hisoblayman.

Dastlab moliyachi yoki iqtisodchi bo‘laman deganman

10-sinfligimda rahmatli buvim Qarshi davlat universitetida dars beradigan jiyanlari oldiga meni olib borib, o‘qishga kirishga tayyorlashni so‘radilar. Ular meni imtihon qilib ko‘rib «Bu yigitga repitetorlik kerak emas, shunday o‘qishga kirib ketadi» deb Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialiga hujjat topshirishimni tavsiya etgan. Ungacha boshqa ko‘pchilik sinfdoshlarim kabi moliyachi, iqtisodchi bo‘laman degan uy-xayol bilan yurardim. Chunki biz o‘qib yurgan vaqtlar hali IT sohasi uncha rivojlanmagan, odamlarda yetarlicha bu haqida ma’lumot yo‘q edi. Mana shunday qilib ushbu sohani tanladim va hozir bundan juda ham mamnunman.

Qarshida bobo-buvimlar borligi u yerda o‘qishimga ancha yengillik yaratdi. Lekin, filial yangi tashkil etilganligi uchun o‘qish sharoitlari juda yomon, hatto o‘qish binosi yetishmas edi. Uning ustiga paxta yig‘im terimi deb 3 oy o‘qish bo‘lmasligi ko‘pchilik talabalarda o‘qish ishtiyoqini tushbrib yuborgan. Boz ustiga kompyuterlar 3-kursga o‘tmagunimizcha bo‘lmagan. Men esa bu yetishmovchiliklarni imkoniyatlarga aylantira oldim, deb ayta olman. Paxta yig‘imi mavsumi davomida ACM xalqaro dasturlash musobaqalariga tayyorlandim va jamoa bilan O‘zbekiston ichida yaxshi natijalar ko‘rsata oldik. Ba’zilar bitta daftar bilan o‘qishga kelib ketsa, men sumkamni kitobga to‘ldirib, og‘ir qilib osib yurardim. Darslar bo‘lmagan paytlar talabalar gaplashib vaqt o‘tkazishsa, men IETLS imtihoniga mustaqil tayyorlanardim.

Yongnam universitetiga 100 foiz grant yutdim

Ochig‘i, o‘qishni tamomlab magistratura uchun AQShga borishni orzu qilardim, lekin moliyaviy imkoniyatim yo‘qligi uchun boshqa yo‘llarini izladim. Men bakalavrda o‘qib yurgan yillar Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Janubiy Koreya oliygohlari bilan aloqalari rivojlanayotgan, ko‘plab talabalar Koreyaga magistraturaga o‘qishga ketayotgan edi. Hatto, TATU ichida Koreya ilmiy izlanish markazi bo‘lardi. Men o‘sha yerda biroz muddat ilmiy izlanuvchi va dasturchi (R&D) bo‘lib ishlab, keyin Janubiy Koreyadagi Yongnam universitetiga 100% grant yutib oldim.

Koreyadagi ko‘plab oliygohlar, shular qatorida Yongnam universitetining menga eng yoqqan tarafi shunda bo‘ldiki, siz u yerda nafaqat kuchli nazariy, balki amaliy bilim ko‘nikmalarni ham olishingiz mumkin. Hattoki, ta’limning amaliy tarafiga ko‘proq ahamiyat beriladi. Kuniga 2-3 ta dars olsangiz, qolgan vaqtingizni labaratoriyalarida ilmiy izlanish, loyihalar ustida ishlash, maqola yozish bilan o‘tkazasiz. Loyihalar esa shunchaki akademik darajadagi oddiy ish emas, balki Koreya Internet xavfsizligi agentligi yoki Koreyaning Ta’lim va texnologiya vazirligi tomonidan moliyashtirilgan. Bu esa, ham ilm olish, ham amaliy tajriba orttirish uchun foydali bo‘ladi.

Magistraturani bitirgach, professorim menga PhD’da o‘qishni davom ettirishni maslahat berdi. O‘sha yili PhD uchun ikkita 100 foizlik stipendiya yutib oldim, lekin o‘smirlikdagi Amerikaga kelish orzusi ustunlik qildi.

Qo‘shma Shtatlarga ishlash uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri kelish oson emas, men uchun eng qulay bo‘lgan usuli bu o‘qish bilan kelish edi. Shunday qilib, ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga o‘qishga kirdim. Aynan Xalqaro Maharishi universitetini tanlaganimning boisi esa, bu universitet kampusda (on-campus) 8-9 oylik o‘qish va undan keyin ishlash davomida o‘qishni onlayn tarzda davom ettirish imkoniyatini berishi bo‘lgan.

«Endi seni galing, boshqalarga sen ham yordam ber...»

Chel eldagi hayot meni fikrlashim, muomalam va hatto tashqi ko‘rinishimga ham ijobiy ta’sirini o‘tkazdi, deb ayta olaman. Xorij hayotining insonlarni ijobiy tarafga o‘zgartiradigan eng yaxshi omili bu bag‘rikenglik (tolerantlik)ni o‘rganishdir. Doim bir xil fikrlovchi, hatto kiyinishi, tashqi ko‘rinishi bir xil bo‘lgan odamlar orasida yashagan inson, hayot faqat shunaqalardan iborat ekan, degan xulosaga borib qoladi va boshqacha fikrlovchilarga toqat qila olmaydi. Nafaqat insonlardagi, balki jamiyatdagi farqlarni ko‘rib, solishtirib ham ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi.

Meni chel elda o‘zgartirgan eng muhim sabablardan yana biri bu – iqtidorli, kuchli va oliyjanob insonlar davrasida bo‘lganligim. Ulardan ko‘p narsalar o‘rgandim, ko‘p yaxshiliklar ko‘rdim. Albatta, uydan uzoqda yashaganda qiyinchiliklar bo‘ladi. Shunday vaqt bo‘ldiki, 9 oylik o‘qishni tugatib ish qidirishni boshlaganimda, universitet yotoqxonasidan chiqishim kerak edi. Qo‘limda juda oz pul, hali ishga kirganim yo‘q edi. Mana shunday qiyin vaziyatda menga umuman begona, boshqa millatdan bo‘lgan musulmon yigiti yordam qo‘lini cho‘zib, tekinga o‘z uyidan joy berdi. Ishga kirib, oylik olganimdan keyin xarajatlarimni qaytib to‘lamoqchi bo‘lganimda «Endi seni galing, boshqalarga sen ham yordam ber...» deb rad etgandi.

Jamoa bilan ishlay olish mahoratini ham sinab ko‘rishadi

Haqiqatan axborot texnologiyalari, shu jumladan dasturchilik ancha murakkab soha hisoblanadi. IT mutaxassislariga katta miqdorda maosh berilishi bekorga emas.

Birinchi qiyinchilik ishga kirguncha – ko‘p o‘qib o‘rganish va ish tajribasi orttirish kerak. Ishga kirgandan keyin ham doimiy ravishda o‘qib-o‘rganib turish lozim. Muvaffaqiyatsizliklar ham ayni shu qiyinchiliklardan kelib chiqadi. Ishga kirish uchun raqobat katta, ko‘p hollarda bir necha ishga kirish suhbatlaridan yiqilib keyin o‘zingiz orzu qilgan joyga ishga kirasiz. Ish jarayonida ham loyihalar ba’zan kechikishi, va hatto muvaffaqiyatsiz tugallanishi mumkin. Bu kabi muammolar turli xil yechimlarni qo‘llash va o‘zingizdan tajribaliroq kishilardan yordam so‘rash bilan hal bo‘ladi odatda. Shu sababdan, katta texnologik kompaniyalar dasturchilarning jamoa bilan ishlay olish mahoratini ham sinab ko‘rishadi. Bizning ishimiz jamoaviy holda olib boriladi. Albatta yakka holatda ham ishlaydigan dasturchilar bo‘ladi, lekin ularning dasturiy mahsuloti ancha kichik ko‘lamda bo‘ladi.

Google Markaziy Osiyo davlatlarida o‘z ofisini ochadimi?

Google’gacha bo‘lgan yo‘lim uzoqroq bo‘lgan. 2013 yil AQShda birinchi ishimni boshlagan bo‘lsam, 2021 yil Google kompaniyasiga kirdim.

Google kabi kompaniyalarga ishga kirishdagi intervyu jarayoni boshqa kompaniyalardan farq qiladi – masalan, boshqa kichikroq kompaniyalarga boradigan bo‘lsangiz, og‘zaki savol-javoblar bo‘ladi, kamdan kam hollarda yozma ravishda savollarga javob berasiz, lekin Google’dagi ishga qabul qilish juda murakkab. Buning uchun sizdan murakkab algoritmik bilimlar talab qilinadi, bundan tashqari guruh bilan ishlash, ziddiyatli holatlarda qanday yo‘l tutishingizni aniqlash uchun turli intervyular bo‘ladi. Kompaniya va ishga topshirayotgan guruhga siz qanchalik mosligingizni tekshirish uchun odatda texnik bo‘lmagan savollar beriladi. Ya’ni, sizga ma’lum bir vaziyatda qanday yo‘l tutishingiz so‘raladi. Ba’zan juda noqulay savollar kelib qoladi (bu Google’da emas-u, Amazonʼga topshirganimda berilgan). Aytaylik, ish jarayonida qaysidir hamkasbingiz ishini qilmasdan, o‘yin o‘ynab yoki kino ko‘rib o‘tiribdi, shu vaziyatda qanaqa yo‘l tutgan bo‘lar edingiz degan savol berilgan. Javob berish qiyin bo‘lgan, chunki aynan shu holatga avval ishlagan joyimda duch kelganman, biroq uning o‘ziga yoki boshliqqa hech narsa demaganman va shu sababli vijdonimga qarshi borib savolga javob bera olmaganman. Intervyuning algoritmik savollariga javob bergan taqdirimda ham texnik bo‘lmagan savollarga javob berolmaganim uchun taklif ololmaganman. Ya’ni siz faqat o‘zingizning ishingizni yaxshi bajarishingiz emas, jamoa bo‘lib boshqalarga yordam berishingiz ham muhim.

Savolingizdan ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, Google Markaziy Osiyo davlatlarida o‘z ofisini ochadi, deb ayta olmayman. Bunga bir nechta sabablar bor. Eng asosiysi ishonch masalasi – biror boshqa kompaniyalar ushbu davlatlardan ’outsourcing‘ qilganmi va qilgan bo‘lsa qanchalik ishonchini oqlagan? Hech qaysi kompaniya bu masalada tavakkal qilishni xohlamaydi. Keyingi omillardan biri – kompaniyaning boshqaruv kengashida o‘sha davlatning nechta a’zolari mavjudligi va bu masalada qanchalik ta’sir ko‘rsata olishida. Silikon vodiysidagi dasturchi muhandislarning katta qismi Hindiston va Xitoy davlatlaridan, va eng ko‘p CEO‘lar ham aynan Hindistondan.

Hindlar mamlakati shuning uchun ham texnologik markazga aylanib ulgurdi. Undan tashqari, davlatning texnologik infrastrukturasi hamda aholining ingliz tilini bilish darajasi ham o‘sha davlatda kompaniya filialini ochish, yoki outsourcing qilishga ijobiy ta’sir qiladi. AQShning juda ko‘p «Call center»lari Hindistonda joylashgan, chunki ular ingliz tilini yaxshi biladi va ishchi kuchi arzonroq.

Xabaringiz bo‘lsa kerak, bir necha oy ichida AQShdagi katta texnologik kompaniyalar, shu jumladan Google, Amazon, Meta, Microsoft va boshqalar ishchilar sonini keskin qisqartirib yubordi. O‘tgan yil hisobidan 160 mingga yaqin, joriy yilda esa, deyarli bir oyda 80 mingdan ziyod odamlar ishini yo‘qotdi. O‘ylashimcha, Sun’iy intellekt yaqin kelajakda bundan ham ko‘proq dasturchilar soni qisqarishiga olib keladi. Shunday ekan, Google va boshqa gigant kompaniyalar qo‘shimcha ishchi olish, boshqa davlatlarda filiallar ochish haqida o‘ylashmaydi.

Rahmat sifatida pul mukofoti va sertifikat taqdim etiladi

Har qanday mutaxassis uchun ikkita mahorat talab etiladi: hard skill va soft skill. Hard skill ishga aloqador bo‘lgan bilim, qobiliyat, tajribalarni o‘z ichiga oladi. Buni ichiga Axborot texnologiyalari asoslari, dasturlash tillari va freymvorklari, dasturlash instrumentlari, algoritmik masalalarni yechish va boshqa bilimlar kiradi. Soft skill shaxsiy fazilat va xususiyatlarni o‘z ichiga oladi. Dasturchilar ega bo‘lishi kerak bo‘lgan fazilatlarni eng muhimlarini sanab o‘tsam.

Eng birinchisi bu muloqot qobiliyati. Dasturiy loyihalarda dasturchilardan tashqari UI dizayner, tester, loyiha boshqaruvchisi, loyiha egasi va boshqalar ishtirok etadi. Loyiha qanchalik katta bo‘lsa, unda ishtirok etuvchilar soni ham shuncha oshib boraveradi. Shunday ekan dasturchilar ular bilan to‘g‘ri muloqot qila olishi, ularni eshitishi, tushunishi va o‘z fikrini aniq, ishonch bilan ayta olishi kerak bo‘ladi. Men Google’ga ishga kirib qilgan birinchi loyihamda 80 ga yaqin mutaxassislar ishlagan va bular ichida texnik bo‘lmagan soha vakillari ham bor. Ushbu loyihaning qiymati 1.8 milliard AQSh dollari bo‘lgan. Endi tasavvur qiling, ushbu 80 kishi bir birini to‘g‘ri tushunmasa, to‘g‘ri muloqot olib bora olmasa kompaniya qanchalik zarar ko‘radi.

Dasturchilar uchun talab qilinadigan keyingi eng muhim fazilat bu – jamoa bilan ishlash. Jamoaviy loyihalarda ishlaganda har kim o‘z ishinigina qilish bilan cheklanib qolmasdan, boshqalarga yordam berishni ham o‘ylashi zarur. Google’da o‘zaro yordam berishga ajoyib tarzda rag‘batlantiriladi. Agar siz kimningdir mushkulini oson qilsangiz, sizga rahmat sifatida pul mukofoti va sertifikat taqdim etiladi.

Uchinchi asosiy fazilat – sabr. Ish jarayonida dasturchilikdan umuman xabari yo‘q, boshqa kasbdagi mutaxassislar bilan ishlashga to‘g‘ri keladi. Aytaylik, dasturiy mahsulot egasi loyihaga talablarni va uni yakunlash muddatini muhokama qilganda ba’zi muammo va qiyinchiliklarni inobatga olmasligi mumkin. Dasturchi esa buni sabr bilan tushuntirishi kerak bo‘ladi. Yoki jamoaga yangi, tajribasiz dasturchilar kelganida, tajribali dasturchilar ularga sabr bilan o‘rgatishi, yordam berishi lozim.

Bu ro‘yxatni hali davom ettirish mumkin, lekin gap ko‘p cho‘zilib ketmasligi uchun ularga batafsil izoh bermasdan shunchaki aytib o‘tib ketmoqchiman. Ochiq fikrlilik (open-mindness) – boshqalar fikrini qabul qilishga ochiq bo‘lish, mas’uliyat, ijodkorlik (creativity), vaqtni to‘g‘ri boshqarish, tanqidiy fikrlash (critical thinking), moslashuvchanlik kabi fazilatlar ham borki, u va yuqoridagilarga ega bo‘lgan mutaxassislar yuqori lavozimlarga ko‘tarilishiga yordam beradi.

Ilmiy izlanishlar uchun dasturlar yozganman

Mustaqil dasturiy loyihalarni asosan universitetda o‘qib yurganimda yaratganman. Janubiy Koreada Kompyuter tarmoqlari xavfsizligi yo‘nalishida magistraturada o‘qib yurgan paytlarim, bir necha ilmiy izlanishlar uchun dasturlar yozganman. Ulardan asosiy ko‘zlangan maqsad kompyuter tarmoqlaridagi hujumlarni aniqlash va serverlarni ulardan himoya qilish. Shu o‘rinda qiziq bir voqeani aytib ketmoqchiman. Ilmiy izlanishlar uchun qilgan loyihalarimdan birida, tajriba uchun mahalliy tarmoq (local network) tuzdim. Unda himoyalanishi zarur bo‘lgan server, odatiy tarmoq mijozlari (network client), hujumchi va himoya kompyuterlari mavjud edi. Tajribaning maqsadi himoyachi dasturni samaradorligini ko‘rsatish edi. Himoya dasturi muvaffaqiyatli ravishda mahalliy tarmog‘imdagi serverni himoya qila oldi, lekin, mahalliy tarmoq internetdan uzilmay qolib ketgan ekan, hujumchi kompyuter universitet serverlariga ham hujum qilib, fakultetimizni bir qancha vaqt internetsiz qoldirgandi.

Odamlarni erinchoq ham qilib qo‘ydi

Har qanday kitobsevar birinchi navbatda o‘qishi kerak bo‘lgan kitob deb «Kitobni qanday o‘qish kerak: hikmat bilan o‘qish uchun mumtoz qo‘llanma» («How to Read a Book: The Classic Guide to Intelligent Reading» by Mortimer J. Adler, Charles Van Doren) hisoblayman. Bu kitobda o‘qishning texnikalari, samarali o‘qish, turli mavzulardagi kitoblarga qanday yondashish kerakligi, biror mavzuda ilmiy izlanish qilganda qanday kitoblarga murojaat qilish kabi o‘ta muhim mavzular muhokama qilinadi. Kitob biroz zerikarli tuyulsada, murakkab mavzulardagi kitoblarni o‘qishdan qo‘rqmaydigan har qanday kitobxon uchun koni foyda.

Keyingi o‘rinda «Bahonaga o‘rin yo‘q!: O‘z-o‘zini intizom qilish qudrati» («No Excuses!: The Power of Self-Discipline» by Brian Tracy) kitobni o‘qishni tavsiya etaman. Har qanday sohada muvaffaqiyatga erishish uchun kuchli intizom talab etiladi, va ushbu kitob ko‘plab nazariy va amaliy maslahatlar beradi.

Uchinchi maslahat beradigan kitob «Diqqat. Chalg‘ituvchi dunyoda muvaffaqiyat sirlari» («Deep Work. Rules for Focused Success in a Distracted World» by Cal Newport).

Tan olish kerak, IT hayotimizni juda yengillashtirishi bilan bir vaqtda odamlarni erinchoq ham qilib qo‘ydi. Ijtimoiy tarmoqlar, yengil va ko‘ngilochar ma’lumotlarning serobligi aqliy mehnat uchun muhim sanalgan diqqat (fokus) qilish qobiliyati susaytiridi. Bugungi kunda ushbu chalg‘ituvchi omillarni qanday qilib chetlab o‘tish va muvaffaqiyatga erishish haqida sizga ham qiziq bo‘lsa bu kitobni albatta o‘qing.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring