Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bola, ko‘rsichqon, tulki va ot» yoki nima uchun bu multfilmni ko‘rishingiz kerak?

«Bola, ko‘rsichqon, tulki va ot»  yoki nima uchun bu multfilmni ko‘rishingiz kerak?

Britaniyalik rassom va yozuvchi Charli Makkizi 2019-yilda «Bola, ko‘rsichqon, tulki va ot» ertak kitobini nashrdan chiqardi, shundan so‘ng 2022-yil asar asosida multfilm ishlandi.

Ma’lumot uchun: «Bola, ko‘rsichqon, tulki va ot» Britaniyaning BAFTA va Annie Awards mukofotlarini, keyinchalik «Oskar» ni qo‘lga kiritgan.

Multfilm krot, ya’ni kichkina yer ostida yashaydigan ko‘rsichqon bilan ismsiz bolakayning tanishuvidan boshlanadi.  

 

– Katta bo‘lganingda qanday bo‘lishni xohlaysan?

– Mehrli inson.

– Hm... dunyoda mehrdan boshqa hech qanday qimmatli narsa yo‘q. Hayotda shunchalar ko‘p go‘zallik borki, bularning barchasini saqlash kerak.

Multfilmdagi dialoglar o‘zining soddaligi, aniqligi bilan ta’sirli.

Bosh qahramon bolakay g‘amgin, o‘ychan, yolg‘iz. U jigarrang rangda tasvirlangan.  

Uning do‘sti mo‘ynali hayvoncha esa narsalarni farqlashda qiynaladi, shuning uchun u daraxt o‘rniga tortni ko‘radi, qor o‘rnida shakar. Lekin xato qilganini anglab, tushkunlikka tushmaydi va doim yaxshilikdan umidvor...
Yo‘lda ko‘rsichqonga tulki hamla qiladi va bir ozdan keyin o‘zi qopqonga tushadi. Multfilm davomida aniq bo‘ladiki, tulki umuman qo‘rqinchli emas.

Filmda unchalik ko‘p ranglar yo‘q, oq qor, barglarsiz qoramtir shoxlar, muz ostidan yo‘l olayotgan daryo va qor ko‘chkilari. Har bir syujet oddiy ko‘ringani bilan  qalbning eng nozik torlariga tegadi.

Bola: – Sening shioring nima?

Ko‘rsichqon: – Agar hech narsa o‘xshamasa ham tort ye...

Bolakay suvdagi aksini ko‘rib shunday deydi:

–Bu juda g‘alatiya. Biz faqat o‘z qiyofamizni ko‘ramiz, unda hissiyotlar, fikrlarimiz ko‘rinmaydi-a...

 

Bolakay bilan ko‘rsichqon yo‘l, yuradi yo‘l yursa ham mo‘l yurib qorong‘u tushgach bir joyda to‘xtashadi.

Shunda ko‘rsichqon deydi:

–Tasavvur qil biz qo‘rquvlarimiz o‘rniga orzu qilishni o‘rganganimizda edi. Senga masalan nima kerak?

–Menga issiq, xavfsiz uy kerak, lekin bu uy qanaqa bo‘ladi, men bilmayman.

Multfilm mehribon va ta’sirchan, ammo buni tushunish va his-tuyg‘ularingizni tartibga solish uchun vaqt kerak bo‘ladi... Qalbingizdagi kechinmalarni gapirish oson bo‘lmagan multfilm. Undagi to‘rt qahramon ham bitta odamning ichiga joylashgan xarakter aslida.

Multfilmni tomosha qilayotgan odam bolakayning yupun kiyimiga e’tiborsiz qolmaydi. Hammasini mukammal yoritgan ijodkor nahotki uni qalin kiyintirishni unutgan bo‘lsa deb o‘ylaysiz. Yo‘q unutmagan. Multfilm davomida mo‘ynali hayvoncha uni isitib boradi. Ya’ni tashvishsiz sichqonning vazifasi bolani issiq tutish, qolaversa u qo‘rquvdan yashirinish uchun joy kerak. Ularning yana bir hamrohi ot...bu haqda keyinroq.

Biz yovvoyi va vajohatli deb o‘ylagan tulkining ham qalbida aytishi kerak bo‘lgan gaplari bor. Ular yo‘lda davom etadi.

 

Bolakay: – Tulki biz bilan umuman gaplashmayapti.

Ot:  – Gapirmasayam uning biz bilan birgaligi yaxshi.

Multfilmdagi ot bolaning ichidagi eng donishmand odamcha.

Tulkining ushbu fikriga otning javobini eshiting-a.

Tulki: – Agar rostini aytadigan bo‘lsam, men eshitishni unchalik qiziq emas deb o‘ylayman.

Ot: – Rostgo‘ylik aslida juda qiziqdir.

Yo‘lda bolakay otdan yiqilib tushib yig‘laydi.

 

Shunda ot aytadi: – Bilasanmi ko‘z yoshlar shunchaki oqmaydi. Ular sening kuchsizliging emas, balki sening kuchingdir.

Bolakay: – Sen menga hatto o‘zimdan ham ko‘proq ishonasan. Sening eng muhim va qat’iy turib ayta olgan gaping qaysi bo‘lar edi?

Ot: – Yordam bering... Sen yordam so‘rashdan uyalma. Yordam so‘rash bu yengilishni istamaganing, yengilmaslik uchun yo‘l qidirishdir.

Ko‘rsichqon: – Men sizlarni yaxshi ko‘raman, deb aytish menga juda qiyin. Men yaxshisi bu gapni shunday ifodalayman: «Sizlar bilan birgaligim juda yaxshi».

Ular biroz yugurishadi, o‘ynashadi. Shunda bola aytadi, o‘rtoqlaring bilan birga hech narsa qilmaslik bu bekorchilik emas to‘g‘rimi...

Ko‘rsichqon: – O, men qanchalar kichkinaman.

Bolakay: – Ha, ammo sen juda katta ahamiyatga egasan.

«Bola, ko‘rsichqon, tulki va ot» – tasvirlash qiyin bo‘lgan multfilm. Bu hayotiy, lekin ayni paytda teatrlashtirilgan. Bu samimiy va tushunish qiyin, intuitiv va haddan tashqari hayajonli, o‘yga toldiradi. Bu hamma uchun – juda yosh tomoshabinlar uchun, endigina fikr yuritishni o‘rganayotganlar va hayotda hamma narsani aytishga ulgurganlar, hech qachon hech bir gapini aytolmaganlar, aytolmay mehrni izhor qilganlar uchun.

«O‘ylaymanki, bu ertak orqali yaratilgan multfilm boshqalar bilan hayotni qanday baham ko‘ramiz, qanday muloqot qilishimiz kerak mana shu haqda, – deydi kitob muallifi Makkizi bir  anjumanda. – Bu kitob ruhiy sog‘lomlik haqida emas. Bu borliq haqida, bu inson bo‘lish haqida, bu muloqot va umid, qo‘rquv va zaiflik haqida.»

Prodyusser Cara Spellerning so‘zlariga ko‘ra,  suratga olish taxminan ikki yil davom etgan: «Butun multfilmni ishlash davomida bizda 20 mamlakatdan 120 nafar rassom bor edi!»

Vizual dizayn guruhi ilhom olish uchun Shimoliy Angliyadagi Nortumberlendning ko‘plab fotosuratlarini, qor ostidagi landshaftlarni, turli ob-havo va yorug‘lik sharoitlarini ko‘rib chiqishadi. 

«Shubhasiz, siz film suratga olganingizda, kitob yozganingizda yoki shunga o‘xshash biror narsa qilsangiz, odamlar siz hech qachon o‘ylamagan yoki oldindan ko‘ra olmagan yoki hatto tasavvur ham qila olmagan har xil narsalarni qabul qilishadi – va ular hamma narsaga har xil munosabatda bo‘ladi»,  – deydi Makkizi. – Men umid qilamanki, odamlar buni tomosha qilishdan zavqlanishadi va o‘zlarini yaxshi his qilishadi,  o‘zlariga va boshqalarga ko‘proq umid berishadi, tasalli va mehr-muhabbatni his qilishadi...»

Bola: – Qo‘rqamanki, men hech qachon uyimni topolmayman.

Tulki: – Men nimani anglab yetdim. Seni qadrlashadi, seni sevishadi, sen dunyoga juda keraksan, shuning uchun bardam bo‘l, ishonchingni yo‘qotma. Hech qachon esingdan chiqarma, sen qanday bo‘lishingdan qat’iy nazar yaxshisan...

Ot: – Men sizlardan bir narsani yashirganman. Men ucha olaman, ammo uchmay qo‘yganman. Sababi do‘stlarim menga hasad qilishgan.

Bolakay: – Biz seni yaxshi ko‘ramiz sen uchasanmi yoki yo‘qmi, baribir biz seni yaxshi ko‘ramiz.

Bola: – Xayr, men sizlarsiz zerikaman, sizlarni sog‘inaman. Uy albatta bu joy, makon degani emas, sizlar men haqimda bilasizlarmi, baribir meni yaxshi ko‘raverasizlarmi?

Ot: – Biz seni oldingidan ham ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘ramiz. Shuning uchun shu yerdamiz, birgamiz mehr berish, sevish va sevilish uchun...

Ha, barchamiz shu multfilmni ko‘rish uchun shu yerdamiz, ko‘proq mehrli bo‘lish, mehr olish uchun.  

                                                                                                           Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring