Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhokamalar markaziga chiqqan qaror loyihasi jamoatchilikka e’lon qilinadi

Muhokamalar markaziga chiqqan qaror loyihasi jamoatchilikka e’lon qilinadi

So‘nggi kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoq faollari tegishli vazirlik va idoralarda hamda o‘zlarida mavjud, biroq jamoatchilik uchun oshkor qilinmagan «Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida»gi qaror loyihasini keng muhokama qilmoqda.

Jumladan, bloger Qobil Xidirov o‘zining telegram kanalida ushbu hujjat soyadagi iqtisodiyatga qarshi kurashish borasida qator yangiliklarni amaliyotga olib kirayotgan bo‘lishi bilan birga ayrim o‘rinlarda aholi va tadbirkorlar uchun «tuzoq» qo‘yayotganiga ham ishora qiladi.

Bu haqda bir muddat oldin «Qora xalqning cho‘ntagiga qo‘l tiqishga urinish adolatsizlikdan boshqa narsa emas» sarlavhali material e’lon qilgan edi. 

Savdo-sanoat palatasi bu borada rasmiy munosabat bildirib, joriy yilning 27 aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ushbu hujjat loyihasi atroflicha muhokama qilingani hamda Kengash a’zolari tomonidan loyiha bo‘yicha konseptual takliflar bildirilganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Kengash yig‘ilishida mutasaddilar tomonidan ushbu qaror loyihasi bugungi kunda tegishli vazirlik va idoralar bilan o‘rnatilgan tartibda idoraviy kelishish jarayonida ekanligi hamda Kengash a’zolarining takliflari asosida qayta ko‘rib chiqilishi aytilgan.

Shuningdek, Palata mazkur hujjat loyihasi Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazishdan oldin yana bir bor Kengash muhokamasidan o‘tkazilishini ta’kidlamoqda.

Shu bilan birga, hujjat loyihasi Hukumatga kiritilishidan oldin amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda regulation.gov.uz portali orqali  jamoatchilik fikr-mulohozasini o‘rganish va takliflarini olish uchun keng jamoatchilik muhokamasidan ham o‘tkaziladi.

«Ushbu jamoatchilik muhokamalari (tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning maslahatlari hamda tavsiyalari) asosida loyiha to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi tartib-taomillar va talablar bartaraf etilgandan so‘ng loyiha Hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi», – deyiladi SSP munosabatida. 

Shuningdek, P2P o‘tkazmalarini nazorat qilishga navbatdagi marta urinib ko‘rayotgan Sherzod Kudbiyev boshliq Soliq qo‘mitasi ham ushbu hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinishini bildirish bilan birgalikda Qo‘mita «har bir soliq to‘lovchining fikr va mulohazalarini hurmat qilishini, so‘nggi vaqtlarda amaliyotda ishlab turgan normalarga bir necha yengilliklar kiritilgani buning dalili ekanligini, shuningdek, bundan keyin ham soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish idoraning muhim vazifasi bo‘lib qolishini» iddao qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring