Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yuzaki dars bo‘lyapti hamma yerda» — talabalar onlayn ta’lim sifatidan shikoyat qilmoqda

«Yuzaki dars bo‘lyapti hamma yerda» — talabalar onlayn ta’lim sifatidan shikoyat qilmoqda

Kuni kecha ismi oshkor etilmasligini iltimos qilgan talaba oliy ta’lim muassasasi rahbariyatidan o‘ziga nisbatan bosim bo‘lganini tasdiqlovchi audioyozuv jo‘natdi. U onlayn darslar sifatsizligi, dars payti o‘qituvchilarning onlayn emasligidan ijtimoiy tarmoqlarda shikoyat qilgan. Oliy ta’lim muassasasi dekani esa talabaning bu tanqidlari uchun telefon orqali unga dashnom bergan.

Quyida OTM dekanining ayrim gaplarini keltiramiz:

«Nima bunaqa yozyapsiz «Telegram» guruhlarga?! Og‘zim bor deb hamma narsani yozavermaydi! Nega nuqul shunaqa yomon taraflarini ko‘rish kerak?! Men hammasini o‘qib chiqyapman! Qaysi guruhga a’zosiz, nima yozyapsiz – hammasini o‘qib chiqyapman! Bo‘lmasa, bitta tashkilotga rahbar bo‘lib, hamma narsani zo‘r qilib qo‘yingchi! Yaxshi narsalarni ham yozish kerakmi?! Bunaqada hech narsaga erisha olmaysiz!

Butun dunyoda shuncha odam o‘lib ketyapti! Armaniston bilan Ozarbayjonda qancha, Pokistonda qancha, Qirg‘izistonda qancha, Afrikada millionlab odamlar... Sizga o‘xshaganlar o‘lib ketayotgan paytda bizda yaxshi ishlar bo‘lyotganini yozishi kerakmi?! Yo nuqul minus tomoni, falon-pismadon yozish kerakmi?!.

Men sizning fikringizni o‘zgartirmoqchiman! Hamma qo‘llab-quvvatlanadigan paytda sizning haqqingiz yo‘q minus tarafni yozishga! Hech kimning ham haqqi yo‘q! Qani, dadangiz, onangiz bormi, bering telefonni!»

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida shunday yozilgan: «Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega...»

Shunga qaramay, bugun ayrim OTMlarda darslardan qoniqmay, e’tiroz bildirgan talabalar yuqoridagi kabi holatlar ishtirokchisiga aylanayotgani bor gap. Onlayn darslar sifati, qay tarzda olib borilayotganini bilish maqsadida bir nechta talabani savolga tutdik:

Onlayn darslar sifatidan qoniqyapsizmi, darslar qanday ketyapti?

Asadbek, Toshkentdagi universitetlardan birida tahsil oladi, 1-bosqich:

«Onlayn darslardan umuman qoniqqanim yo‘q. Faqat umr o‘tyapti, xolos. Umuman foydasi bo‘lmayapti. Yuzaki dars bo‘lyapti hamma yerda. Men uy ishlarini qilib yuribman. Mol-hol, dala ishlari... Hatto «Moodle»ga (masofaviy ta’lim tizimi) kechagina kirdim. Biz tizimga narsa yozib, jo‘natib qo‘yyapmiz, lekin uni kimdir o‘qiyaptimi, bilmaymiz».

Dars boshlanganda o‘qituvchi onlaynmi?

Xudoyberdi G‘ulomov, 1-bosqich talabasi:

«Yo‘q, biz «Moodle»ga kirganda o‘qituvchi kamdan-kam onlayn bo‘ladi. O‘qituvchi bilan aloqa kam...»

Qodirjon, 2-bosqich:

«Dars vaqtida o‘qituvchi «Moodle»da yo‘q bo‘ladi. Yoki umuman kirmaydi, yo kech kiradi. Nomiga o‘qib yurgandek bo‘lyapmiz».

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, oldin talabalar internet tezligi pastligi sabab darslarda qatnasha olmayapmiz degan bo‘lsa, endi internet tezligi yaxshi bo‘lganda ham darslar yaxshi o‘tilmayotganini aytishyapti...

O‘z haq-huquqini talab qilganlik uchun yuqoridagi kabi ta’nayu dashnom, bosimlarga uchrayotgan talabalardan qanday qilib zo‘r kadrlar chiqishi mumkin?!

Tegishli vazirlik va mutasaddi tashkilotlardan ta’lim sifatiga, oliy ta’limdagi bu muammoga e’tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz.

Hamroh,
talaba

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring