Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sayyohga nos purkagan taksichi, hojatxona vazifasini o‘tovchi qamishzor: turizm sohasi muammolariga nazar

Sayyohga nos purkagan taksichi, hojatxona vazifasini o‘tovchi qamishzor: turizm sohasi muammolariga nazar

Bugun jahonda turizm sanoati global iqtisodiyotning muhim sektoriga aylandi. Hattoki ba’zi davlatlarda sayyohlik — mamlakatning drayveri, ya’ni rivojlanish kuchiga aylangan. Biz ham shu yo‘ldan ketayotgan va  imkoniyatlari yuqori bo‘lgan hududlardanmiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 iyun kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, dunyoda iqtisodiy vaziyat qiyinlashgan hozirgi sharoitda ko‘proq ish o‘rni yaratadigan, sarmoya va eksportni ko‘paytiradigan sohalarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Turizmda bunday salohiyat katta. Bu sohaga yo‘naltiriladigan har bir dollar kelgusida 3-4 barobar daromad keltiradi. Har bir yangi ish o‘rni boshqa tarmoqlarda yana 2 ta ish joyi hosil qiladi.Mamlakatimizda tarixiy, madaniy va xushmanzara go‘shalar ko‘p. Ularning negizida turizm maskanlari, mehmonxonalar barpo etildi. Tartib-taomillar soddalashtirilib, sayyohlik biznesiga qulaylik yaratildi. Sayyohlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida turizm politsiyasi tashkil etildi.

Albatta, yig‘ilishda yuqoridagi kabi erishilgan natijalar va kutilayotgan loyihalar bilan bir qatorda tanqidiy fikrlar ham yangradi. Darhaqiqat, mazkur sohaning rivojlanishida ushbu sektordagi har bir element hisobga olinishi va parallel tarzda yuritilishi taqozo etiladi. Avvalambor, biz sayyohlarga xizmat ko‘rsatishda, ularga bir martalik mijoz sifatida qaramasligimiz kerak. Afsuski, keyingi paytlarda ularga xizmat ko‘rsatuvchi har bir soha vakilida, avvalo ularni «cho‘ntagini qoqish» maqsadi ustuvor. Shuningdek, bugun soha rivojida eng og‘riqli nuqtalarimiz, islohotga muhtoj yo‘nalishlar ko‘p, shulardan biri — logistika xizmati. Ma’lumki, sayyohlar O‘zbekistonga kelgandan keyin birgina shahar yoki bir manzilga emas, birato‘la bir nechta nuqtalarga borishni rejalashtiradi. Bunda esa shaharlararo logistika masalasi eng muammoli jihatlardan biridir. Turistlar har doim ham guruh-guruh bo‘lib, poyezdda, avtobusda sayohat qilmaydi va ko‘pincha xususiy taksilarga chiqishga majbur bo‘ladi.

Bir safar Buxoro shahridan Samarqandga rossiyalik turist bilan hamroh bo‘lib kelgan edim. Taksichi mahalliy mijozlarga alohida, mehmonga alohida narx belgiladi. Bu borada u ancha tajribali ekan. Xullas, undan yo‘l haqini ikki baravar undiradigan bo‘ldi. Sal harakatlangach sayyoh haydovchidan konditsionerni ishlatishini suradi. U esa bunga javoban: «mana konditsioner», deb ikkita oynani baravariga ochib yubordi. Kamiga nos kapalab, kaftini o‘z odatiga ko‘ra, mashina saloni bo‘ylab puflab yubordi. Nos zarralariga to‘yingan sayyohda allergiya bor chog‘i, keta-ketguncha yo‘talib ketdi.

Haydovchi yo‘l-yo‘lakay metan gaz shoxobchasiga hech gap so‘zsiz  mashinani to‘g‘riladiyu, indamay tushib ketdi. Xorijlik yo‘lovchi hayron bo‘lib, «nima bo‘ldi, biz manzilga yetib keldikmi», deb so‘radi. Yo‘l-yo‘lakay haydovchi manyovrlar qilar va boshqa «mahoratlari»ni namoyish etar, ayniqsa, mashina qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotganda mehmon seskanib ketib, haydovchidan bir necha marta sekin yurishini iltimos qildi. Avantyurist taksichi qani endi o‘z bilganidan qolsa. Shubhasiz, sayyoh mashinadan ancha ko‘ngli xira tortib tushdi. Turist bilan xayrlasha turib, keyingi rejalari bilan qiziqdim, u avvalo yo‘l davomidagi stressni bartaraf etib, ertaga Samarqanddan to‘g‘ri Tojikistonga o‘tib ketishini bildirdi. Men unga Samarqanddan  Shahrisabzga yoki Zominga o‘tishini maslahat berdim. U esa nimtabassum holda bosh chayqab qo‘ya qoldi.

Yana bir holatda esa Toshkentdan Samarqandga jo‘nayotgan taksida bir yigit italiyalik turistni «Samarqand Plaza» mehmonxonasiga borishini bildirib, kuzatib yubordi. Sayyoh uchun to‘langan yo‘lkira odatdagidan sal ortiqroq bo‘lsa-da, taksichi norozilik bildirib, kuzatuvchi yo‘l haqidan o‘ziga «urib qolgani»ni aytib nolib qoldi. Shu norozilik kayfiyatida kelib, go‘yo kuzatuvchidan yoki bu jarayonda aybsiz sayyohdan o‘ch olmoqchi bo‘ldi chog‘i, xorijlik yo‘lovchini «Samarqand Plaza»ga emas, boshqa yo‘nalishdagi eski «Samarqand» mehmonxonasiga tashlab ketmoqchi bo‘ldi. Biz yo‘lovchilarning aralashishimiz bilan taksichi uni zo‘rg‘a tegishli manzilga olib borishga ko‘ndi. Aks holda begona shaharda manzilga borolmagan sayyoh qanchalar abgor bo‘lar edi.

Biz ahamiyat bermaydigan bu kabi kichik jihatlar hudud turizmi imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Shuning uchun har bitta turistik agentlik, mehmonxona qoshida sayyohlar uchun maxsus taksi xizmati yo‘lga qo‘yilsa yaxshi bo‘lardi. Taksilar sifati, narxi talab darajasida bo‘lsa, konditsioner ishlasa, ularga malakali haydovchilar jalb qilinib, shoshilmay me’yoriy tezlikda harakatlansa, sayyohlardagi stresslar o‘rnini o‘zgacha taassurotlar egallarmidi. 

Ushbu sektordagi yana bir muammo — mehmonxonalar. Ularning kamligi yoki shart-sharoitlar yetishmasligi. Mehmonxonalar vodiy viloyatlari, Samarqand va Jizzax shahrida biroz qanoatli bo‘lsa, Qarshi, Buxoro shaharlarida ularning soni kamroq yoki sifatiga qaraganda narxi qimmat. Qarshi shahrida bir nechta uch yulduzli mehmonxonada sanuzel yaxshi ishlamasligi yoki yotoq jildlari g‘ijim bo‘lishi, sochiqlar dog‘, hatto yirtiq bo‘lishini ham kuzatish mumkin. Shuningdek, nomerlardagi deraza pardalari eskiligi, konditsioner, muzlatkich yoki televizor va boshqa jihozlarining risoladagidek emasligi sayyohlar ko‘nglini xijil qilishi aniq. Shu masalada «yulduz» nishonini joriy etish tamoyili o‘zi bizda qanday? Bu soha qaysi mezon asosida va kim tomonidan baholanadi? Menimcha, bu yulduzlar mehmonxonalar tomonidan o‘z-o‘ziga joriy etilsa kerak. Aks holda yuqoridagi holatlar uchramas edi.

Navoiy shahridagi mehmonxonalarda xizmat sifati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, u yerdagi  mehmonxonalarning soni kam, yetarli emas. Buxorodagi ba’zi mehmonxonalarda esa qish pallasi isitish tizimi yaxshi ishlamaydi. Shuningdek, nonushtaga kechagi ovqatni, bir kun avvalgi desertni tortishadi. Darvoqe, mehmonxonalardagi nonushta haqida. Ular hech qachon mijozlar talabiga ko‘ra emas, balki mehmonxona ma’muriyati ta’biga ko‘ra, imkon qadar arzon masalliqlar hisobiga tortiq qilinadi. Bu jarayonda ham sayyohlarning talab va istaklari inobatga  olinsa o‘rinli bo‘lar edi.

Turizm rivojidagi yana muammoli yo‘nalish bu — sanuzellar masalasi. Yo‘l bo‘ylarida, hatto shahar markazlarida ham bu masala og‘riqli bo‘lib qolmoqda. Yo‘lda ketayotib aksariyat sayyohlar yoki yo‘lovchilar bu ehtiyojini yoqilg‘i quyish shoxobchalarida qondirishi mumkindir. Yoqilg‘i shoxobchalari uchramasa-chi? Yantoq panasida yengillaydimi yoki qamish ortida? Hatto katta shaharlarda ham bu ehtiyoj tug‘ilsa yo bozorlar atrofida yoki biror kafedagi hojatxonaga kirilmasa, boshqa alohida xizmat yo‘lga qo‘yilmagan.

Albatta, biz turizm sohasini rivojlantirishni istasak, avvalo yuqoridagi kabi muammolarni bartaraf etishimiz va bu borada muvaffaqiyatga erishgan davlatlar amaliyotini, trendlarini qo‘llashimiz taqozo etiladi. Shundagina turizm sohasi barqaror daromad keltiruvchi drayver sohalardan biriga aylanishi mumkin.  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring