Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mansabda pulga «cho‘milib», qamoqda «maktab ko‘rgan» o‘qituvchi hikoyasi

Mansabda pulga «cho‘milib», qamoqda «maktab ko‘rgan» o‘qituvchi hikoyasi

2016 yilda Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tumani sudi tomonidan ko‘rilgan ishda g‘ijduvonlik maktab direktoriga nisbatan uch yil muddatga qamoq jazosi tayinlangan. Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan M.S. jazo muddatini o‘tab bo‘lgach, bir necha yil muhojirlikda yashagan. «Xabar.uz» M.S.ning hikoyasini tingladi.

Har gal otam aytib bergan rivoyatni eslaganimda, «o‘qituvchi»dek ulug‘ maqomni «mahbus» degan po‘stin bilan almashtirib qo‘yganimni o‘ylab, ich-ichimdan ezilaman. Otam so‘zlab berishicha, Hazrat Alisher Navoiy bir qabriston oldidan o‘tib ketayotganlarida otdan tushib piyoda ketadilar. Ularning bu holatini kuzatib turgan navkaru a’yonlar ham uning izmiga bo‘ysunadilar.  Yana yo‘llarida davom etar chog‘lari bu holatning sababini so‘raganlarida Hazrat: «Bu yerda menga ta’lim bergan ustozlar yotishibdi. Ularning qabri oldidan ham ot ustida o‘tish o‘ta ketgan hurmatsizlik bo‘lardi», — degan ekan. Ko‘ryapsizmi, Navoiydek ulug‘ daho shunchalik hurmat bilan tilga olayotgan o‘qituvchilar qanchalik marhamatga munosib.

Bugun afsuski o‘qituvchilar orasida ham arzimas chaqalar uchun o‘z vijdonini sotib, oila tebratayotgan, boylik to‘plashga mukkasidan ketgan, mansab talashishdan toymaydiganlar yo‘q emas... Shulardan biri menman. O‘tkinchi dunyo boyliklari kimga vafo qilibdiki, barcha narsani tushunib-bilib turgan menga vafo qilgan bo‘lsa...

Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblar ichida eng sharaflisi o‘qituvchilikdir. Menga Alloh shu sharafni nasib qilgan edi. Fizika fani o‘qituvchisi edim. O‘quvchilarga bergan ilmlarim, tashabbuskorliklarim yuqoridagilarga ma’qul keldimi, 2012 yilda meni G‘ijduvon tumanidagi maktablardan biriga direktor lavozimiga tayinlashdi. O‘shanda atrofdagi tanish-bilishlar meni lavozim bilan qutlashganda, birgina otam: «Yaxshilik bo‘lsin-da, ilohim, mansab yo‘ldan ozdirmasin hech kimni, shu qatorda seni ham. Kibrli bo‘lma, nafsingga erk berma!» — dedi. Men esa shu topda otamga: «Xursand bo‘lish o‘rniga, menga mansab berishganini ko‘ra olmayapsiz, undan ko‘ra, duo qiling, martabam yanayam oshsin. Bir umr dalada timirskiladingiz, nima topdingiz? Xuddi alam qilgandek gapirasiz-a, ota!» — deya jazavam tutib, baqira ketdim. «Hay-hay-hay, o‘qituvchisan-a, darrov olov bo‘lib yonasan. Bundoq katta gapirganda, jim tur, nasihatini ol. Otang senga to‘g‘ri bo‘l, deyapti, xolos», — deya tinchlantirgan bo‘ldi onam. Direktorlikka tayinlanganimning ilk tongida otam va onamning maslahatiga qo‘l siltab, ishga shoshib chiqib ketdim...

Bilmadim, o‘shanda otamning ko‘nglini qattiq o‘ksitgan ekanmanmi, xuddi uning oqibatlarini peshonam devorga urilgandan keyin ko‘ra boshlagandek bo‘ldim..

Men direktorlikka tayinlanganimda, maktab o‘qituvchilari ko‘p edi. Bank plastik kartalar orqali pul olish tizimi deyarli rivojlanmagan edi. Ularga tushadigan maosh ham ozmuncha emas. Yuragimni kibr, ko‘zlarimni nafs hirsi bosdimi, bilmadim, yo‘ldan ozdim.

Ilgaridan maktabda bosh hisobchi lavozimida ishlab kelgan ayol bilan barcha pullik ishlarni «kelishuv» asosida qilardik. U menga pul «ishlash»ning turli yo‘llarini o‘rgatardiki, «e-e, maktabdayam shunaqa soqqa qilsa bo‘larkan-ku!» — deya o‘zimni xuddi yettinchi osmondagidek his qilardim. 2012-2013-o‘quv yillari davomida muassasa xodimlarining  bank plastik kartalariga ularning oylik ish haqi vedomostlarida  belgilangan edi. Vedemostda belgilangan summadan ortiqcha pul mablag‘larini plastik kartalarga o‘tkazardik. 2014 yilning yanvar oyidan boshlab esa, maktab xodimlarining ish haqlarini to‘lash to‘liq bank plastik kartalari orqali amalga oshirilishi belgilandi. Ana shu yillar xuddi pulga «suzardik». Otamning maslahatiyu, onamning tanbehi allaqachon unutilgandi. Maktab xazinasidan  naqd pul mablag‘lari kirimi va chiqimi  amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, 2016 oktyabr oyiga qadar bo‘lgan davr mobaynida  ayrim xodimlarning amalda bajarmagan vazifasi uchun asossiz haq to‘lab kelishdan ham toymagandim. O‘shanda bu kabi asossiz to‘langan haqlar anchagina ekanini eslasam, bugun vijdonim xuddi titilib ketgandek bo‘ladi.

2013 yilning avgustidan 2016 yilning sentyabr oyiga qadar bo‘lgan davr hujjatlari tekshirilganda, jami 23 ta holatda xodimlarga o‘rindoshlik asosida o‘tilgan dars soatlari uchun  asosiy dars soati sifatida ish haqlari hisoblanganini, ayrim tanish o‘qituvchilarga o‘tilmagan  dars soatlarining  qo‘shib yozilgani, 16 ta holatda malaka oshirish kursida bo‘lgan  o‘qituvchilarga  ortiqcha ish haqlari hisoblab borilgani, budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani... hamma-hammasi fosh bo‘ldi.

Sud ishi ayblovimda — «o‘lik jon»larga ish haqi, ish soatlarini qo‘shib yozish, bosh hisobchi tomonidan yangi ishga qabul qilingan yoki plastik kartochkasi bo‘lmagan o‘qituvchilarning ish haqlarini boshqa o‘qituvchining plastik kartochkasiga o‘tkazish jarayonida ustama hamda pedyuklama foizlari ortiqcha hisoblanish  holatlari borligining ko‘rsatilgani tuhmat yoki bo‘hton emas edi.  Bulardan tashqari, maktab sport zalini ijaraga berib, yaxshigina daromad topish uchun yo‘ldan ozganlarimni eslashning o‘zi men uchun bugun azob.

Ishonasizmi, o‘shanda kibru-nafsga berilib ketgan onlarimni eslasam, yuragim xuddi bo‘g‘zimdan otilib chiqqandek hapriqib ketaman. Qilmishlarim ortidan uch yil panjara ortida o‘tirdim. Vijdon azobi panjara ortida o‘tirishdan qiyin ekan. Maktabda 9 yil tahsil oldim, kollejlardan birida 3 yil saboq chiqardim, 4 yil oliygohda o‘qidim. Ammo, men haqiqiy «o‘quvchilik»ni 3 yil turmada «o‘tadim».  

O‘ylab qarasam, 16 yil ilm-fan yo‘lidan, mansab va uning suiste’moli yo‘lidan ketibmanu, kitob o‘qishga va uning mazmun-mohiyatini uqishga vaqt sarflamagan ekanman. Ota-onamning pandu-nasihatini o‘zimga iddao, deb bilgan ekanman. Noshud ekanman, ko‘r ekanman. Bugun jismim ham, ruhim ham azobda.

Qamoqdan jazo muddatini o‘tab qaytganimdan so‘ng uyga kelsam, hovli huvillab yotibdi. Bor-yo‘g‘i, uch yilda xotinim ham, ikki bolam ham tashlab ketgan.

Ularniyam tushunaman: «Otasi, yoxud eri qamalib chiqqan» degan yukni bir umr ko‘tarib yurishni o‘zlariga munosib ko‘rishmagandir. Onam ham shu dard bilan dunyoni tark etgan ekan. Birgina otam qolgan: mung‘ayib, mo‘ltirab, yo‘llarimga ko‘z tikib. Hech bir ota-onaga farzandi yo‘lida intizor kutishlik azobini bermasin ekan. Bir kaftdekkina bo‘lib qolibdi otaizorim. «Mansabga «mingan» chog‘imda menga tanbehgina emas, urib, tepkilasangiz ham to‘g‘ri ekan», — deya yig‘ladim, siqtadim. Baribir, hech biri notavonligimu, xurmacha qilg‘uliklarim o‘rnini bosa olmasdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, otamniyam boy berdim. O‘shanda ayni pandemiya paytlari edi. Endi to‘rt devor ortida o‘zim siyratga aylana boshlagandim. Na yaqinlarim, na bir paytlar saboq bergan o‘quvchilarim va naki direktorlik chog‘imda qo‘shimcha ustama «berganlarim» holimdan xabar olgani kelardi.

Shunday kunlarning birida ozg‘in, qorachadan kelgan o‘rta yoshli bir ayol darvozani qoqib keldi. Ayolning yuzida niqob, boshiga ro‘mol o‘ralgan. Qo‘lida yeguliklar. Yonida ikki bolasi ham bor. Anchadan buyon uyimda issiq ovqat pishmagani uchunmi, ovqatning hidi dimog‘imga urildi. Tanimasam-da, beixtiyor qo‘llarimni uzatdim. Biror bir yaqin qarindoshim, yoxud jiyanlarimmi, deb o‘ylab, kimligini so‘rashga xijolat ham chekdim.

Ayol anchadan buyon issiq ovqatga muhtojligimni sezdi, shekilli, shundoq hovli yuzidagi stolga tugunini ochib, ovqat va nonni qo‘ydi.

«Yeya qoling, amaki!» — dedi bolalardan biri.

«Rahmat... O‘tiringlar, o‘zlaringiz ham... yoki... sizlar ham qamalib chiqqan men kabi noshuddan irganyapsizlarmi?», — dedim va yana vaziyatni qo‘lga olib,— «Kovid emasman, sog‘lomman» — deya kulib ham qo‘ydim.

«Bizning qornimiz to‘q, ammo, mayli, siz bilan birga o‘tiramiz!» — dedi ayol so‘lg‘in ohangda.

Bolalar bilan chaq-chaqlashib, ovqatni «ho‘plab-ho‘plab» ichar ekanman, har zamon-har zamonda ayolning kimligini eslash uchun unga qarab-qarab ham qo‘ydim. Kosaning oxiriga yetib qolay, deganimda, titrab ketdim va qoshiq qo‘limdan tushib ketdi.

«Vasila, Vasila-a-a, meni kechir, Vasila-a-a!...» — deb bo‘g‘zimga ovqat emas, tosh tiqilgudek bo‘ldi.

2014 yil... Qish chog‘i. Qo‘shni qishloqdan kelin bo‘lib tushgan Vasila ismli qiz men direktorlik qilayotgan maktabga o‘qituvchi bo‘lib keldi. Uning kamxarj oiladan ekanini bila turib, otning kallasidek pulini olib, zo‘rg‘a ishga qabul qilgan edim. O‘shanda kelinchak aytilgan summani vaqtida keltira olmagani uchun uni qayerda ko‘rsam, «o‘tirsa o‘poq, tursa so‘poq» qilardim. Majlislardan chiqarib haydar, o‘quvchilari oldida izza qildirardim. Ishga kirib, men aytgan «soqqa»ni ikki-uch oyda to‘lab berganidan so‘nggiga biroz tinchigan edim. Biroq, 2015-2016-o‘quv yilida shu yosh o‘qituvchiga yana jabr qildim. Dars soatlarini qisqartirib tashlab, hatto, uning nomiga yozilgan va shaxsiy plastik kartasiga tashlangan pul va qo‘shimcha ustamalarni ham boshqa bir o‘qituvchining plastik kartasiga o‘tkazib berish orqali bu pullarni o‘zimning manfaatim yo‘lida ishlatib yuborgandim.

Qish kunlarining birida ish xonamga: «bolam betob» deya moddiy yordam so‘rab kelganida: «men sening eringmanmi, betob bolangga pul topib beradigan», — deya xuddi itdek qilib, yosh o‘qituvchini quvib solganman. O‘shanda ayol: «Bevaning qarg‘ishi tosh kesadi. Sizni xudoga soldim. Bir piyola suvga zor qoling!» — deya qarg‘anib chiqib ketgan edi... So‘rab bilsam, bu yosh o‘qituvchining eri yarim yilcha oldin avtohalokatda vafot etgan, ikki bolasi va keksa qaynona-qaynotasiga o‘zi bosh-qosh ekan... Men shu qadar noshud ekanmanki, hatto, qo‘l ostimdagi birorta xodimning oilaviy sharoiti tugul, uning yaqinlari vafotidan ham xabardor bo‘lmaganman. Yoki vafoti xabarini yetkazishganda ham shunchaki qo‘l siltab qo‘ya qolganman. Ichimda urib turgan yurakmi, yoxud maxluq ekanmi, bilmadim... 

Shu voqeadan ko‘p o‘tmay, maktabni «reviziya» bosib, menday nobakorning kirdikorlari fosh bo‘lgandi. Meni xudo urganiyam shu bo‘ldi-da, jurnalist opa.

...Yerga tushgan qoshiqni engashib olar ekanman, yuz tuban cho‘kib ketgandek og‘ir tosh bosgandi o‘shanda yelkamni.

«Bevaning qarg‘ishi tosh kesadi, deganing rost ekan, Vasila... Meni kechir!..» — deya oldim, xolos.

Vasila esa darvozadan chiqar oldi: «Harqalay, sizning ham peshonangizga «o‘qituvchi» degan yozuv bor. Shuning haqqi-hurmati bolalarim sizga ovqat olib chiqib turishadi. Salomat bo‘lasiz!» — dedi-da, chiqib ketdi...

Taqdirning kechmishini qarangki, Vasila bugungi kunda maktab direktori, el hurmat-izzatidagi obro‘li ayol, degan nomga musharraf bo‘libdi. Aynan shu Vasilaning sa’y-harakati bilan mening oilam, bolalarim bag‘rimga qaytishdi.

Men esa ro‘zg‘or, turmush tashvishi bilan ikki yildan ortiqroq vaqt xorijga – Moskvaning Kemerova shahriga ishlagani ketdim. Sovuq qishda qor kuradim, nam va zax yerto‘lalarda yashadim. Birovning uyida remont qilishga qarashayotib, beton quyayotganda, ikki barmog‘imdan ayrildim. Hamshaharlarimiz meni ishga yaroqsiz, deb quvishdi. Keyin o‘rislarning xandagida yashab, olti oydan ortiqroq vaqt cho‘chqa boqdim. Bir cho‘chqa bolasi o‘lgani uchun u xonadondan ham chaqasiz haydaldim. Metroda ham ishlab, baraka topmadim. Bu orada fuqarolik pasportimni ham yo‘qotib qo‘ydim. Qish-qirovli kunlarda bekatlarda, yerto‘lalarda yashab yurdim. «Domkom»lardan birining menga rahmi keldimi, hududdagi axlatxona tozalovchisi qilib qo‘ydi. Axlatxonalarga qo‘yib ketiladigan kiyim-kechak va oziq-ovqatlardan tirikchilik qilar ekanman, maktabda o‘qituvchi bo‘lib yurgan kezlarim, so‘ng lavozimga ko‘tarilib, bosar-tusarimni bilmay qolganlarim, qorni to‘q xodimlarga yondoshib, sal qo‘li kaltasiga ozor berganlarim har kuni bir-bir ko‘z oldimdan o‘tardi. «Dilozordan Xudo bezor» deb bejizga aytishmagan ekan.

Bu dunyoda mansab ham, boylik ham sinov ekan. Odamzodning ro‘shnoli ertangi kuni shu sinovdan nechog‘li yorug‘ yuz bilan o‘tishiga bog‘liq ekan.

Muhojirlikdan og‘ir ahvolda yurtga qaytdim. Bugun hovlimda sig‘indi, tanamda yarim jonman. Mana, meni shu turishim, shu yurishimda sizning ham ko‘nglingizdan: «shuyam vaqtida o‘qituvchi bo‘lgan ekanmi?» — degan kechinma o‘tar. Yo‘q, men bu muqaddas «o‘qituvchi» degan nomga nomunosib, o‘z nafsi yo‘lida shayton izmidan qolmagan, basharti kasbu-korning yuzidagi dog‘man. To‘g‘ri, sizning menga rahmingiz kelayotgandir, balki achinayotgandirsiz. Yo‘q, men shunchaki qilmishlarimga yarasha jazosini tortayotgan kasman.

Bilasizmi, qamoqda kechgan kunlarimda yuzlab kitoblar o‘qidim. Xatolarimni angladim va tavba qildim, sajdaga bosh egdim. Juda ko‘p qiynoqlar ko‘rdim. Azoblar chekdim. Muhojirlikdayam kun ko‘rmadim hisob. Ammo, har qanday vaziyatdayam bu og‘riqlar, bu sitam va sinovlar Alloh tomonidan berilayotganini tushunib yetdim va shuning uchun ham hech qachon o‘zimni o‘ldirish yoki jonimga suiqasd qilish haqida o‘ylamadim:  chunki, bu dunyoning sho‘rishlariga o‘zim sababchiman, ammo, u dunyoyimning ham kuyishini istamayman...

G‘ijduvonlik M. S.ning so‘zlarini Laylo Hayitova oqqa ko‘chirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring