Yozuvchi Shodmon Otabek vafot etdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli yozuvchi, «Xabar» gazetasining birinchi bosh muharriri Shodmon Otabek 79 yoshida olamdan o‘tdi.
Shodmon Otabek 1946 yili Andijon viloyatining Shirmonbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. 1969 yili Toshkent davlat universiteti (Milliy universitet)ni tamomlagan.
Respublika radiosi, O‘zbekiston Milliy kinokompaniyasi, Toshkent davlat madaniyat instituti va «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida ishlagan. 1992 yildan 2003 yilgacha «Xabar» gazetasida bosh muharrir lavozimida foliyat olib borgan.
To‘rt marta nashr qilingan «Do‘rmon hangomalari» kitobi Shodmon Otabekka mashhurlik keltirgan.
Shuningdek, turli yillarda uning «Mirzakalon Ismoiliy» (1978), «Yaproqdagi nur» (1979), «Odamiylik sinovlari» (1986), «Eng baxtli kun», «Qorbo‘ron», (1988, 2009), «Shaxmat abadiydir» (1990), «Shirmonbuloq oqshomlari» (1995) kabi kitoblari, shuningdek, «Yaxshi kunlarda ko‘rishaylik», «Birkam dunyo» qissalari chop etilgan. 2010 yili «Mirzakalon Ismoiliy saboqlari» kitobi nashrdan chiqqan.
Shodmon Otabek badiiy tarjima bilan ham jiddiy shug‘ullangan. U L.Tolstoy, M.Zoshchenko, V.Shukshin, B.Sarnov, Ye.Gik, A.Nesin asarlarini mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan. L.Tolstoyning bolalarga atab yozgan hikoyalari va Aziz Nesinning hajviy hikoyalarini alohida kitob holida nashr ettirgan. Shodmon Otabekning asarlari rus, ukrain, qozoq, turk tillariga tarjima qilingan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Xabar.uz jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardldik bildiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter