Yangiyo‘lda bir oilaning 5 nafar a’zosini o‘ldirgan shaxsga eng og‘ir jazo berildi
Joriy yilning iyul oyida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida bir oilaning 5 nafar a’zosi qotillik qurboni bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi.
Bugun, 28-noyabr kuni Toshkent viloyat sudida mazkur jinoiy qilmishga qo‘l urgan 29 yoshli Z.S.ga (erkak, Namangan viloyatida tug‘ilgan) oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi B. Roziqov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq Z. S. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a», «v», «j», «z» va «i» bandlari, 118-moddasi 1-qismi, 134-moddasi, 164-moddasi 3-qismi «v» va «g» bandlari va 173-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
O‘z navbatida, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyasiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli ekanligi tomonlarga ma’lum qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter