Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xulq-atvori uchun onasini o‘ldirgan o‘g‘il 8 yilga qamaldi

Xulq-atvori uchun onasini o‘ldirgan o‘g‘il 8 yilga qamaldi

Foto: «Xabar.uz»

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi 51 yoshli onasi M.O.ni axloqsizligi uchun pichoqlab o‘ldirgan 29 yoshli N.H. 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi, deya xabar bermoqda «Xabar.uz» muxbiri.

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi sudyasi Boborahim Ochilovning bildirishicha, tumanning «Bobur» mahallasi, Gulobod ko‘chasida yashovchi, N.H. onasi M.O. bilan o‘zaro kelishmovchilikka borgan. Tergov jarayonida aniqlik kiritilishicha, onasining axloqsizligi va ogohlantiruvlarga qaramay, uyiga begona erkaklarni keltiraverishda davom etavergani o‘g‘ilning oriyatiga tekkan. Qiz singillarining taqdiridan xavotirda qolgan yigit jahl otiga mingan va oshxona pichog‘i bilan onasining ko‘krak qafasiga ikki marotaba urib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, qotillik 2022 yilning 28 sentyabr kuni sodir bo‘lgan. N.H. ga nisbatan ish bo‘yicha Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) bilan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Aybdorning xatti-harakatlariga nisbatan sud-tergov  o‘z ishini davom ettirgan.

Surishtiruvlarga ko‘ra, marhuma M.O.ning 2 nafar egiz qizlari hamda bir nafar o‘g‘li bo‘lgan.  M.O. bundan bir necha yil ilgari ham o‘z xonadonida fohishaxona saqlash aybi bilan jazolangan bo‘lishiga qaramay, o‘z xulq-atvoridan xulosa chiqarmagan. M.O.ning yengiltabiatli bo‘lib ketganidan or qilgan turmush o‘rtog‘i Sh.H. ham farzandlari ko‘chada qolmasligi uchun o‘zi o‘z xonadonidan bosh olib chiqib ketgan. O‘z o‘rnida N.H. ham Buxoro shahridagi avtotransport vositalari payvandlash ustaxonalaridan birida ishlab, shu ustaxonada tunab yurgan.

Kunlarning birida N.H.ga onasi M.O. qo‘ng‘iroq orqali singillarining uy-ro‘zg‘or yumushlarida ko‘maklashmayotganidan shikoyat qilgan.

N.H. singlisi Z.ni tergab qo‘yish uchun u bilan telefon orqali bog‘langan. Singlisi esa onasining kecha uyga begona erkaklarni olib kelgani, onasining bu xatti-harakatlaridan bezishayotgani, ularning yeb-ichgan qozon-tovog‘ini yuvishdan, uylarni yig‘ishtirishdan jirkanishayotganini yig‘lab tushuntirgan.

Shundan so‘ng 28 sentyabr kuni soat 19:05 larda N.H. yashash uyiga kelgan va darvozaxonaga kiriboq,  onasining yuz va bosh qismiga bir necha marotaba qo‘lining mushti bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

«Men onamning doimiy ravishda uyga begona erkaklarni olib kelib, spirtli ichimliklar iste’mol qilib, ular bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurganidan ko‘p bor noroziligimni bildirganman. Uning yurish-turishi oilamiz sha’ni bo‘lgan singillarimning kelajagiga ham bolta urmasligi uchun juda ko‘p ogohlantirganman. Do‘stu-yorlar, jo‘ralarim o‘rtasida g‘ururimni oyog‘osti qilmasligini, shunday davom etaversa, o‘zimga javob berolmasligimni takror-takror uqtirganman. Ammo, kim bo‘lsa ham shu meni dunyoga keltirgan, shu meni tuqqan «onam»ku, deb o‘zimni-o‘zim ovutib kelganman. Bugun esa baribir, uning qotiliga, o‘z hayotimning ham qurboniga aylandim. Men onamni shu qo‘llarim bilan o‘ldirdim. Tan olaman. Iqrorman va pushaymonman. ...Ammo, «Onalar oyog‘i ostida jannat» degan gapni har gal ko‘zda yosh bilan, armon bilan tinglayman. Men dunyoga kelib, shunday onaning farzandi bo‘lolmadim...», — degan H.N. sudda.

Ma’lum bo‘lishicha, N.H. onasi M.O. bilan yashash xonadoni darvozaxonasi oldida janjallashayotgan vaqtda tog‘asi S.O. kirib kelgan. Voqea haqida eshitib, S.O. ham singlisi M.O.ga qattiq tanbeh bergan, shunga qaramay, jiyanini og‘ir, vazmin bo‘lishga, o‘zini qo‘lga olishga chaqirgan. N.H. esa tog‘asi S.O.ni darvozadan chiqarib, haydab yuborgan. Shundan so‘ng onasini itarib yuborgan, yerga yiqilgan ona o‘g‘lini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgan. Va o‘rnidan turib: «Seni o‘ldiraman!» — deya o‘g‘liga qarab, pichoq o‘qtalib kelgan. N.H. esa onasining qo‘lidagi oshxona pichog‘ini yulqib olib, uning chap yon ko‘krak qafasi yurak qismi va ko‘krak qafasi orqa qismiga zarb bilan qasddan urgan.

Sudyaning so‘ziga ko‘ra, onasining qotili sifatida qora kursiga o‘tirgan N.H. haqida mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ham, mahalla ahli va qo‘ni-qo‘shnilar ham ijobiy munosabat berishgan. Mehnatkash, kamsuqum ekanini bildirishgan.

«Onasining axloqsiz turmush tarzi oilasining sha’niga ta’sir qilishi, singillarining ertangi hayotida rahna solishi mumkinligidan jahli chiqib,  o‘zini qilgan ishini anglamay qolgan. Aybdor o‘z qilgan xatti-harakatidan pushaymon bo‘lib, oilaviy sharoiti inobatga olinishi, o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berilishini so‘rab, ko‘rsatma berdi», — deydi sudya.

Sud dastlabki tergov organi tomonidan N.H.ning jinoiy harakatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasi  (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismini qo‘llagan.

Mazkur qotillik yuzasidan  «Xabar.uz» muxbiri mahalla vakili Lobar Sharipova bilan telefon orqali suhbatlashgan.

«Qotillik sodir bo‘lishidan chamasi yigirma kuncha ilgari M.O. tuman obodonlashtirish bo‘limida faoliyat yuritib kelayotgan turmush o‘rtog‘i bilan ham janjallashib qolgan. Farzandlari holidan xabar olgani kelgan er yana hovlidan chiqib ketgan. Jahl ustida onasining qotiliga aylangan o‘g‘il esa mahallamizdagi intizomli, og‘ir, bosiq yigitlardan edi. Mehnatkash bola edi, payvandlovchi bu yigit yordam so‘rab kelgan qo‘ni-qo‘shnilardan hecham yordamini ayamasdi. Otasi ham, o‘zi ham hech qachon birov bilan kelishmovchilikka yoki janjalga bormagan», — deydi Lobar Sharipova.

Sud sudlanuvchi N.H.ning aybiga iqrorligini, qotillik marhuma M.O.ning axloqqa zid harakatlari natijasida sodir bo‘lganini, mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilarning aybdorga nisbatan qonuniy yengillik berish talabi bilan chiqishganini inobatga olgan.

Chuqur tahlil va o‘rganuvlardan so‘ng N.H. tomonidan sodir etilgan jinoyatda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 55-moddasi (Jazoni yengillashtiruvchi holatlar) aniqlangan hamda 56-moddasi (Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar) qayd etilgan holatlar mavjud emas,  deb topilgan.

N.H.ga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 03 fevraldagi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi qaroridagi rahbariy ko‘rsatmalaridan kelib chiqqan holda jazoni og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi barcha holatlar inobatga olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor, deb topilgan N.H.ga nisbatan adolatlilik prinsipi asosida Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilgan hamda sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tayinlangan jazoni umumiy koloniyalarda o‘tashi belgilangan.

«Adolat va rahm-shafqat prinsipini qo‘llagan sud organiga minnatdorlik bildiramiz. To‘g‘ri, mahalladoshimiz N. qotillik jinoyatini sodir etdi. Ammo, qotillikni yaratib bergan jirkanch muhit uning yigirma yildan ortiq vaqt panjara ortida umrini sovurishiga arzimaydi. Zero, u singillarining kelajagi, oru-nomusi, o‘zining erkaklik sha’nidan doimo xavotirda yashab kelardi. Og‘riqlisi, jo‘ram qotillik sodir etishidan bir necha kun oldin uylanayotganini, to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgan edi», — dedi o‘zini tanishtirishni istamagan N.H.ning mahalladoshi M.R.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring