Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV buxorolik 17 yoshli yigitning «34 mlrd so‘mlik daromad»iga izoh berdi

IIV buxorolik 17 yoshli yigitning «34 mlrd so‘mlik daromad»iga izoh berdi

Bir muddat oldin Buxoro viloyati Jondorda yashovchi 17 yoshli o‘smirning 34 mlrd so‘mlik (2,6 mln dollar) kriptoaktivlarning noqonuniy savdosida gumonlab qo‘lga olingani va ayni paytda ishi tergovda ekani aytilgan edi.

Ushbu xabar ijtimoiy tarmoqning ayrim foydalanuvchilari tomonidan o‘smirning katta miqdordagi kriptovalyutani go‘yoki o‘zi ishlab topganligi uchun javobgarlikka tortilgani aytilib, muhokama qilinyapti.

IIV mazkur jinoyat ishi hamda shu turdagi jinoyat ishlariga doir jinoiy qilmishlar to‘g‘risida tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, buxorolik o‘smir «virtual valyutchik»lik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.

Ya’ni, hozirgi kunda telegramdagi yopiq (anonim) kanallar, guruhlarda kriptovalyutani sotishga, sotib olishga chaqiradigan resurslar ko‘paygan. Ushbu kanallarda «sotuvchi» va «xaridor»lar o‘zaro tanishadi va elektron pullarini kriptovalyutaga yoki kriptovalyutani pulga aylantirib bergan holda «virtual valyutchik»lik bilan shug‘ullanishadi.

Shu ko‘rsatgan xizmatlari uchun ular o‘tkazib bergan pullari miqdorining 0,1-2 foizi miqdorida vositachilik haqi olishadi (o‘tkazib bergan pulining anonimligi qancha yuqori bo‘lsa, olib qolinadigan foiz to‘lovi ham shunga mos bo‘ladi).

Buning uchun «virtual valyutchik»lar bitta kriptovalyutani boshqasiga almashtirish yoki uni pulga (dollar, yevro, rubl va b.) aylantirish imkonini beruvchi «Binans» kabi maxsus platformalardan foydalanadilar.

Maxsus platformalar sodda va qulay yaratilgan bo‘lib, ulardan axborot texnologiyalari, hatto kriptovalyuta sohasida chuqur bilimga ega bo‘lmagan kishilar ham bemalol foydalana oladi.

Bugunga kelib esa yirik firibgarlar, narkotik, qurol, odam savdosi, bolalar pornografiyasiga ixtisoslashgan uyushgan jinoiy guruhlar hisob-kitoblarni asosan anonim kriptoaktivlar orqali amalga oshirmoqda. Shuningdek, terrorchi guruhlar o‘zlarini moliyalashtirish uchun kriptovalyuta orqali mablag‘ yig‘moqda.

Buning sababi shundaki, uning yordamidan foydalanib pul mablag‘larini qisqa vaqt ichida, dunyoning istalgan nuqtasiga, anonim tarzda o‘tkazish mumkin.

Kriptovalyuta ayriboshlovchilar («virtual valyutchik»lar) esa, o‘zi bilib yoki bilmagan holda yuqoridagi kabi ishlarda vositachi bo‘lib qolayotganligi albatta tashvishli holat. Bu jarayonda albatta davlat nazorati bo‘lishi kerak, tartibotlar va qoidalarga rioya qilinishi esa shart va zarur.

Xususan, yuqorida tilga olingan jinoyat ishida gumonlanayotgan 17 yoshli Z.M. 7 oy davomida «Binans» platformasida 4 mingdan ortiq 34 mlrd so‘mlik shubhali vositachilik («virtual valyutchik»lik) operatsiyalarini amalga oshirgan hamda vositachilik haqi undirib kelgan. Bu holatda ayonki 34 mlrd so‘m ishlab topilgan «iqtidorli» yigitning daromadi emas, balki tizimdan o‘tkazilgan boshqa bir insonlarning puli summasidir.

Mazkur operatsiyalar tahlil qilinganda Z.M. aylantirgan mablag‘larning aksariyat qismi pensiya, oylik, onlayn kredit kartalaridan kelib tushganligi ma’lum bo‘ldi, ya’ni ushbu mablag‘lar firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan pullarni legalizatsiya qilishga va ularni izini yo‘qotishga qaratilgan harakat ekanligi gumon qilinmoqda.

«Bunga javobni esa tergov va sud organlari beradi. Aybsizlik prezumpsiyasiga ham to‘liq amal qilinadi.

Shu bois, ushbu jinoyat ishi to‘g‘risida chiqishlar qilayotgan ayrim tarmoq foydalanuvchilari o‘z harakatlari bilan jamoatchilikni chalg‘itib, uning xolis tergov qilinishiga xalaqit qilishini oqlab bo‘lmaydi», – deb yozadi IIV rasmiysi Shoxruh G‘iyosov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring