Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Vatandoshlar» jamoat fondi faoliyati, vazifalari va rejalari – Boshqaruv raisi bilan suhbat

«Vatandoshlar» jamoat fondi faoliyati, vazifalari va rejalari – Boshqaruv raisi bilan suhbat

Joriy yilning 11-avgust sanasida Prezidentning tegishli qarori bilan «Vatandoshlar» jamoat fondi tashkil etildi. Bugungi kunda fond va uning qanday faoliyat yuritishiga qiziquvchilar soni ortib bormoqda. Ana shu savollarga javob olish maqsadida «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali fond Boshqaruv raisi Odiljon Sattorov bilan intervyu tashkil etdi.

– Odiljon aka, avvalo, suhbatga rozilik berib, vaqt ajratganingiz uchun tashakkur! Joriy yil Prezidentning tegishli qarori bilan «Vatandoshlar» jamoat fondi tashkil etildi va siz fondning Boshqaruv raisi etib tayinlandingiz. Fondning tuzilishiga qanday omillar sabab bo‘ldi? Keling, suhbatimizni shu mavzudan boshlasak.

– Avvalo, sizga ham taklif uchun minnatdorchilik bildiraman. «Xabar.uz» nashriga intervyu berayotganimdan xursandman. Nashrni ko‘pdan buyon kuzatib boraman. Ayniqsa, nashrdagi «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi orqali berib boriladigan turkum intervyularni katta qiziqish bilan o‘qib boraman.

Savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsam, «Vatandoshlar» jamoat fondini tashkil etishdan asosiy maqsad xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirishdan iboratdir.

Jamoat fondi oldida turgan eng asosiy vazifalar, birinchi navbatda, xorijdagi vatandoshlarimizning jamoat tashkilotlari va birlashmalari bilan aloqalarni o‘rnatish, ular bilan yaqin hamkorlikda ishlash, xorijda istiqomat qiluvchi, katta ilmiy-amaliy tajribaga ega bo‘lgan professional mutaxassislar, olimlar bilan turli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, xorijda o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, vatandoshlar tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda taniqli yozuvchi va shoirlar, fan arboblari, diniy ulamolar, san’at va madaniyat xodimlari ishtirokini ta’minlashda ko‘maklashishdan iborat. Bir so‘z bilan aytganda, chet ellardagi vatandoshlarimiz bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish Jamoat fondi asosiy vazifasi hisoblanadi.

– Fond o‘z faoliyatini boshlaganiga u qadar ko‘p muddat bo‘lmadi. Shu qisqa davr oralig‘ida xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida qanday ishlar amalga oshirildi?

– Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning siyosiy irodalari bilan xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan muloqotlar olib borish va ular bilan ishlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shu o‘rinda vatandoshlar kimlar degan savolga javob berib o‘tsam. Xorijda doimo istiqomat qiladigan, mehnat faoliyati yoki ta’lim olish, oilaviy sabablar va boshqa sharoitlardan kelib chiqib vaqtinchalik chet elda yurgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, xorijga chiqqan va chet el fuqaroligini olgan, Vataniga ma’naviy va madaniy nuqtai nazardan mansublikni his qilgan O‘zbekiston Respublikasi bilan madaniy, gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgan O‘zbekistondan chiqib ketgan shaxslar va ularning avlodlari, etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan o‘zini o‘zbeklar va qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar vatandoshlar hisoblanadi.

Xorijiy davlatlardagi vatandoshlarning jamoat birlashmalari ro‘yxatini shakllantirgan holda ular bilan muloqotlarni boshlab yubordik.

Xususan, Yevropaning 17 ta davlatida istiqomat qilayotgan vatandoshlar hamda ularning 30 dan ortiq jamoat birlashmalari va tashkilotlari ishtirokida videomuloqot o‘tkazdik. Muloqotlar samimiy, ochiq va do‘stona muhitda o‘tganligi, hamkorlikda turli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ishlashga kelishib olganimizni alohida ta’kidlash lozim. Shuningdek, muloqotda vatandoshlarimizning O‘zbekistonda «Vatandoshlar» jamoat fondining tashkil etilganligidan nihoyatda mamnun ekanliklarini alohida e’tirof etishlari, ayniqsa, xorijdagi vatandoshlarning jamoat birlashmalari bilan yaqin hamkorlikda ishlash, o‘zbek tilini keng targ‘ib etishga qaratilgan Fondning intilishlarini yuqori baholashdi.

«21-oktyabr – O‘zbek tili» bayrami kuni munosabati bilan xorijiy davlatlardagi vatandoshlarimiz ishtirokida videokonferensiya tashkil etgan holda tadbir o‘tkazdik. Tadbir davomida vatandoshlarimiz xorijiy davlatlarda istiqomat qilishsa-da, lekin oilasi davrasida faqat o‘zbek tilida so‘zlashishlarini alohida ta’kidlashdi, xususan, yoshlar o‘rtasida o‘zbek tilini mustahkamlash borasida Portugaliyada 20 yildan beri istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz Ilhom Chorshanbayev va Gulzoda Chorshanbayevalarning farzandlari o‘rtasida ona tiliga bo‘lgan muhabbatini oshirish va mustahkamlashga qaratilgan ishlari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.

Hozirda barcha xorijiy davlatlardagi vatandoshlarning jamoat birlashmalari bilan videomuloqotlar olib borib, hamkorlikda ishlash maqsadida 2022-yilga «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqish ustida bosh qotirayapmiz.

– Kechagi muloqot davomida Yevropadagi vatandoshlarimiz ushbu o‘zgarishlarni quvonch bilan kutib olganini aytib o‘tdingiz. Fond dastlab tashkil etilganda bunga vatandoshlarimizning munosabati qanday bo‘lgan edi?

– Ochig‘i, xorijdagi vatandoshlarimiz bu yangilikni juda iliqlik bilan qarshi olishdi. Xususan, bir qator vatandoshlarimiz shaxsan menga turli davlatlardan qo‘ng‘iroqlar qilishdi. Masalan, AQShning Sirakyuz universiteti tadqiqotchisi Mirjahon Turdiyev, Germaniyada faoliyat olib borayotgan vatandoshimiz Kamoliddin Bediyev, Turkiyadagi Ekber Yassa, Janubiy Koreyadan Otabek Jo‘rayevlarning nomlarini keltirib o‘tishim mumkin. Vatandoshlarimizning «Vatandoshlar» jamoat fondi tashkil etilganligi yuzasidan bildirgan fikrlari bizning oldimizga juda katta mas’uliyat va tinimsiz mehnat qilish lozimligini anglatadi.

– Fondni tashkil etish to‘g‘risidagi Qarorda xorijdagi vatandoshlarimizni O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga jalb qilish masalasi ham ta’kidlab o‘tilgan. Buni amalga oshirishning qanday mexanizmlari ishlab chiqilmoqda?

– Qarorda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish shartlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tenglashtirilishi belgilangan. Xorijiy davlatlarning ta’lim o‘zbek tilida olib borilayotgan muassasalarida pedagog kadrlarga mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, xorijdagi iqtidorli vatandoshlarimizning respublika oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishlariga ko‘mak ko‘rsatish, ularga metodik, huquqiy va boshqa zaruriy yordam ko‘rsatish ustida ishlarni ham olib boramiz.

Xususan, xorijiy davlatlardagi vatandoshlarning jamoat birlashmalari qoshida «O‘zbek tili va madaniyati» kurslari hamda «o‘zbek yakshanba maktablari»ni tashkil etib, elektron portalimiz orqali vatandoshlarimiz uchun mo‘ljallangan o‘zbek tilini o‘rgatish va uni yanada mustahkamlash borasida turli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha rejalarimiz bor.

Fursatdan foydalanib «Xabar.uz» jamoasiga minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman. Jamoaning keyingi faoliyatida muvaffaqiyat va nashrni xorijdagi ko‘plab vatandoshlarimiz kuzatib borishini hisobga olgan holda hamkorlikda ko‘plab xayrli loyihalarni amalga oshiramiz degan niyatdaman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring