Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«UZQUIZ» intellektual o‘yinida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining 32 jamoasi qatnashdi

«UZQUIZ» intellektual o‘yinida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining 32 jamoasi qatnashdi

Foto: «O‘zbektelekom»

«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi jamoalarida sog‘lom raqobatni rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish, faol va iqtidorli yoshlar vakillarini aniqlash maqsadida vaqti-vaqti bilan turli ko‘rik-tanlovlar, madaniy-ma’naviy-ma’rifiy, sport-intellektual tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Shulardan biri — «UZQUIZ».

Kviz tarzida o‘tkazilgan intellektual o‘yinda «O‘zbektelekom» AK ijroiya apparati va Toshkent shahridagi filiallar xodimlaridan tashkil topgan 32 jamoa ishtirok etdi.

«UZQUIZ» — do‘stlar, hamkasblar, oila a’zolari bilan o‘ynashga moslashtirilgan intellektual va ayni paytda qiziqarli o‘yin. Eng muhimi, o‘yin hamkasblarni birlashtiradi va ishtirokchilar o‘rtasida jamoaviy ruhni shakllantiradi. Zero, turli mavzudagi o‘yinda g‘alaba qozonish uchun nafaqat bilim, balki ichki sezgirlik, tezkorlik, keng dunyoqarash, tasavvur, kino va musiqaga qiziqish hamda o‘z kuchiga ishonch va biroz tavakkalchilik ham talab etiladi. O‘yin 7 ta savoldan iborat sakkiz raundda o‘tkazildi.

«O‘yin ishtirokchilarining ko‘zlarida chinakam yoshlik ishtiyoqini ko‘rish juda yoqimli. Bugun chinakam aql va zukkolik bayrami bo‘ldi. Bunday o‘yinlar nafaqat bilimlarni charxlash, balki jamoada ishlash, yangi boshqotirmalarga javob topish istagi bilan ham ajralib turadi. Ishtirokchilarga qarab, musobaqa hissiyotlar va tajribalarga boy bo‘lganini ko‘rish mumkin», — dedi «O‘zbektelekom» AK bosh direktorining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Zufarov.

«Musobaqada jami 200 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashgani yoshlarning intellektual o‘yinlarga bo‘lgan qiziqishi kattaligidan dalolat beradi. Kelgusi yilda ham bu an’anani davom ettirib, bir necha bor shunday intellektual viktorinalarni o‘tkazishni rejalashtirganmiz», — dedi tadbir tashkilotchisi, «O‘zbektelekom» AK kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Baxtiyor Jo‘rayev.

Har bir jamoa o‘yinga ijodiy yondashib, o‘zlariga noodatiy nom tanlashdi. Jumladan, «G‘ayratli Rais buvalar», «Intellekt», «Zukko aloqachilar» jamoalari o‘zgacha ishtiyoq bilan ajralib turdi.

Musobaqalar yakuniga ko‘ra, hakamlar hay’ati tomonidan barcha jamoalar uchun ball hisoblab chiqilib, 1, 2 va 3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar tashkilotchilarning maxsus sovg‘alari bilan taqdirlandi. 3-o‘rinni «Vikipediya» jamoasi, 2-o‘rinni «2×2=5» jamoasi, eng yuqori o‘rinni «Drive» jamoasi egalladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring