Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

«Ukrainadagi urush rejasi» yoxud AQSh «o‘yin»larini oshkor etgan asar haqida

 «Ukrainasiz Rossiya Yevrosiyo imperiyasi bo‘lishni to‘xtatadi. Ukrainasiz Rossiya hali ham imperatorlik maqomi uchun kurasha oladi, ammo u keyin asosan Osiyoning imperator davlatiga aylanadi va katta ehtimol bilan rivojlanayotgan Markaziy Osiyo bilan zaiflashuvchi mojarolarga aralashadi, agar bu amalga oshsa, o‘z kuchini yo‘qotganidan afsuslangan bo‘lardi». Bu so‘zlar 1977-1981 yillarda AQSh prezidenti Jimmi Karterning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyat yuritgan Zbignev Bjezinskiyning «Buyuk shaxmat taxtasi» asaridan parcha edi. Ushbu kitobni mutolaa qilar ekansiz, bugungi kundagi dunyo geosiyosat ko‘z oldingizda gavdalanadi.

Xabar.uz bugun kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilinishida g‘oya muallifi siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov bilan «Buyuk shaxmat taxtasi» asari haqida suhbatlashadi.

– Zbignev Bjezinskiyning «Buyuk shaxmat taxtasi» asarni birinchi marta o‘qib chiqqaningizda qanday taassurotlar olgansiz?

– Kitobni birinchi marta o‘qib chiqqanim kechagidek esimda. U paytda talaba edim. Asarni ilk bor ingliz tilida mutolaa qilganimdan so‘ng, bu kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilish kerak, degan xulosaga kelganman. Bunga taxminan 25 yil bo‘lib qoldi. Geosiyosatga oid kitoblar orasida eng yorqini «Buyuk shaxmat taxtasi» asari hisoblanadi. Bu asarda aytilgan fikrlar hali ham dolzarb! Hatto, ayrim gipotezalar odamni ancha mushohadaga chorlaydi.

– «Buyuk shaxmat taxtasi» asarida nimalar haqida so‘z ketadi?

– Ushbu asarning asosiy g‘oyasi Yevrosiyo geosiyosatiga bag‘ishlanadi. Unda Yevrosiyo qit’asida kim hukmron bo‘lsa, o‘sha butun dunyoni boshqaradi, degan g‘oya bor. Ya’ni, bu yerda AQShning qanday rol o‘ynashi, qaysi shaxmat donalari bilan muloqot yuritishi va mintaqadagi dushmanlariga qarshi qanday siyosat yuritishi ochiq bayon etilgan.

Zbignev Bjezinskiy Yevrosiyo qit’asini dunyodagi eng strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hudud sifatida tasvirlaydi. Yevrosiyo mintaqasi shu darajada keng, uni bitta davlat nazorat qila olmaydi. Lekin asar muallifining fikricha, bu hududni boshqarishga munosib nomzod – faqat AQSh.

 – Hozir geosiyosat va geostrategiya degan so‘zlarni ishlatdingiz. O‘zi geosiyosat nima? Geostrategiya nima?

– Geosiyosat iborasi birinchi bo‘lib shved olimi Rudolf Chellen tomonidan ishlatilgan. Geosiyosatga ta’riflar juda ko‘p. Ma’lum bir hududni ta’sir doiraga olish, nazorat qilish yoki bosib olishga qaratilgan siyosat – geosiyosat deyiladi.

Geostrategiya – bir hududni harbiy yo‘l bilan qo‘lga olish. Vaqt o‘tgani sayin geosiyosat va geostrategiyaning mezonlari o‘zgarib bordi. Shu nuqtai nazardan tahlil qiladigan bo‘lsak, hozirgi davrda ma’lum hududni egallash uchun qurol ishlatish shart bo‘lmay qoldi. Buni boshqa vositalari vujudga keldi. Bu ilmiy tilda zamonaviy geosiyosatning paradigmalari, deyiladi. Geoiqtisod, geoaxborot, geotsivilizatsiya zamonaviy geosiyosatning muhim unsurlari hisoblanadi.

– Bizda ham «Buyuk shaxmat taxtasi»ga o‘xshash geosiyosiy asarlar bormi?

– Men bu singari istiqbolni ko‘zlab yozilgan asarlarni uchratmadim. Ukraina bilan bog‘liq voqealar shu asarda ancha yillar oldin yozib ketilgan.

– Ukraina voqealari bundan 25 yil oldin chizib ketilganmi?

– Balki undan oldinroq chizilgandir!? Kitob 1998 yilda nashr etilgan bo‘lsa-da, Amerika siyosiy arboblari bu narsadan ancha oldin xabardor bo‘lishgan, deb o‘ylayman.

– Demak, Ukrainani Rossiya ta’sir doirasidan chiqarib olish ancha oldin reja qilingan?

– Bu rejada bo‘lgan. Men Putinning Ukrainaga urush boshlashini, SSSRning Afg‘onistonga kirishiga o‘xshataman. Nega? SSSR Afg‘onistonga kirishidan oldin, AQSh allaqachon Afg‘oniston bo‘yicha turli xil geosiyosiy loyihalarni ishlab chiqqan edi. Sovet ittifoqi Afg‘onistonga qo‘shin kiritishidan oldin Eron elchixonasidan maxfiy yozuv ostida ma’lumot chiqadi. Ushbu ma’lumotda AQSh tez orada Afg‘onistonga o‘z harbiylarini kiritishi aytilgan. Bu atayin tarqatilgan edi! Ma’lumot sovet rahbarlarining qo‘liga tushib qolgach, ular SSSR chegaralari yaqinida AQSh ta’sir doirasi kengayib ketishidan xavotirlanib qolishgan va Afg‘onistonga qo‘shin kiritishga qaror qilishgan.

Zbignev Bjezinskiy fransuz muxbiriga intervyu berganida, bu ishlarni o‘zi rejalashtirganini tan olgan. Muxbir unga «siz afsuslanmaysizmi» deb savol berganida, u «maxfiy g‘oya ajoyib bo‘lgan edi. Natijada Sovet ittifoqi Afg‘oniston tuzog‘iga tushdi», deya javob bergan. Muxbir yana unga «siz bo‘lajak terrorchilarni qo‘llab-quvvatlaganingizga ham afsuslanmaysizmi», deb savol berganida, u «nimadan afsuslanay? Jahon tarixi nuqtai nazaridan SSSRning qulashi muhimroqmi yoki Toliblarmi», degan.

Sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirishi oqibatida SSSR parchalandi. Endi bu voqealarni Ukrainaga bog‘lashimizning sababi, menimcha, Putin Rossiyasi Amerikaning Ukrainada qo‘ygan tuzog‘iga tushdi. Ukrainaning NATOga qabul qilinishi haqidagi turli xil xabarlar Kreml siyosatchilarini Ukrainaga urush ochishga majbur qildi. Endi bu urushning badali qancha bo‘lishi biroz noma’lum.

– Ukraina urushidan keying Rossiya Bjezinskiy yozganidek 3 konfederatsiyaga bo‘linib ketishi mumkinmi?

– Yevrosiyoning sarhadlari ulkan va bu qit’ada eng katta hududga ega bo‘lgan davlat – Rossiya. Yuqorida aytganimizdek, hozirgi voqeliklar avvaldan rejalashtirilgan ssenariy asosida bo‘lmoqda. Putinning ham xatosi shunda. U Ukrainaga qurolli bosqin qilish orqali bu masalalarni chigallashtirib yubordi. Lekin rejaga ko‘ra, Ukraina AQSh uchun bir vosita xolos! Amerikaning maqsadi – Rossiyani parchalash. Agar Rossiya turli hududlarga bo‘linib ketsa, u zaiflashadi. Zbignev Bjezinskiyning fikriga ko‘ra, agar Ukraina Rossiyaning qo‘lidan ketsa, Rossiya oddiygina Osiyo davlati bo‘lib qoladi. Lekin Ukrainani asl holatiga qaytarib olish rejasi baribir rus siyosatchilarining xayolidan ketmaydi. U bu fikrlarni 1998 yilda nashr etilgan «Buyuk shaxmat taxtasi» asarida yozgan. Xulosa qilganda, Amerikaning asosiy maqsadi Rossiyani turli hududlarga bo‘lib yuborish bo‘lishi mumkin.

– Ukraina Rossiya ta’sir doirasidan chiqib ketgach, Rossiya bor e’tiborini Markaziy Osiyoga qaratmoqdami?

– Bu tabiiy holat. Chunki bugungi voqealar rivoji ham shuni ko‘rsatib turibdi. Zbignev Bjezinskiyning fikrlarida o‘ziga xos bir jihat bor. U «AQSh Shimoliy Yevropada Ukraina, Kavkazda Ozarbayjon, Markaziy Osiyoda O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilishi kerak. Chunki bu davlatlar Rossiyadan mustaqil geosiyosat yuritishga ko‘proq harakat qiladi», degan g‘oyani ilgari suradi.

Bugungi kunda Ukrainadagi holatni ko‘rib turibmiz. Kavkazda Tog‘li Qorabog‘ urushi natijasida Armaniston mag‘lubiyatga uchradi. Ozarbayjon va Armanistonni kelishtirishga qaratilgan Rossiya siyosati tanazzulga yuz tutdi. Hozir Armaniston Rossiya bilan emas, G‘arb davlatlari bilan yaqinlashmoqda. Ya’ni, Kavkazda ham Rossiyaning mavqei pasayib ketdi. Endi Markaziy Osiyodagi kalit davlatlarga bo‘lgan e’tibor borgan sari kuchayib boraveradi.

Yaqinda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurdi. U nimalarni so‘ragan bo‘lishi mumkin?

– Entoni Blinkenning bu galdagi tashrifi avvalgi tashriflardan tubdan farq qiladi. Blinkenning bu Markaziy Osiyoga davlat kotibi sifatidagi va Rossiya-Ukraina urushidan keyingi birinchi tashrifi hisoblanadi. Mana shu jihatdan bu tashrif dolzarb. AQSh ham kuzatib turibdiki, Markaziy Osiyo endi geosiyosiy munosabatlarning muhim bir ob’yektiga aylanmoqda. Mana shunday sharoitda bu davlatlar Markaziy Osiyoni ko‘proq o‘z ta’sir doirasiga olishga intiladi. Blinken tashrifi shundan iborat. Muhokama qilingan masalalar matbuotda e’lon qilindi. Lekin nima bo‘lganda ham, Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy tanlovi geosiyosiy plyuralizm g‘oyasi bo‘lishi zarur. Ya’ni, qaysidir tomonga to‘liq yon bosishdan yiroq bo‘lishi kerak.

– Bu sizning shaxsiy fikringizmi?

– Ha, Markaziy Osiyoda tashqi kuchlar muvozanati bo‘lishi kerak. Agar hozir bitta mamlakatda muvozanat buzilsa, Markaziy Osiyodagi beqarorliklar nihoyatda kuchayadi.

– Zbignev Bjezinskiy «Buyuk shaxmat taxtasi» asarida Markaziy Osiyoga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan kuch markazlarini sanab o‘tadi, lyekin bular orasiga Xitoyni kiritmaydi. Bugun kundagi Xitoy va Turkiyaning Markaziy Osiyoga ta’sirini qanday baholaysiz?

– Tarixdan Markaziy Osiyo imperiyalarning qiziqish markazi bo‘lib kelgan. Bu kelajakda ham davom etadi. Hozir bu narsa borgan sari kuchayib bormoqda. Menimcha, bu vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlariga xavf bilan birga bir imkoniyat ham shakllanmoqda. Ya’ni, Markaziy Osiyo mamlakatlarining integratsiyasi uchun ham bir sharoit vujudga kelmoqda.

– Markaziy Osiyo mamlakatlarining birlashishini istamaydigan kuch markazlari ham bo‘lishi mumkinmi?

– Markaziy Osiyoni ko‘proq birlashishidan ko‘ra, uni bo‘linishini istaydiganlar kuch markazlari ko‘p.

suhbatlashdi Sardor Ali

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring