Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Ikki generalning hokimiyat talashuvi yoxud Sudanda nimalar bo‘lmoqda?

Ikki generalning hokimiyat talashuvi yoxud Sudanda nimalar bo‘lmoqda?

Joriy yilning 13 aprel kuni Sudan poytaxti Xartum shahrida general Muhammad Hamdan Dagalo boshchiligidagi Tezkor harakat kuchlari (RSF) va general Abdulfattoh Burhon boshchiligidagi muntazam armiyasi o‘rtasida qurolli to‘qnashuv boshlanib ketdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda 83 kishi halok bo‘lgan. 1126 dan ortiq kishi jarohatlangan. Xo‘sh, bu ikki general nimani bo‘lisha olmayapti?

Joriy yilning 13 aprel, payshanba kuni mahalliy vaqt bilan o‘nlar atrofida Sudan poytaxti Xartum shahrida Tezkor harakat kuchlari (RSF) va muntazam armiya o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. Xartum markazidagi Sudan armiyasi va Mudofaa vazirligi shtab-kvartirasi hududida, shuningdek, poytaxtning prezident saroyi joylashgan shimoliy qismida otishma avj oldi. Shaharni avtomatlardan chiqayotgan o‘q ovozi, gumburlab portlayotgan snaryad tovushi-yu, nima bo‘layotganini tushunmasdan qichqirib, o‘zini panaga olayotgan insonlarning ovozi qurshab oldi.

Tezkor harakat kuchlari vakillarining ta’kidlashicha, harbiylar poytaxtdagi RSF bazalarini qurshovga olib, o‘qqa tutgan. Shundan so‘ng RSF yetakchisi general Muhammad Hamdan Dagalo Sudan armiyasini davlat to‘ntarishida ayblagan.

O‘z navbatida, Sudan armiyasi RSFni «isyonkor kuch» deb atab, uni hukumat hamda strategik nuqtalarga hujum qilishda aybladi.

15 aprel kuni RSF kuchlari poytaxtdagi Xartum va El-Fasher xalqaro aeroportini, shuningdek, Merov va Jebel Auliyadagi harbiy havo qarorgohlarini o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi. Lekin bu ma’lumot hali rasman tasdiqlanmadi. Ammo mahalliy OAV Sudan poytaxtdagi aeroport ishlamay qolganini yozmoqda.

Bir nechta davlat aviakompaniyalari, xususan Misr va Saudiya Arabistoni Xartumga parvozlarni to‘xtatdi. Al-Jazira aeroport va uning atrofida RSF va harbiylar o‘rtasida shiddatli otishmalar bo‘layotganini ma’lum qildi.

Xartum aeroporti. 2023 yil 15 aprel

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainaning SkyUp aviakompaniyasining Boeing samolyoti Xartum aeroportida yonib ketgan. Al-Arabiya telekanalining ta’kidlashicha, poytaxt aeroportidagi BMT samolyoti ham kulga aylangan.

Yakshanba kuni shiddatli janglar paytida AQSh, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari qarama-qarshi tomonlarni «oldindan hech qanday shartlarsiz jangovar harakatlarni darhol to‘xtatishga» chaqirdi. Shunga qaramay har ikki tomon qurolli harakatlarga chek qo‘yishni istamayapti.

16 aprel kuni RSF kuchlari prezident saroyini egallab olganini e’lon qildi. Lekin armiya bu ma’lumotni rad etdi. Keyinroq, Sudan armiyasi qo‘mondoni general Abdulfattoh Burhon harbiylar prezident saroyi, harbiy qarorgoh va aeroportni nazorat qilayotganini ma’lum qildi.

Xartum aeroporti

Asdida, 2019 yilda RSF va Sudan armiyasi birgalikda mamlakatda harbiy to‘ntarish amalga oshirib, Sudanni 30 yil boshqargan prezident Umar al-Bashirni hokimiyatdan ag‘dargan edi. To‘ntarish natijasida Sudanda yangi hukumat tuzildi. Biroq ko‘p o‘tmasdan, aniqrog‘i, 2021 yilda yana RSF va Sudan armiyasi ishtirokida harbiy to‘ntarish sodir etilib, amaldagi ma’muriyat faoliyatiga nuqta qo‘yildi.

Shundan beri ikkala tomon bir-biri bilan o‘tish davri hukumatini tuzish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Tanglik general Abdulfattoh Burhon boshchiligidagi harbiylar va general Muhammad Hamdan Dagalo boshchiligidagi RSF o‘rtasidagi harbiylashtirilgan qismlar qurolli kuchlarga qanday qo‘shilishi va bu jarayonni qaysi organ nazorat qilishi kerakligi yillar davomida ikki o‘rtadagi qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lmoqda. «Ikki qo‘chqorning kallasi bir qozonda qaynamaydi», deganlari shu bo‘lsa kerak?!

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda jami 83 kishi halok bo‘lgan. 1126 dan ortiq kishi jarohatlangan.

general Abdulfattoh Burhon

Jahon kuchlari – AQSh, Rossiya, Misr, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o‘z bayonotida Saudiya Arabistoni va BAA tashqi ishlar vazirlari bilan gaplashganini va uch davlat Sudandagi janglarning to‘xtatilishi «eng muhim» degan fikrga kelishganini aytdi.

2022 yilning yanvar oyida iste’foga chiqqan Sudan bosh vaziri Abdulloh Hamduk Sudan harbiy qo‘mondoni va RSF kuchlari rahbarini mamlakat aholisini qiynayotgan janglarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Biroq shunga qaramay hamon Sudanda qurolli to‘qnashuvlar davom etib kelmoqda.

Ikki general o‘rtasidagi kelishmovchilik ortidan minglab sudanliklar bugun qon yutmoqda. Davom etayotgan to‘qnashuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, generallar uchun faqat hokimiyat zarur! Avomning ahvoli esa ularni qiziqtirmaydi!

Sardor Ali

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring