«Toza qo‘llar» dasturini amalga oshirish taklif qilinmoqda
Aholi, ayniqsa, yosh avlod vakillari tomonidan sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida 2025 yil 1 maydan boshlab Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan «Toza qo‘llar» dasturi amalga oshiriladi.
Bu haqda «O‘zbekiston–2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida qayd etilgan.
Dastur joriy etilishi tufayli quyidagi natijalarga erishiladi:
— jamoatchilik fikri asosida barcha sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida qo‘l yuvish joylari zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi;
— sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holati yaxshilanadi;
— sanitariya-gigiyena xonalari yangi qurilayotgan muassasalarda binoning ichki qismida joylashtiriladi;
— barcha turdagi jamoat sanitariya-gigiyena xonalari, shu jumladan, umumiy ovqatlanish tashkilotlarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash bilan bog‘liq dastur qabul qilinadi;
— 2025 yil 1 avgustga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va BMTning xalqaro ekspertlari jalb etilgan holda respublikaning barcha ijtimoiy soha muassasalarida «2025–2028 yillarda O‘zbekistonda sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash» dasturi loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
— asosiysi, mamlakatning sanitariya-epidemiologiya holati va aholi salomatligi yaxshilanadi.
«Toza qo‘llar» dasturi sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Prezident Farmoni loyihasi «O‘zbekiston-2030» xalq strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi. Unda siz ham faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalaringizni uzbekistan2030.uz onlayn portali hamda @Ekologiyayilibot telegram boti orqali yuborishingiz mumkin!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter