Toshkentda 560 ming dollarga yer sotishga bo‘lgan urinish fosh qilindi (video)
Toshkent viloyatining Qibray tumanida faoliyat yurituvchi MChJ rahbari Parkent tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbaribilan o‘zaro til biriktirib, mazkur fermer xo‘jalikka tegishli 42,5 gektar yer maydonini xaridorga go‘yoki 51 gektar ekanligini aytib, uni 580 ming AQSh dollariga sotishga kelishishadi.
Ammo, ular oldindan 550 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Nurafshon shahrida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining turmush o‘rtog‘iga O‘rtachirchiq tumani hududidan obodonlashtirish va bog‘ barpo etish uchun ajratib berilgan 3,64 gektar yer maydonining 2 gektarini 1971 yilda tug‘ilgan tanishi bilan kelishgan holda, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 560 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 60 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa, Dang‘ara tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro 2017 yilda tuman hokimligi tomonidan bog‘dorchilik yo‘nalishida foydalanish uchun o‘ziga ajratib berilgan 1,3 gektar yer maydonida issiqxona qurishga ruxsat olinganligi haqida yolg‘on gapirib, 410 ming AQSh dollari evaziga uni xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytadi.
Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘idan 35 ming AQShdollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Qo‘qon shahrida qayd etilgan holatda, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro tadbirkorning ishonchiga kirib, shahar hokimligi zaxirasida bo‘lgan 5 sotix yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligi aytib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qiladi.
Lekin, u so‘ralgan pul mablag‘idan avans sifatida 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi bo‘lgan – 1956 yilda tug‘ilgan shaxs hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari yordamida ushbu yer maydoni bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro shahar hududidagi «Bo‘ston» yoshlar kichik zonasida joylashgan 10 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 46 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 25 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter