Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent tumanidagi imom-xatib tarqalgan audio sabab ishdan olindi

Toshkent tumanidagi imom-xatib tarqalgan audio sabab ishdan olindi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent tumanidagi «Eshonxo‘ja ota» masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan arab tili kursidagi xatti-harakatlari uchun ishdan olindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Kelesdagi masjid imomi Avazxo‘ja Bahromov arab tilini o‘rganayotgan 16 yoshli qizchalar bilan qanday gaplashmoqda?» nomli audio yozuv tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur audio bo‘yicha Musulmonlar idorasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi «Eshonxo‘ja ota» masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromovning arab tili kursidagi xatti-harakatlari 28-yanvar kuni Musulmonlar idorasi Ichki nazorat komissiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan.

«Yig‘ilishda imom-xatibning mazkur holati imomlik maqomiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligiga alohida urg‘u qaratildi. Ayniqsa, ichki me’yoriy hujjatlarda belgilangan «fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilish» va «o‘zining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rish» degan bandlarning A.Bahromov tomonidan qo‘pol ravishda buzilishi, deb baholandi. Shuningdek, A.Bahromov arab tili o‘quv kurslarida dars berishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasini belgilangan tartibda xabardor etmagani ham alohida qayd etildi», — deyiladi axborotda.

Musulmonlar idorasi diniy soha xodimlarining jamiyatda o‘zini tutishi, odamlar bilan munosabatda namuna ko‘rsatishi, imomlik maqomiga munosib bo‘lishi borasida muntazam tushuntirish ishlarini olib boradi. Shuningdek, idora tomonidan avval ijroga yo‘naltirilgan normativ hujjatlarda ham imom-xatib tasdiqlangan me’yoriy hujjatlarga amal qilishi va mehnat majburiyatlariga rioya etishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

«Afsuski, Avazxo‘ja Bahromov mazkur xatti-harakati bilan me’yoriy hujjatlar talablarini qo‘pol ravishda buzib, O‘zbekiston musulmonlari idorasining mazkur yo‘nalishdagi buyruqlari, ichki tartib-qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga rioya etmagani ma’lum bo‘ldi», — ta’kidlanadi bayonotda.

Ichki nazorat komissiyasi Avazxo‘ja Bahromovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida xulosa qilgan.

«Ayni kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Avazxo‘ja Bahromovning mazkur xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan ish olib borayotganini ma’lum qilamiz», — qo‘shimcha qilinadi axborotda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring