Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘lov-kontrakt narxlari «chaqmoqda». Uni tushirish mumkinmi?

To‘lov-kontrakt narxlari «chaqmoqda». Uni tushirish mumkinmi?

Foto: «Xabar.uz»

So‘nggi kunlarda ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lib turgan masalalardan biri – oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish narxlarining keskin oshgani. Narxlar oldingiga nisbatan 18 foizga balandladi, ish haqlari esa – 10 foizga.

Bu yildan e’tiboran shartnoma pullarini to‘lash bo‘yicha bir qancha ijobiy o‘zgarishlar amalga kirityapti. Biroq savolli jihatlar ham bor.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi telegram kanali qayta-qayta uqdirishicha, «2019/2020-o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt miqdorlarining o‘rtacha 18 foizga oshirilishi – bir talabani bir yillik o‘qitish xarajatlarini qisman, ya’ni o‘rtacha 68 foiz qoplamoqda, xolos». Narxlar 18 foizga qimmatlashiga asosiy sabab qilib esa, «oliy ta’lim muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari (o‘tgan o‘quv yilida 3 marotaba), kommunal xizmatlar tariflari va boshqa saqlash xarajatlari oshgani holda, oliy ta’lim muassasalari xarajatlari daromadlariga nisbatan 74 foizga o‘sganligi» ko‘rsatilyapti.

Shu o‘rinda mulohaza tug‘iladi. Talabalarning juda ko‘pi mutaxassislikka bevosita aloqasi yo‘q, professional faoliyatda deyarli kerak bo‘lmaydigan fanlardan zada. Ularning aytishicha, oliy ta’limdagi korrupsiyada ham ayni shu nomutaxassis fanlar yetakchi. Xo‘sh, talaba nega shu fanlar uchun pul to‘lashi kerak? So‘nggi yillarda bu borada ham siljishlar bo‘lgan, ortiqcha fanlarning ba’zilari qisqargan. Lekin dadil qadamlar tashlanishi shart. Asosiy urg‘u bugun sohada foydalanilayotgan va kelajakda foydalaniladigan bilimlarga qaratilishi hayotiy zaruriyat. Dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlari tajribasi o‘rganilishi, o‘rganishlar qog‘ozdan tashqariga – amaliyotga ham tatbiq etilishi zarur.

Kommunal xizmatlarga tariflar masalasi. Oliy o‘quv yurtlarida energiya samaradorligi qay darajada? Xarajatlar oyma-oy hisob-kitob qilinib, solishtiriladimi? Ularni kamaytirish bo‘yicha nimadir qilinadimi?

Universitet va institutlar xarajatlarining shaffof emasligi ham og‘riqli masalalardan. Kimga, nimaga, qayerga qancha sarflanyapti? Bu barcha uchun ochiq-oydin bo‘lishi kerak. Mayda detallarigacha. Shaffoflik ta’minlanmasa, istagan payt «kontrakt to‘lovlari xarajatlarning falon foizini zo‘rg‘a qoplayapti», deb aytaverish mumkin. Odatda, monopol tashkilotlar shunga o‘xshash vajlar keltiradi. «Sarf-xarajatlar oshgani sababli» ko‘tarilgan narx esa tabiiy ravishda noroziliklarni keltirib chiqaradi.

Talabalarning mehnat huquqlarini ta’minlashga ham oliy o‘quv yurtlari xayrixohlik ko‘rsatishi kerak. Ko‘pincha, talabalar oxirgi kursga o‘tmaguncha, ishga joylasha olmaydi. «Huquqiy axborot» kanali ma’lumotiga ko‘ra, kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida (kunning ikkinchi yarmida) mehnat shartnomasi bo‘yicha oliy ta’lim muassasasida yoki boshqa tashkilotlarda ishlashga ruxsat beriladi. Ish beruvchilar bilan samarali aloqalar o‘rnatilishi talabalarning ishga joylashi va keyinchalik mustahkam ish o‘rniga ega bo‘lishi uchun zamin yaratadi. Ishlab, pul topgan talaba shartnoma pulining bir qismini o‘zi to‘lay oladi. Bu ham to‘lov-shartnoma qiymatining «kamayishi», yengillashidir. Bitiruvchilari talabgir bo‘lmagan, ish beruvchilarni qiziqtirmaydigan fakultetlarni yopish yoki ularni kadrlariga ehtiyoj yuqori yo‘nalishlarga moslab qayta tashkil etish mumkin.

O‘qishni bitirgan talabalarning ishga joylashish reytingi ham tuzilishi zarur. Buni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi yoki boshqa bir mustaqil tashkilot o‘tkazgani afzal. Chunki shunda «yo‘qni bor qilib ko‘rsatish»ga ehtiyoj bo‘lmaydi. Bunday reyting real vaziyat haqida axborot beradi. Qaysi talaba qayerda ishlayapti? Mutaxassisligi bo‘yicha ish topdimi? Faqat bunda oliy o‘quv yurtlari «mehnat daftarchangdan nusxa olib kelmasang, diplomni tushingda ko‘r» qabilidagi eskicha usuldan foydalanmasligi kerak. Shartnoma asosida o‘qigan talabaning diplomi, grantda o‘qiganlarning ma’lumotnomasi hech bir moneliksiz berilishi shart.

Xususiy va davlat sektoridagi yirik tashkilotlarning ishchi-xizmatchilari bo‘yicha ham tadqiqotlar olib borish foydadan xoli emas. Ayniqsa, xususiy korxona va tashkilotlarning xodimlari bo‘yicha. Qaysi o‘quv yurtlarining, qaysi fakultetlarning talabalariga talab katta? Ular qaysi bitiruvchilarning malaka, bilim va ko‘nikmalarini e’tirof etadi?

Yangi tartibga ko‘ra, talabalarga bir xil stipendiya belgilanyapti. Uning qiymati bugungacha amal qilib kelgan minimal qiymat – «3»lik stipendiyaga yaqin. Ammo Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ullari aytishicha, qat’iylashtirilgan 400 ming so‘mlik stipendiya miqdori qayta ko‘rib chiqilishi ham mumkin. Har holda, talabalarning ijtimoiy himoyasiga e’tibor qaratiladi, deb umid qilamiz. Chunki stipendiya miqdori ham shartnoma puli qiyinchiliklarini biroz yengillashtiradi.

Kontrakt narxlari tushishiga xayriya imtiyozlari ham yaxshi ta’sir etishi mumkin. Oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasi yoki talabalarning shartnoma pullarini to‘lashga mablag‘ yo‘naltirgan korxonalarga shu summa doirasida soliq imtiyozlari yoki boshqa qulayliklar berilsa, yaxshi bo‘lardi.

Kuni kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy ta’lim vazirligi mas’ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash masalasida ham muammolar yetarli ekani ta’kidlandi. Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtacha 80 ming nafar talaba turar joyga ehtiyoj sezadi. Bu talabning 40 foizi esa qondirilmay qolmoqda. Demak, 32 ming nafar talaba vaqtinchalik yashash joyi izlashga majbur. Bu – juda katta raqam. Agar turar joyga ehtiyoj to‘liq qondirilsa, bu ham ma’lum ma’noda to‘lov-shartnoma puli «kamayishi»dir. Chunki yashash joyiga nisbatan kam mablag‘ sarflagan talabaning yelkasidagi chiqimlar biroz yengillashadi. Biroq bu muammoni tezda hal qilish qiyin, deyishyapti. Joy yetishmasligi o‘z-o‘zidan korrupsiya, tanish-bilishchilik illatlariga ham yo‘l ochib beradi. Demak, turar joy masalasida baribir yechim izlash kerak.

To‘lov-shartnoma puli yukini yengillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, talabalarga yetarli shart-sharoit yaratish masalasida nafaqat Oliy ta’lim vazirligi, balki oliy o‘quv yurtlarining o‘zi ham, keng jamoatchilik ham bosh qotiradi, taklif-tavsiyalar beradi, deb umid qilaman. Taklif-tavsiyalar saralanib, amalga tatbiq etilishiga ham ishonchim yo‘q emas.

Orifjon Madvaliyev,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring