Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirkor uzoq o‘ylagan g‘oyasini Andijonda amalga oshirdi

Tadbirkor uzoq o‘ylagan g‘oyasini Andijonda amalga oshirdi

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yilning 18-19-may kunlari Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan jurnalistlar va OAV xodimlari uchun Andijon viloyatida press-tur tashkil etildi.

Ma’lumot berilishicha, 2020 yilning 1-chorak yakunida Andijon viloyati bo‘yicha jami 1176 ta (530 ta davlat, 646 ta nodavlat) maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatib, ularda 132 627 nafar bola qamrab olingan. Bu esa hududdagi 3-7 yoshli bolalar soniga nisbatan qamrov 52,1 foizni tashkil etganini bildiradi.

Tashrifimiz Andijon shahridagi «Baxtiyor bolajon» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotidan boshlandi.

Ushbu MTT joriy yilning 4 yanvaridan ish faoliyatini boshlagan bo‘lib, bino 300 o‘ringa mo‘ljallangan, 12 ta guruh xonalari mavjud.

Tarbiyalanuvchi bolalarning 30 foizini «Temir daftar»ga kirgan oilalarning farzandlari tashkil qilib, ular uchun to‘lov so‘mmasi ham imtiyozli ravishda davlat MTTlari narxida belgilangan.

«Baxtiyor bolajon»da bolalarga mo‘ljallangan restoran, mini zoopark, futbol va basketbol maydonlari, amfiteatr, sharshara va jonli burchaklar mavjud. Tashkilotda hozirda 11 nafar xodim ish faoliyatini olib bormoqda. Ularning aksariyati «Ayollar daftari»ga kirganlar. Shulardan 2 nafari oliy ma’lumotli, xamshira 2020 yil malaka oshirish sertifikatiga ega bo‘lgan. Tashkilot mudirasi Ziyoda Abdualimova oliy ma’lumotli, rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi, bundan tashqari psixolog va logoped mutaxassisi hamdir.

«Shaxsan o‘zim har kuni tongda bolalarni salomatligi, tozaligini tekshirib qabul qilib olaman. Toshmalar, kasallikning turli belgilari sezilsa, ularning ota-onasi bilan gaplashib, uch kun muddatda uyda davolanishiga sharoit qilib berishlarini tavsiya qilaman. Davolangan bolajonlarni albatta sog‘ligi to‘g‘risida shifokor xulosasi bilan qabul qilamiz. Shuningdek, bolalar uchun keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari, taomlar, ular uchun o‘zimizda sharbatlar sifatini nazorat qilaman. Men bilan birga qizim ham bu yerda tarbiyachi sifatida faoliyat yuritadi. Ikkita nabiram shu yerda tarbiyalanadi. Fikriy o‘sishi, jismonan rivojlanishi kundan-kunga yaxshi», — deydi biz bilan suhbatda Nodira Qurbonova.

Keyingi tashrif Andijon shahri «Do‘stlik» MFY da joylashgan «Ertaklar dunyosi» nodavlat xususiy-sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotida davom etdi.

«Ushbu binoni qurish g‘oyasini juda uzoq yillar o‘ylab yurgan edim. Singapur, Malayziya kabi davlatlarda bu borada qilinayotgan ishlar bilan shaxsan tanishib, o‘rganib kelganman. Keyin hokimiyatga taklif bilan chiqdim. Bo‘sh turgan hudud tanlandi va menga ushbu inshootni qurishga ruxsat etildi. Bino qurilishiga jami 7 mlrd 600 mln so‘m sarflandi. Shundan 3 mlrd o‘z hisobimdan, 4 mlrd 600 mln so‘m imtiyozli bank krediti asosida.  Bog‘cha 200 o‘ringa mo‘ljallangan, hozirda 150 nafar bolajonlarga 3 ta til (rus, ingliz, koreys) to‘garaklari, badiiy gimnastika, karate sport to‘garaklari, informatika darslari muntazam ravishda o‘rgatilib boriladi. Shu jumladan, qishki basseyn, alohida YHXB xodimi dars beradigan yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatuvchi maydon, musiqa va raqs to‘garaklari, logoped xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. To‘rt mahal vitaminlarga boy ovqatlar bilan ta’minlab boramiz. Tashkilotda 35 nafar xodim ish faoliyatini yuritadi. Tashkilot metodisti Koreyada malaka oshirib kelgan oliy toifali xodim. Yaqin fursatlar ichida imkoniyati cheklangan, e’tiborga muhtoj bolalar uchun ham bir kichik guruh tashkil etish niyatidaman. O‘zim tadbirkor bo‘lganim uchun ularni to‘lovlarsiz, o‘z hisobimdan tarbiyalashga imkoniyatim bor. Albatta jamiyatda bolalarning begonasi bo‘lmaydi. Ular ham alohida e’tiborga, zamon bilan bilan hamnafas bilim olishga haqli», — deydi tashkilot rahbari Abrorbek Mamadaliyev

Keyingi tashrif Andijon shahrida joylashgan 40-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi. 130 o‘ringa mo‘ljallangan binoda hozirda 127 nafar bolajonlar tarbiyalanayotgan ekan. Shundan 80 nafari nogiron bolajonlar, 47 nafari turli xil imkoniyati cheklangan bolajonlar. Avvalroq Andijonda imtiyozli MTTlar qisqartirilgani haqida aytib o‘tgan edik. Sababi imtiyozli MTTlarda butunlay sog‘lom bolalar nogironligi bor deya ko‘rsatilib joylashtirilgani aniqlangan.

Shu sababli 40-ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga bo‘lgan talab kuchaygan. Faoliyat davomida 37 nafar bola sog‘ligi tiklanib, odatiy MTTlarga o‘tkazilgan. Bolalar salomatligiga katta e’tibor qaratilib, kun davomida belgilangan vaqt chegarasida masaj, suvli masaj hamda turli sog‘lomlashtirish mashqlari olib boriladi. Alohida e’tirof etish kerak bo‘lgan jihatlaridan biri, bu yerda bolajonlar to‘liq davlat hisobidan tarbiyalanadilar hamda ularni qabul qilish yoshi 2 yoshdan boshlanadi.

Tashkilotda 68 nafar turli yo‘nalishdagi pedagoglar faoliyat olib boradi. Har bir pedagog o‘qituvchiga 3 nafardan bola biriktirilgan bo‘lib, tarbiyachilar maoshiga 100 foiz ustama haq to‘lab beriladi.

Press-tur mobaynida Andijon tumani «Qora tut» MFYda joylashgan «Erudit bolajon» nodavlat MTT, Asaka tuman 30-maktabgacha ta’lim tashkiloti, Asaka tuman 36-son MTT, Asaka tuman «BOLALAR SAYYoRASI» nomli 35-DMTTlar holati ham o‘rganildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring