Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

So‘nggi Xorazmshoh. Misr sultoniga aylangan sobiq qulning hayoti

So‘nggi Xorazmshoh. Misr sultoniga aylangan sobiq qulning hayoti

Hayotning baland-past yo‘llari insonni taqdirning ehtimoliy burilish nuqtalariga tayyorlaydi. Qahramonimizning ham hayot yo‘li turli o‘nqir-cho‘nqirliklarga to‘la. U bir mamlakatning shahzodasi edi. Lekin taqdir shahzodaning oyoq-qo‘liga kishan urib, qullikka mahkum etdi. Ammo, qullikka mahkum etilgan shahzoda kun kelib buyuk mohir sarkarda va Misr sultoni bo‘lishi hech kimning hayoliga kelmagandi. 

Quyida Xorazmshohlarning so‘nggi vakili, murg‘ak ko‘zlari bilan mo‘g‘ullar tomonidan ona vatanning vayron qilinishini ko‘rgan, «Mo‘g‘ullar g‘olibi» nomi bilan tarix zarvaraqlaridan joy olgan Sayfiddin Qutuz haqida hikoya qilamiz.

Mo‘g‘ullarning Islom olamiga bosqini

XI asrning oxiri, XII asrning boshlarida yer yuzida yangi kuch paydo bo‘la boshladi. Bu kuch qora bulut misoli asta-sekin yer yuzini qoplab kelardi. Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan qoloq hisoblangan mo‘g‘ul-tatar qabilalari kuchli davlat barpo qilish uchun birlashib, dunyo hukmronligi uchun kurash boshladi. Bu kuchning boshida Chingizxon (asl ismi Temuchin) ismli sarkarda bo‘lib, mo‘g‘ullar zabt etgan yerlar Yapon va Sariq dengizlaridan Irtish daryosigacha, Sibir yerlaridan Xitoygacha bo‘lgan katta hududni o‘z ichiga olgan edi. Mo‘g‘ullarning vahshiylarcha qilgan ishlari aqlga sig‘mas darajada edi. Ular xalqni ommaviy tarzda qilichdan o‘tkazib, ayollar va bolalarni qul qilardi. Hatto, beshikdagi chaqaloq ham ulardan omon qolmagan. Islom tarixchisi Muaffiq Abullatif o‘zining «Xabarut-tatar» nomli kitobida mo‘g‘ullarni quyidagicha ta’riflagan: «Ularning maqsadi mansab yoki boylikka erishish emas. Aksincha, odamlarni qirg‘in qilib, dunyoni vayron qilish bo‘lgan».

Sayfiddin Qutuz dunyoga kelgan davrda dunyo yangi o‘zgarishlar ostonasida edi. U XIII asrning birinchi yarmida Xorazmshohlar hududida tug‘ilgan. Lekin ba’zi manbalarda, hozirgi Turkiya hududida dunyoga kelgani ham aytiladi. Misrlik tarixchi Abul Abbos Ahmad al-Makriziyning yozishicha, Sayfuddin Qutuzning asl ismi Mahmud Ibn Madud bo‘lgan. Qutuz ismini uni asir olgan mo‘g‘ullar bergan.

Shahzodaning qulga aylanishi

Sayfiddin Qutuzning onasi Jaloliddi Manguberdining opasi bo‘lgan. Yosh Sayfiddin murg‘ak ko‘zlari bilan mo‘g‘ullar qanday qilib Xorazmshohlar davlatini talon-taroj qilinganini ko‘rdi. Bundan tashqari, u o‘z yaqinlarini cho‘ktirishga majbur bo‘lgan tog‘asining ohu-faryodiga guvoh bo‘ldi. Suvga g‘arq bo‘layotgan yaqinlarining faryodini ko‘rgan Qutuz, vaqti kelib mo‘g‘ullardan qasos olishga qasam ichadi. Bu vaqtda yosh shahzoda necha yoshda bo‘lganligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Jaloliddin Hindiston tomonga chekinayotganida qo‘qqisdan mo‘g‘ullar hujumiga uchraydi. Shunda mo‘g‘ullar ko‘p insonlarni o‘ldirib, bir qismini asir oladi. Bular orasida Jaloliddinning yosh jiyani Mahmud ibn Mamdud ham bor edi. Mo‘g‘ullar unga Kutuz – «qopog‘on it», degan nom berishdi.

Qul qilingan Sayfiddin Qutuzni mo‘g‘ullar Damashqdagi qul bozoriga olib borishdi. O‘sha vaqtda Misrda hokimiyatda bo‘lgan Ayubiylar qullarni sotib olib, ularni tarbiyalab qo‘shin tuzishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha vaqtda sultonning noibi ham ma’mluk (qul) bo‘lgan. Damashqdagi qul bozoridan Sayfiddin Qutuzni Ibn Zaym sotib oladi. U kishi ma’mluklardan bo‘lib, Zaym yosh Sayfiddinga islom va harb ilmidan saboq bera boshlaydi. Oradan vaqt o‘tib Qutuz Qohira shahriga ko‘chib o‘tadi. U Misr hukmdori Al-Muizza Izzuddin Oybekning xizmatiga kiradi. Vaqt o‘tishi bilan Sayfuddin Qutuz Izzuddin Oybekning eng ishonchli sarkardalaridan biriga aylandi.

Misr hokimiyatining Qutuz qo‘liga o‘tishi

1254 yilda baxriylar amiri Oqtoy boshqa amirlar bilan til biriktirib, sulton Oybekka qarshi bosh ko‘taradi. Ammo, boshqa tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, amir Oqtoyning ma’mluklar orasida nufuzi oshib ketgan. Sababi, 1253 yilda Misrda yirik qo‘zg‘olonlar bo‘lib, bu qo‘zg‘olonlarni amir Oqtoy bostirgan. Oqtoyni obro‘si oshib ketishidan qo‘rqqan sulton Oybek uni o‘limga mahkum etadi. Oqtoyga yaqin bo‘lgan Rukniddin Beybars (Misr sultoni), Qalaun va boshqa mamluklar ham o‘zlarini shunday taqdir kutayotganidan qo‘rqib, Suriyaga qochib ketishadi.

1257 yilda Izzuddin Oybek fitnachilar qurboni bo‘ldi. Sayfuddin Qutuz o‘zining harbiy kuchidan foydalanib, Oybekning 15 yoshli o‘g‘li Al-Mansur Nuruddinni taxtga o‘tkazadi. Shu orqali Qutuz hokimiyatni tom ma’noda qo‘lga kiritdi. Qutuz Rukniddin Baybars va boshqa mamluk amirlariga maktub yozib, ulardan Misrga qaytib kelishini so‘raydi. Shunday so‘ng Baybars Misrga qaytib keldi. Qutuz Baybarsni Liviya cho‘lidagi vohalarning amiri etib tayinlaydi.

Mo‘g‘ullar O‘rta asr dunyosidagi nasroniylari uchun ham, musulmonlarga ham yengilmasdek tuyular edi. Sababi, hali hech bir kuch ularni to‘xtata olmagandi. Shom shaharlaridan Qohiraga qochib kelgan musulmonlar mo‘g‘ullarning vahshiyliklari haqida gapirib, barchani dahshatga solishar edi. Bu vaqtda Misrning yosh sultoni Al-Mansur Nuruddinning parvoyi falak bo‘lib, o‘z tengqurlari bilan o‘yin o‘ynashdan bo‘shamasdi. Bundan tashqari, yosh sulton onasining gapidan tashqariga chiqmas edi. Bir kuni Sayfuddin Qutuz tengdoshlari bilan eshak ustiga chiqib o‘ynayotgan yosh sultonni ko‘rib, og‘ir xo‘rsinib shunday deydi:

«Misrning sultoni shumi? Chindan ham shaharlarni shunday mas’uliyatsiz o‘spirin boshqarishi kulfatdan boshqa narsa emas. Davlatni men boshqarayotgan ekanman, uning taqdiri uchun xavotir olmasam ham bo‘ladi. Men sultonning noibiman. Shu fursatdan boshlab sultonning o‘yin qaroqligi meni chalg‘itmaydi. Unga ta’lim va tanbeh beraverib charchadim»,

Bag‘dodning qulashi

Bir kuni Sayfuddin Qutuzning huzuriga chopar kelib, unga yuborilgan ikkita maktub taqdim etadi. Qutuz birma-bir maktublarni o‘qishga kirishadi. Birinchi xatni o‘qib tugatmay uning yuzi o‘zgarib, ko‘zlaridan yosh oqa boshlaydi. Shunda vazir kirib, qayg‘uga botib turgani sultondan «amirim sizni nima tashvishga soldi?” deb so‘raydi. Qutuz esa unga «bilimlar o‘chog‘i bo‘lgan Bag‘dod mo‘g‘ullar hukmdori Hulokuning poyiga qulabdi», deya javob beradi. Bu vaqtda tarix solnomalari 1258 yilni ko‘rsatayotgan edi.

1258 yil 20 fevral kuni Huloku boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shini Bag‘dodni ishg‘ol qilib, musulmonlar xalifasi Mutasimni vahshiyona qatl qilishdi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, mo‘g‘ullar shaharda 40 kuni qatliom uyushtirib, bir millionga yaqin musulmonning qonini to‘kishgan va dovrug‘i dunyoga yoyilgan «Maktabatul Bag‘dod» nomli kutubxonaga o‘t qo‘yishgan. Mo‘g‘ullar Shom diyorlarini qo‘lga kiritgach, o‘zlarining minglagan qo‘shinlari bilan Arab yarim oroliga qarab yurish boshladilar.

Qutuz mo‘g‘ullar kun kelib Misrga ham bostirib kelishlarini bilardi. Doktor Ali Sallabiy o‘zining «Al-mag‘lut baynal val inqisor» nomli kitobida mo‘g‘ullarni Misrga borishga turtki bo‘lgan quyidagi faktlarni keltirgan:

Birinchi – mo‘g‘ullar kengaytirish siyosati bilan bir mamlakatni bosib olsa, albatta, keyingisiga o‘tar edilar. Demak, ularni Falastindan keyingi bosib olmoqchi bo‘lgan yeri Misr bo‘lgan.

Ikkinchi – Islom dunyosida Misrdan boshqa mo‘g‘ullarning hujumini bartaraf qila oladigan musulmon davlati qolmagandi. Islom davlatlari, qal’alari, shaharlari deyarli qulab, faqat Misr qolgan edi.

Uchinchi – Misr muhim strategik joy bo‘lgan. Chunki u eski sivilizatsiyaning markazida joylashgan bo‘lib, jahonning asosiy savdo yo‘li edi.

To‘rtinchi – Misr Shimoliy Afrikaga olib o‘tuvchi darvoza hisoblangan. U vaqtda mag‘rib katta o‘lka edi. Misr qulasa, Mag‘rib ham hujumlarga dosh berolmay, parchalanishi turgan gap edi.

Beshinchi – Misrda davlat boshqaruvi yaxshi bo‘lib, ko‘p muvaffaqiyatlarga erishgan islomiy harakatlar, dinda sobit turish hamda mo‘g‘ullar bosqinidan qochib kelgan olimlar bor edi. Ular birlashib mo‘g‘ullar bosib olgan shaharlarni qaytarib olishlaridan xavfsirashgan.

Mo‘g‘ullarga qarshi mahoraba

Bunday nozik vaziyatda Sayfiddin Qutuz hokimiyatni to‘liq qo‘lga olishga kirishdi. U 1259 yilda ov qilish uchun poytaxtni tark etgan 15 yoshli sulton Al-Mansur Nuruddinni taxtdan ag‘darib, o‘zini sulton deb e’lon qildi. Lekin bu ishdan ayrim amirlar norozi bo‘lishdi. Qutuz esa ularga qarab «Bu ishni hokimiyatni egallash uchun qilmadim. Men bu ishni mo‘g‘ullarga qarshi kurashish uchun amalga oshirdim. Bu ish esa faqat kuchli hukmdorning qo‘l ostida amalga oshirish mumkin. Agar biz yurish qilib mo‘g‘ullarni yengsak, undan sizlar istagan odamingizni sulton qilib olishingizga rozi bo‘laman», deydi. Shundan so‘ng amirlar Sayfiddin Qutuzni sulton deb tan oladilar. Bir vaqtlar Misrga qul bo‘lib kelgan Xorazmshohlar avlodi Qutuz endi butun Misrning sultoniga aylandi. Endi uning oldida bir vazifa turardi. U ham bo‘lsa, uni qul qilib sotib yuborgan mo‘g‘ullar bilan jang qilish edi.

Sayfiddin Qutuz vaqtni boy bermay mo‘g‘ullar ustiga yurish qilish uchun hozirlik ko‘ra boshladi. Shu payt mo‘g‘ullar xoni Hulokudan unga xat keldi. Maktubda shunday yozilgan edi:

«Sizlar, sizlardan ilgari bizlarga qarshi chiqqan mamlakatlarning boshiga ne kunlar tushgani haqida fikrlanglar. Biz qanday qilib ulkan saltanatni barpo etganimiz va yer yuzini tartibsizliklardan qay tarzda tozalashimiz haqida bilasizlar. Biz ulkan hududlarni bosib oldik va ko‘plab insonlarni o‘ldirdik. Sizlar bizning dahshatimizdan qochib qutula olmaysizlar... Bizning otlarimiz tezkor, bizning kamonlarimiz uchqur, bizning qilichlarimiz yashin urishi kabidir. Bizning yuraklarimiz qo‘rqmas, bizning askarlarimiz qum kabi ko‘p. Qal’alar bizni to‘xtata olmaydi, qo‘l bilan bizlarni yengishning iloji yo‘q. Xudoingizga qilgan iltijolaringiz sizlarni qutqara olmaydi. Bizni ko‘z yoshlaringiz va ohu nolalaringiz ham to‘xtata olmaydi. Faqatgina bizdan himoya so‘raganlar va bizga tobe bo‘lganlargina omon qoladilar. Urush olovi shahringizni kul etmasidan javobingizni tezlashtiring».

Qutuz javobni uzoq kuttirmadi. U mo‘g‘ul elchilarining boshlarini tanasidan judo qildirib, Qohira va Bab Zuveyla shaharlari darvozalariga osib qo‘ydirdi. Qutuz dushmanga birinchi bo‘lib zarba berish uchun o‘z qo‘shini bilan Misrdan Falastin diyorlariga qarab yo‘lga otlandi. Qutuz qo‘shinining soni qancha bo‘lganligi aniq emas. R.Irvinning fikriga ko‘ra, Qutuz qo‘shini 100 ming askar atrofida bo‘lgan. Biroq, Qutuz askarlarining asosiy qismini tajribasiz jangchilar va turkman kavaleriyasi tashkil etardi. Yurishga tayyorgarlik amir Rukniddin Beybars o‘zining tarafdorlari bilan Qutuzning safiga kelib qo‘shildi. Shuningdek, Misr sultoni qo‘shini safiga, mo‘g‘ullar ta’qibidan Suriyaga so‘ng Misrga qochib kelgan shaxrazur-kurdlar va ayyubiylar sultoni Al-Mansur ham kelib qo‘shilgan. 

   

Sayfiddin Qutuz Beybarsga o‘z qo‘shini bilan hozirgi G‘azo hududiga yurish qilishni buyuradi. Sababi, bu yerda mo‘g‘ullar egallab olgan kichik qal’a bor edi. Misr sultoni Qutuz Quddus qirolligi bilan bitim tuzishga muvaffaq bo‘ladi. Sababi, sulton o‘z qo‘shinini nasroniylar nazorati ostidagi Akra (Quddusdagi qal’a) orqali muammosiz olib o‘tishni reja qilgan. Bundan tashqari, o‘sha vaqtda nasroniylar ham musulmonlar ham mo‘g‘ullarni umumiy dushman, deb bilishgan. Qutuz qo‘shini Akra shahrida uch kun dam olib, zaxiralarni to‘ldiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Hulokuga qarshi kurash uchun mamluklar sultoni Sayfiddin Qutuz va Berkaxon ittifoq tuzgan. Chunki Qutuz va Berkaxon Xorazmshohlar avlodidan hisoblangan. Ya’ni ikkisi ham sulton Jaloliddinning jiyani bo‘lgan. Kelishuvga ko‘ra, Berkaxon shimoldan, Qutuz esa janubdan Hulokuga zarba berishi kerak edi. Huloku Berkaxon kelayotgani eshitib, Suriyada kichik bo‘linma qoldirib, Eron tomonga chekinadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu vaqtda mo‘g‘ullarning to‘rtinchi buyuk xoqoni Munke vafot etadi. Huloku hokimiyat vorisligi masalalarini hal qilish uchun Suriyada katta qo‘shin qoldirib, ortiga qaytib ketgan.

1260 yilning sentyabr oyida mo‘g‘ullar Iordan daryosidan kechib o‘tishdi. Bu yerda ularni Sayfiddin Qutuz kutib turgan edi. Ikki qo‘shin Ayn-Jalut kengligida to‘qnashdi. Mamluklar (misrliklar) jang bo‘layotgan hududni yaxshi bilishar edi. Qutuz bu ustunlikdan foydalanishga qaror qiladi va qo‘shinning katta qismini toqqa yashiradi. U mo‘g‘ullarni tog‘ hududiga olib borib, pistirmadan hujum qilishni rejalashtiradi. Mo‘g‘ullarni pistirma tomon Beybars boshchiligidagi oz sonli qo‘shin olib borishi zarur edi.

Jangdan oldin Sayfuddin Qutuz ustozi Iziddin Abdusalomga agar bu jangda mag‘lub bo‘lsa, Baytulloh (Ka’ba) xatarda qolishini, payg‘ambar Muhammad alayhissalomning qabrlariga katta xavf paydo bo‘lishini aytib ko‘zlariga yosh oladi. Shunda Iziddin Abdusalom sulton Sayfuddin Qutuzga uchta ishni bajarishni aytadi.  Birinchisi – barcha jangchilar ro‘zador bo‘lishi, Ikkinchisi – barcha askarlar taqvoda bo‘lishi. Uchinchisi – jangga kirayotganda baland ovozda takbir aytish.

Erta tongda har ikki tomondan nog‘oralar chalinib, urush boshlandi. Sayfuddin Qutuz askarlarini ruhlantirib «Bugun o‘zimizni, farzandlarimizni, yerlarimizni himoya qilish uchun emas, Islom uchun jang qilamiz. Ey musulmon jangchilari yutqazsangiz Islom qo‘ldan ketadi. Ey qudratli jangchilar agar yutqazsangiz ortingizda yotgan payg‘ambarimiz himoyasiz qoladi. Islomni topshirib qo‘ysak, ertaga rasulullohga nima deb javob beramiz? Ey Islom askarlari Islomni himoya qiling», deydi. Bu so‘zlarni eshitgach Qutuz qo‘shini shunday takbir aytadiki, butun Ayn-Jalut vodiyi larzaga keldi.

Rukniddin Beybars o‘ylangan rejani amalga oshishi uchun mo‘g‘ul qo‘shinini hujumga o‘tishga va o‘zini ta’qib qilishlariga qo‘yib berishi kerak edi. Mo‘g‘ullar misrliklar o‘ylab qo‘ygan reja asosida harakat qildi. Jang maydonida minglab insonlar jon talvasasida baqirar, qon daryo misoli oqayotgan edi.  Mo‘g‘ul qo‘shini navbatdagi shiddatli hujum uyushtirgan vaqtda Beybars va uning odamlari vaziyatdan mohirona foydalanib chekina boshladi. Shu  paytda mo‘g‘ullarning hujumi Qutuz qo‘shinining chap qanotini tarqatib yubordi. Shunda Sayfiddin Qutuz dubulg‘asini yechib «Ey Islom, Yo Alloh, quling Qutuzga mo‘g‘ullarni mag‘lub etishga yordam ber» deb jangga kirdi. Bundan ruhlangan musulmonlar mo‘g‘ullarga bor kuchlari bilan hujumga o‘tishdi. Bir necha soat o‘tishi bilan Qutuz qo‘shini dushmanning asosiy kuchini yakson qildi. Mo‘g‘ullar ortga chekina boshladi. Lekin bu hali to‘liq g‘alaba degani emasdi. Qutuz dushmanni Bayt-Sheangacha taqib qilib kelganida, dushman avvalgidan ham kuchliroq hujum qiladi. Mo‘g‘ullarning harbiy taktikasi shunday edi. Ya’ni, o‘zlarini chekinayotganday ko‘rsatib, pistirmada turgan qo‘shimcha kuch bilan dushmanga qayta hujum qilishgan. Biroq bu taktika ushbu jangda samara bermadi. Qutuz qo‘shini mo‘g‘ullarni ikkinchi bor mag‘lub etdi.

Bu jang mo‘g‘ullarning Islom olamiga bostirib kirishni boshlaganidan beri birinchi katta mag‘lubiyati bo‘ldi va qaysidir ma’noda mo‘g‘ullarning g‘alabali yurishlariga yakun yasadi.

Сайфуддин Қутузнинг бюсти

Fitna qurboni bo‘lgan sulton

Dushmanni yer tishlatgan Qutuz otdan tushib yerni o‘pib, g‘alaba shukronasiga ikki rakat namoz o‘qidi. Muzaffar Sayfiddin Qutuz Ayn-Jalutdagi g‘alabasidan so‘ng, Misrga darhol qaytmadi. U mo‘g‘ullarni taqib qilib, Shom diyorlaridan butunlay quvib chiqaradi. Uzoq yillardan beri musulmonlar qalbini egallab kelgan qo‘rquv mahv etilgach, uni bir oddiy afsona ekanligi ayon bo‘ldi. Berybars mo‘g‘ullarni taqib etib, Suriya hududidagi Halab qal’asini egallashni istadi. Ammo, bunga sulton Sayfiddin Qutuz izn bermadi. Natijada Beybars va Qutuz o‘rtasidagi munosabatga darz ketdi.

Sayfiddin Qutuzning buyukligi Ayn-Jalutdagi mo‘g‘ullarni mag‘lub etganida emas, balki Islom ummatini mag‘lubiyat botqog‘idan olib chiqib,  g‘alaba sari yetaklaganida edi. Afsuski, musulmonlar ichidagi o‘zaro nizo tufayli Qutuz Misrga yetib bora olmadi.

Sulton Misrga qaytayotganida G‘azo yaqinida qarorgoh qurdi. Amir Beybars bir guruh amirlar bilan o‘zaro fitna tuzdi. 1260 yil 25 oktyabr kuni Beybars Sayfiddin Qutuzga yaqinlashib, undan mo‘g‘ullar asir olgan turkiy (qipchoq) qizni sovg‘a qilishni so‘raydi. Usultondan rozilik olib, sultonning qo‘lini o‘padi. Bu fitnachilar uchun ishora edi. Shunda amirlar Qutuzni o‘rab olib, o‘z sultonlarining ko‘ksiga xanjar qadab o‘ldirishadi. Misrlik saroy yilnomachisi Abd al-Zohirning so‘zlariga ko‘ra, Rukniddin Baybars halokatli zarbani bergan bo‘lsa-da, bu ishni mamluk Anas as-Silahdar qilgan bo‘lishi ham mumkin. Sayfiddin Qutuzning o‘limidan so‘ng Beybars Misrning yangi sulton, deb e’lon qilindi.

Sardor Ali 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring