Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Sobiq prezident boshi uzra qora bulutlar: hammasi nimadan boshlangan?

Sobiq prezident boshi uzra qora bulutlar: hammasi nimadan boshlangan?

Foto: Reuters.

Ukraina – sobiq Ittifoq respublikalari ichida murakkab siyosiy yo‘lni bosib o‘tayotgan mamlakatlardan biri sanaladi. Davlat siyosiy hayotida 2014-2019-yillarda prezidentlik qilgan siyosatchi, biznesmen Petr Poroshenkoning ham alohida o‘rni bor. Poroshenko davri chuqur siyosiy inqiroz avj pallaga chiqqan paytga to‘g‘ri keldi.

Saylovda Vladimir Zelenskiyga katta farq bilan yutqazgan sobiq rahbarning ishlari joyida emas: unga juda jiddiy sanalgan davlatga xiyonat qilish ayblovi qo‘yilib, uzoq yillik qamoq jazosi xavf solmoqda.

«Men raqibingiz emas, sizga o‘qilgan hukmman» 

Uch yilcha avval stadionda kechgan mashhur debatda bu so‘zlarni bo‘lajak prezident Vladimir Zelenskiy Poroshenkoga qarata aytgandi. Ayni damda ham sobiq prezident o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlar va bosimlarda Zelenskiyni bot-bot ayblamoqda. Rossiyaning Ukraina chegarasida katta qo‘shin to‘plashi va G‘arbning keskin ogohlantirishlari fonida Poroshenko bilan bog‘liq mojarolar sal xira tortganday ko‘rindi, ammo bu ishlar o‘z o‘rnida qolib ketmasligi aniq.

Xo‘sh Poroshenko nimada ayblanmoqda?

Sobiq prezidentga «davlatga xiyonat va terroristik tashkilotlar bilan oldi-berdi qilish» ayb sifatida qo‘yilgan.

Ma’lumki, 2014-yilgi taloto‘plardan so‘ng, mamlakat hukumati sharqdagi ko‘mirga boy Donbass hududi ustidan nazoratni qo‘ldan chiqardi. U yerni Rossiya qo‘llovida deya ishoniladigan kuchlar egalladi.

Ayblovlarga ko‘ra, Poroshenko 2014-2015-yillarda ushbu hududdan ko‘mir olib kelishda bosh-qosh bo‘lgan. Bu esa uning Ukrainada ayirmachi va terroristik tashkilotlar deya ko‘riladigan DXR va LXRlar bilan aloqa qilishda ayblashgan zamin yaratadi. Aytgancha, Poroshenko bu ishda yolg‘iz emas: yana bir siyosatchi, «Muxolif blok— hayot uchun» partiyasi yetakchisi, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin odami sifatida ko‘riladigan Viktor Medvedchuk allaqachon uy qamog‘ida.

Ayrim siyosiy tahlilchilarda Zelenskiy o‘zining bosh siyosiy raqibini qamoqqa tiqishga urinyapti, degan qarashlar ham yo‘q emas.

«Poroshenko Donbassdan ko‘mir olish uchun sharoit yaratgan» 

Sobiq prezidentga nisbatan ana shunday ayblovlar yangramoqda. Hammasi 2014 yil kuzidan boshlandi. Navbatdagi qish oldidan Ukraina energetikasi qiyin ahvolda qoldi: mamlakat IESlarining 40 foizi ko‘mirda ishlardi. Ko‘mirga boy hududlarni esa bo‘lginchilar egallab oldi. Qahraton yaqinlashishi bilan rasmiylarning boshi qota boshladi. Shunda hukumat uzoq Janubiy Afrika Respublikasidan ko‘mir eksport qilish rejasini e’lon qildi. Tez orada birinchi partiya mamlakatga yetib keldi.

Ammo ko‘p o‘tmay tuzilgan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish masalasi o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, tashabbus boshida turgan yoqilg‘i va energetika vaziri Yuriy Prodan ishdan olindi. Uning o‘rniga Vladimir Demshichin tayinlandi.

Oxir-oqibatda Afrikadan ko‘mir keltirish rejasi barbod bo‘ldi va Kiyev kompaniyalari mahsulotni mamlakat sharqidagi hududlardan ola boshladi. Bu holat 2017 yilgacha, separatistlar tomonidan konlar to‘liq natsionalizatsiya qilingunga qadar davom etdi.

Bu ishga aloqador bo‘lgan yirik shaxslarning boshi uzra qora bulutlar aylana boshladi: biznesmen Sergey Kuzyar 2020-yil sentyabrda qamaldi, Vladimir Demshichin esa xorijga ketishga muvaffaq bo‘ldi. Separatistlar bilan muzokarada yetakchi figura sifatida ko‘rilgan Medvedchuk uy qamog‘iga hukm etilgach, xalqa torayib, navbat Poroshenkoga kelgani oydinlashdi.

Viktor Medvedchuk va Vladimir Putin. 

Hozirda ham ko‘mir muammosi Ukraina energetikasi uchun og‘riqli bo‘lib qolmoqda.

Poroshenko... keyingi prezident?

Hozirgi mojarolardan eson-omon o‘tib olsa, keyingi prezidentlik saylovlarida Poroshenko kursini qaytarib olishi ham mumkin. Harholda, turli reytinglar shundan dalolat bermoqda.

Masalan, Socis kompaniyasi so‘rovnomalariga ko‘ra, ovoz beruvchilarning 16,7 foizi amaldagi davlat rahbari Vladimir Zelenskiyni qo‘llaydi. Petr Poroshenko esa ikkinchi o‘rinda. (12,3). Uchinchi o‘rinda esa Yuliya Timoshenko bormoqda (7,9 foiz).

«Razumkov markazi» e’lon qilgan raqamlarda ora juda yaqin – 26 foizga 24,2 foiz.

Buning ustiga partiyalar o‘rtasidagi reytinglarda Zelenskiyning «Xalq xizmatchisi» bloki Poroshenkoning «Yevropa birdamligi»  partiyasidan ortda qolishga ham ulgurdi.

Umuman olganda Ukraina prezidentlik saylovlaridan har narsani kutish mumkin. 1993 yilda mamlakat birinchi prezidenti Leonid Kravchuk birinchi turda Leonid Kuchmani mag‘lub etib, ikkinchi turda yutqazib qo‘ygandi. 2004 yilgi inqilob va shov-shuvlar ortidan hukmronlikka kelgan Viktor Yuщyenko ikkinchi urinishda juda past ovoz olgan.

To‘rtinchi prezident Viktor Yanukovich birinchi muddatniyam oxiriga yetkaza olmay 2014 yilgi voqealardan so‘ng Rossiyaga qochgan bo‘lsa, Poroshenkoning o‘zi ikkinchi muddat uchun kurashda mutlaqo yangi qiyofa – komik Vladimir Zelenskiyga yutqazib qo‘ydi. Endilikda, 2019-yilda umid bilan qaralgan Zelenskiyning reytingi pastlamoqda. Demak, ukrain xalqi ishonchini qozonish oson emas.

Eslatib o‘tish joizki, 2020-yilda ham Poroshenkoga qarshi 20 dan ortiq ishlar ochilgan. Ammo sobiq prezident ularga ustalik bilan chap bergani aytiladi.

Bu safargi ayblov ham zalvorli va mamlakatdagi ahvol esa tarang. Siyosiy kuchlar muammolarni qanday hal qiladi va sobiq prezident taqdiri nima bo‘ladi buni odil hakam – vaqt ko‘rsatadi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring