Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirdaryoda tadbirkorlar nega pulini undirib ololmayapti yoxud viloyat MIB o‘ylab topgan «anekdot»... (video)

Tahririyatimizga Toshkent viloyati, Chinoz tumani, Yallama qishloq fuqarolar yig‘ini, Achamayli ko‘chasi, 45-uyda yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor Muxtor Beysenov hamda Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Sohibkor mahalla fuqarolar yig‘ini Temir yo‘l ko‘chasi 14-xonadondan «Jamol Jasur kashfiyoti» MChJ rahbari Kamol Kalanov tomonidan  shikoyat arizalari kelib tushgan.

Tadbirkor Muxtor Beysenov aholi va tashkilotlarga avtokran xizmati ko‘rsatish bo‘yicha bir necha yildan beri shug‘ullanib keladi. Sirdaryo yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasi (YMFUK) bilan 2020 yil 15 noyabrda shartnoma imzolaydi. Shartnomaga asosan tadbirkor M39 yo‘lidagi beton BD5 ning montaj ishlarini bajarishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirkor Muxtor Beysenov:  

– 2020 yil noyabr oyidan 2021 yil may oyigacha 105 mln so‘mdan ortiq ish bajarganmiz shundan unitar korxona tomonidan bizga 27 mln so‘m to‘lab berildi. Hozirgi kunda Sirdaryo  YMFUKning  bizdan 78 mln. so‘mdan ortiq qarzdorligi bo‘lib 3 yildan beri to‘lab bermayapti. Albatta, bu ish Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudida 2023 yil 4 mayda ko‘rib chiqilgan. Ammo uning ijrosi hamon bajarilgani yo‘q...

«Jamol Jasur kashfiyoti» MChJ rahbari Kamol Kalanov ham Sirdaryo yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasidan kuyganlardan. 2013 yildan beri Sirdaryo tumanida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan Kamol Kalanov 20 ga yaqin ishchi xodimlariga bugun ish haqi to‘lashga boshi qotgan.

 – 2016 yil saylov oldidan 13 ta tuman saylov uchatskasiga olib boruvchi yo‘llarni asfalt beton qoplamasi bilan qoplaganmiz. Ammo viloyat yo‘l boshqarmasi bilan kelishilgan ish haqini oradan 7 yil o‘tibdiki ololmaymiz, – deydi biz bilan suhbatda «Jamol Jasur kashfiyoti» MChJ rahbari Kamol Kalanov. –  Qarzdorlikni undirish bo‘yicha Sirdaryo tumanlaro iqtisodiy sudi tomonidan qaror chiqarilgan. Ushbu qaror bo‘yicha Sirdaryo viloyat MIB, Sirdaryo tuman MIB, Mirzaobod tuman MIB tomonidan garchi qarorda qarzdorlik undirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da 2018 yildan buyon to‘lovlarni undirish qaror ijrosi paysalga solib kelinmoqda. Qisman-qisman ozrog‘ini to‘ladi, 865 mln. so‘m qarzi bor hozir bizdan. Biz soliqlarning hammasini to‘lab kelganmiz. Hali bu tashkilotdan ishlagan haqimizni olganimiz yo‘q, lekin MIB bizdan soliqlarni undirib olishda faollik va jonbozlik ko‘rsatayapti. Zahiradagi texnikalarimni sotib oylik to‘lashga majbur bo‘ldim, endi hech vaqom yo‘q, shu bois tadbirkorlikni tugatishga majbur bo‘layapmiz. Qarzdorlik vaqtida bizga to‘lab berilganda, men yangi ish o‘rinlari yaratardim, yangi texnikalar olib kelardim. Uning o‘rniga biz hozir faqat idorama-idora yuribmiz. Shu pulni undirish uchun faqat sansalorlikka duch kelayapmiz. Ishga ishtiyoqam yo‘qoldi...

 «Sadaf-Guliston» MChJ mutaxassisi Davron Niyozov:

– Sirdaryo yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasi (YMFUK) bilan biz ham shartnoma tuzganmiz. Ya’ni, yoqilg‘i masalasida. Biz chetdan va o‘zimizdan neft mahsulotlarini olamiz va tarqatish faoliyati bilan shug‘ullanamiz. Hozir shu kungacha 330 kun bo‘ldi garchi qarz undirilishi bo‘yicha sud qarori qaror chiqarilganiga qaramay hali Sirdaryo YMFUKdan pulimizni undirib ololmayapmiz. Ularning bizdan 50 mln so‘mdan ziyod qarzi bor. Yo‘l qurilishi uchun ishlatilgan avtoulovlarga bizning korxonadan yoqilg‘ini qarz olishgan. O‘zimizning ham 2 mlrd so‘m kreditimiz bor. Soliqlarni vaqtida to‘laymiz, ammo bir yil bo‘ladi yaqinda pulimizdan darak yo‘q.

Tahririyat xodimlari ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Sirdaryoga otlandik. Va Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Majburiy ijro byurosiga bordik. Ammo MIBga kirishning o‘zi azob ekan. Qo‘lini qovushtirib olgan dimog‘i juda baland xodim bu yerga kira olmasligimizni bir necha qonun bandlari bilan eslatdi. Jurnalistni kirgizmaslik haqida shunchalik ko‘p qonunlar bor ekanki, hatto og‘iz ochishga qo‘yishmadi. Chunki ular har qanday kelgan fuqaroning og‘ziga bir necha qonunlar bilan shartta-shartta urib tashlash hadisini olgan va bu o‘zlarini har tomonlama himoya qilish uchun eng tajribadan o‘tgan amaliyotligi ko‘rinib turardi. Agar Sirdaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati ruxsat bersa... yoki ulardan birortasi bilan kelsalaringiz... degan shartlari bizga ma’qul keldi. Va biz O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasiga bordik.

U yerga ham shundoq kirib keta olmas ekansiz. Eshik oldida o‘tirgan qo‘riqchilar tepadan kimnidir chaqirdi. Biz Mirzaobod tumani MIBga borishimiz uchun ruxsatnoma kerakligini aytganimizdan so‘ng oldimizga chiqqan yigit hozir javobini aytaman, deb kirib ketdi. Ishimiz oson bitayotganidan xursand edik – hozir biz bilan birortasi tuman MIBga boradi yoki buyoqdan kirishga ruxsat beringlar, degan qo‘ng‘iroq bo‘ladi degan o‘y bilan 10 daqiqa kutdik, 20 daqiqa kutdik va bir soatdan keyin boyagi yigit chiqib, kechirasizlar,  axborot xizmati boshlig‘imiz kasal ekan, degan javobni aytdi...

Ungacha biz ekran-tabloda MIB haqidgi rolikni 100 martalar ko‘rdik, unda shunday gaplar qulog‘imda o‘rnashib qoldi: «MIB sizlarni sansalorlikdan qutqaradi...» Jurnalist bir og‘iz axborotni olish uchun kirolmagan joyga oddiy fuqaroning yetib borishini va qanchadan-qancha sansalorlikni boshidan o‘tkazishin tasavvur qiling. Bizning maqsadimiz MIBdagilarga qarzdorlikni nega undirib bermayapsizlar deb yoqasidan olishmas edi. Maqsadimiz bir og‘iz o‘sha sud qarorida ko‘rsatilgan ijroni bajarish MIBning vazifasiga kiradimi yo‘qmi yana bir bor ishonch hosil qilish edi...

Bir soat ichida qanchadan-qancha fuqarolarni ko‘rdik, esimizda qolgani bir fuqaroning undirishi kerak bo‘lgan pulni undirolmayotgani, har safar turli bahonalar bilan qaytarilayotganini qorovulga shikoyat qilgan holati bo‘ldi. «Bu yerga qatnayverib charchadim, hozir kirib ketgan xodim yangi anekdot to‘qib chiqadi, chunki javob yo‘q bular-da», dedi. Yangi anekdot nimasi ekan, deb o‘ylab o‘tirgan joyimizda, axborot xizmati boshlig‘i kasal bo‘lib qolgani haqidagi javobni eshitdik... Jurnalistlar uchun bir soat davomida o‘ylab topilgan o‘sha fuqaro eslatgan «anekdot»ga kulishimizniyam yig‘lashimizniyam bilmay ortga qaytdik...

Ammo hamon qulog‘imiz ostida tablodagi ovoz jaranglaydi: «Majburiy ijro byurosi sansalorlikka yo‘l qo‘ymaydi...»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring