Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi chaqirildi

Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi chaqirildi

2021-yil 8-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Senat raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisini 2021-yil 23-aprel kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. «O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida»gi, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi, «Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi, «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi, «Psixiatriya yordami to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sherikchilikni ta’sis etuvchi sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2019-yil 31-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2020-yildagi faoliyati, Bosh prokurorning prokuratura organlarining 2020-yildagi faoliyati, Markaziy banki boshqaruvi raisining Markaziy bankining 2020-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari eshitilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash holati to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi muammolar, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari va boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring