Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

School 21 O‘zbekistondagi ilk tavallud ayyomini nishonladi

School 21 O‘zbekistondagi ilk tavallud ayyomini nishonladi

Joriy yilning 21 dekabr kuni School 21 raqamli texnologiyalar maktabi O‘zbekistondagi faoliyatining bir yilligini keng nishonladi. O‘tgan davr mobaynida maktab 18 yoshdan oshgan har bir xohlovchi uchun IT dunyosiga yo‘lboshchi vazifasini o‘tadi, minglab insonlarga IT sohasida o‘z kuchini sinab ko‘rish va axborot texnologiyalari sohasida talab yuqori bo‘lgan kasb bo‘yicha o‘z karerasini bepul boshlashga imkon yaratdi.

Shu kuni ta’lim ishtirokchilari va maktab jamoasini faxriy mehmonlar – O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, viloyat hokimining raqamlashtirish bo‘yicha maslahatchisi Ansor Anvarov, O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev va Samarqand IT PARK direktori Sherzod Yusupovlar tabrikladilar. Ular loyihaning mamlakat hayoti uchun ahamiyatini alohida ta’kidlab, ishtirokchilarga IT-hamjamiyatning ko‘zga ko‘ringan vakillari bo‘lishdek ulkan maqsadga erishishlarini tiladilar.

Oleg Pekos, Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari:

«School 21 loyihasi nafaqat shunchaki maktab, balki O‘zbekiston raqamli transformatsiyasining muhim qismi va ijtimoiy liftning yorqin namunasidir. Barcha 18 yoshdan oshganlar uchun bepul ta’lim imkoniyati, zamonaviy shart-sharoitlarga ega kampus va «peer-to-peer» metodologiyasi har bir kishi uchun barqaror rivojlanayotgan IT sanoatida keng yo‘l ochadi. Bu yerda muvaffaqiyat erishish dastlabki bilimga emas, aksincha motivatsiyaga, mehnatsevarlik va rivojlanish qobiliyatiga bog‘liq. Bunday tashabbuslar mamlakatimizda kuchli professional jamiyatni barpo etishda mustahkam zamin yaratmoqda. Kelgusi yilda maktabning yanada taraqqiy etishini va shijoatli talabalarga ega bo‘lishini tilayman».

Kampus tashkil topgan kun munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar kun bo‘yi davom etdi. Erta tong rasmiy qism bilan boshlandi, unda maktab jamoasi tomonidan yil davomida erishilgan yutuqlar va hamkorlik loyihalari taqdim etildi. Ta’lim ishtirokchilari hozirda amalga oshirilayotgan loyihalari: plastik kartochkalarni tekshirish uchun mo‘ljallangan kiber-axborot portali, qo‘lda yozilgan va bosma murakkab shriftlarni tanib oluvchi sun’iy intellekt, shuningdek raqamli yechimlarni ishlab chiqish va keng tarqatish bo‘yicha IT laboratoriyasining bulutli infratuzilmasi haqida so‘zlab berishdi. Ta’lim, volontyorlik va jamiyat taraqqiyotida alohida o‘rin egallagan ishtirokchilar taqdirlandi. Maktab mukofotlari Jasurbek Nuriddinov, Taxir Baylepesov, Jurabek Kamolov va Sevinch Suinovaga nasib etdi.

Zarina Luxmanova, School 21 asosiy ijrochi direktori:

«Bu yil Samarqand va Toshkent shaharlarida 3,5 ming nafardan ortiq ishtirokchilar ta’limga qo‘shildi. Biz sohaning asosiy ko‘zga ko‘ringan vakillari bilan 46 ta memorandum va shartnomalar imzoladik, o‘nlab tadbirlar tashkil etdik, shuningdek Job & Edu Fest, ICT Week, GDG DevFest 2024 va boshqa shu kabi forum va ko‘rgazmalarda qatnashdik. Biz faol ish olib borish orqali loyihani rivojlantishga hamda fuqarolar, biznes va davlat manfaatlarini birlashtiruvchi kuchli ta’lim va texnologiya markazini yaratishga erishmoqdamiz».

Kun davomida ishtirokchilar yetakchi ekspertlar, jumladan Mohir dev, Babai Systems va Brain Power Evolution vakillarining ma’ruzalarida qatnashishdi. Ma’ruzachilar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish bilan birga, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. Ayniqsa, Mobiuz, SamITGlobal, IT Park Samarkand, Samarqand viloyati IIB kabi maktab hamkorlari tomonidan blits-suhbatlar o‘tkazilgan va karera bo‘yicha maslahatlar berilgan Career Corner barchada alohida qiziqish uyg‘otdi.

Jasurbek Nuriddinov, asosiy ta’lim ishtirokchisi:

«Yarim yildan ortiq vaqtdan buyon School 21 ning asosiy ta’limida ishtirok etaman. Maktab men uchun ikkinchi uyimga aylandi, chunki ko‘p vaqtimni shu yerda o‘tkazaman. Maktabda rivojlanish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan: ta’lim uchun platforma, yotoqxonada yashash, mashg‘ulotlar zalida sport bilan shug‘ullanish va dam olish imkoniyati. Har doim bizni qo‘llab-quvvatlashga, yordam berishga va motivatsiyani oshirishga tayyor bo‘lgan maktab jamoasi: komyuniti menejerlari, texnik mutaxassislar va ish bilan ta’minlash bo‘yicha menejerlar biz bilan birga. Bu yerda ta’lim «peer-to-peer»ga, ya’ni baholarsiz, murabbiylarsiz va belgilangan jadvallarsiz, hamma bir-biridan o‘rganadigan usulga asoslanadi. Bu o‘z vaqtini to‘g‘ri boshqarish va o‘quv jarayonini mustaqil ravishda rejalashtirishni talab etadi.

Bugun maktabning tug‘ilgan kuni munosabati bilan tashkil etilgan deyarli barcha tadbirlarda qatnashdim, bir nechta intervyulardan o‘tdim va qimmatli tajribaga ega bo‘ldim. Qolaversa, IT kviz’da o‘ynadim va o‘zimni turnirlarda sinab ko‘rdim. Davlatimiz biz yoshlarga IT sohasida bepul ta’lim olish imkoniyatini yaratayotganidan juda xursandman».

Kampusning to‘rtta qavatida interaktiv zonalar tashkil etildi. Mehmonlarga talabalar klublari va dasturlash asoslari bilan tanishish, IT kviz’larida ishtirok etish, mantiqiy qobiliyatlarini o‘yinlarda sinab ko‘rish va navbatdagi saralash «hovuz»iga ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratildi. PlayStation, VR va XBOX zonalaridagi turnirlar tadbirga raqobat va quvonch ruhini qo‘shdi. Nuwa robotlari bilan hamma muloqot qilishi, raqs tushishi, qo‘shiq aytishi va o‘yinlar orqali ingliz tilini o‘rganishi mumkin bo‘ldi. Tadbir ko‘chadagi Yangi yil archasi yonida nihoyasiga yetdi, u yerda chiroqlar tantanali ravishda yoqilib, minnatdorchilik so‘zlari va kelgusi yil uchun tilaklar bildirildi.

School 21ning ilk tug‘ilgan kuni shunchaki bayram emas, balki mamlakat IT-hamjamiyati uchun muhim voqea bo‘lib, IT -mutaxassislarining yangi avlodini tayyorlash va O‘zbekistonning raqamli ekotizimini rivojlantirishda maktabning rolini ta’kidladi.

Fursatdan foydalanib, School 21ning a’zosiga aylanish va IT sohasida o‘z kuchini sinab ko‘rishni xohlovchilarning barchasini 26 kunlik saralash «hovuziga» taklif etamiz. Uning eng yaxshi ishtirokchilari o‘rtacha 1,5 yildan 3 yilgacha: muddat ishtirokchilarning tanloviga bog‘liq, davom etadigan asosiy ta’lim bosqichiga o‘tadilar.

Navbatdagi saralash «hovuzlari» sanalari:

- Toshkent – ​​27 yanvar, arizalar 22 yanvargacha qabul qilinadi

- Samarqand – 27 yanvar, arizalar 22 yanvargacha qabul qilinadi

21-school.uz havolasi orqali o‘qish uchun ariza topshirish mumkin.

Samarqand
📧 [email protected]
📞 +998930394442
📍 Samarqand, Ibn Sino ko‘chasi, 17a

Toshkent
📧 [email protected]
📞 +998 93 039 4447
📍 Toshkent, Ziyolilar ko‘chasi, 13

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring