Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Quyosh bolalari» (Esse)

«Quyosh bolalari»  (Esse)

Agar vaqt borasidagi qat’iy tartib qoidalari bo‘yicha musobaqa tashkil etilsa, men olmon va yaponlarni ortda qoldirib oliy o‘rinni band etishim aniq. Sababi, vaqti kelishilgan uchrashuvlarga hech qachon kechikmayman. Doim bir yoki yarim soatlar oldin borishga harakat qilaman. O‘zim ham kechikmayman, kechikkanlarni ham jinim suymaydi. Aytilgan vaqtdan so‘ng kutishga toqatim ham yetmaydi. Lekin, vaqtdan oldin borib o‘tirishni kutish deb hisoblamayman. Men bu lahzalarni maroqli kuzatuv deb nomlayman. Ayniqsa, bu kuzatuv jarayoni shom vaqtida, yoz kunining jaziramasini ijro qilaman deb kuni bilan holdan toygan quyoshning, va nihoyat, chuqur xo‘rsinib, sarg‘ish nimpushti sochlarini ufqdan yig‘ib olayotgan betakror mahalida sodir bo‘lsachi?! Oh, qanday sururli! Shaharning poyi-piyoda yoki velosepidda sayr etsa bo‘ladigan naqshinkor va keng yo‘lkalari chetiga joylashtirilgan qator o‘rindiqlaridan biriga joylashib olasan. Jilokor shom ufqini tomosha qilasan. Ortingda turgan oppoq bino qizg‘ish quyosh nurlari ostida, birdan o‘zgacha qiyofaga kirib oladi. Ertaklardagi sirli va sehrli qasrlar kabi yaraqlay boshlaydi. Bexos, quyosh seni qalbinga botayotgandek, ajabtovur va beqiyos bir his uyg‘onadi. Birdan hayollaringda bundan ko‘p yillar oldin bo‘lgan bir voqea jonlanadi.

U vaqtlarda 25-30 yoshlar oralig‘ida edim. Bolalarim ham biri olti, ikkinchisi uch yoshlarda edi chamamda. Istirohat bog‘iga kechki sayr uchun chiqqan edik. Bolalarim dadasi bilan arg‘imchoqda qiyqirib uchishar, men esa ularni kuzatib o‘tirardim. Bir mahal 10 yoshlar chamasi bolakay yugurib kelib meni qattiq quchib oldi. Uning quchog‘i, tafti shu qadar qaynoq ediki, beixtiyor o‘zimni yozgi quyosh tig‘i ostida qolgandek his etdim. Men ham uni quchdim. Uning yuzchalariga tikildim. Oppoq yuz, o‘ta mehrli nigoh, shunday mehrki, hali biror bolada bundayin mehrni his etmaganman. Guyoki, allaqchon botib ketgan quyosh, bolakayning o‘tli chehrasidan chiqib kelayotgandek edi. Da’fatan bolakay menga tanish ko‘rindi. Juda tanish. Bizga jilmayib boqib turgan onasiga qaradim. «Opasi, uzr o‘g‘lim shuncha odam ichidan sizni tanladi. U oqko‘ngil insonlarni biladi» –dedi hijolatomuz.

Yana bolakayga qaradim. Men bu bolakayni juda ko‘p marotaba ko‘rganimni his etdim. Ha, ko‘rganman. Uni quyoshda ko‘rganman. Yaratgan qolgan barcha oddiy odamlarni tuproq va suvdan yasab bino etgan bo‘lsa, bu bolakayning tuprog‘iga tongda chiqib kelayotgan quyosh nurlaridan qo‘shgan. U kabi bolakaylar tanlab yaratiladi. Maxsus yaratiladilar va parqu bulutlardan yasalgan belanchaklarga yotqizib qo‘yiladida, tanlangan mingtadan bitta baxtli odamlar uchun tuhfa etiladilar. Bolakayni yanada mahkamroq quchdim. Nurli yuzchasidan o‘pib qo‘ydim va ko‘zlarida yosh g‘iltillab turgan onasiga qarab dedim.

– Siz baxtli ayol ekansiz, yaratgan sizga quyoshcha sovg‘a qipti.

Ha bolakay Daun sindromi bidan dunyoga kelgan – quyosh bolasi edi. Daun sindromi bilan dunyoga kelgan bolalarda sog‘lom odamnikidan bitta ortiqcha xromosoma mavjud bo‘ladi. Ushbu sindrom 1866 yilda uni birinchi marta tasvirlab bergan ingliz shifokori Jon Daun nomi bilan atalgan.Tug‘ma sindromning kelib chiqishi va xromosomalar sonining o‘zgarishi orasidagi bog‘liqlik faqatgina 1959-yilga kelib fransuz genetigi Jerom Lejen tomonidan aniqlangan. Yo‘q, agar aniqlangan desak, ozgina xato qilgan bo‘lamiz. Sindromning kelib chiqish sabablari to‘liq aniqlanmagan. Chunki, kuzatuvlar, tadqiqotlar o‘zini oqlamagan. Shu sababli, hozirgi vaqtda Daun sindromi bilan tug‘ilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan bir qator umumiy ehtimoliy omillar ishlab chiqilgan. Bu omillar: Onaning yoshi, ya’ni  onaning yoshi ulg‘aygan sayin, Daun sindromi bo‘lgan bolani tug‘ish ehtimoli ortadi. Ammo 35 yoshgacha tuqqan ayollarda ham Daun sindromi bo‘lgan bolalar tug‘ilishi mumkin. 40 yoshlardagi ayollarda 30 yoshli ayollarga qaraganda Daun sindromi bilan bola tug‘ilish ehtimoli 40 baravar ko‘p; Ota-onalarning yaqin qarindoshligi va yana irsiy moyillik.

Lekin, oxirgi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Daun sindromi bo‘lgan chaqaloqning tug‘ilishi ona yoki otaning turmush tarziga bog‘liq emas.

Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalar sog‘lom bolalarga nisbatan har tomonlama; jismoniy, ruhiy jihatdan rivojlanishi anchagina kechikadi. Bir so‘z bilan aytganda ularning katta bo‘lishi qiyin kechadi. E’tibor va mutassil jismoniy – ruhiy mashqlar orqali sog‘lom tengdoshlariga yetib olishlari mumkin.

Sankt Peterburg futbol komandasi.

Kasallikni bola tug‘ilmasdan aniqlash usullari hali topilmagan. Ultratovush va skrining tekshiruvlari ham samara bermaydi. Yapon falsafasidan kelib chiqqan holda, yapon olimlari orasida bir gap yuradi. Emishki, Daun sindromi bilan tug‘iladigan bolalarning genlariga qandaydir sabab bilan quyosh nuri to‘lqinlari singib qolar ekan. Bitta oshiqcha xromosoma bu quyosh nuri deb hisoblanarkan va quyosh bolalari deb atalish sababi ham huddi shu ertaknamo falsafaga borib taqalar ekan. Ikkinchi ma’lumot esa sindrom tashxisi bilan bog‘liq bo‘lib, bundan ko‘p yillar avval Shvetsiya olimlari chuqur, DNK va skrining tekshiruvlari orqali ona qornidayoq homiladagi kasallikni aniqlay olamiz deyishgan va tadqiqot hamda ijro ishlari boshlanib ketgan. Tekshiruvdan o‘tib, homilasida Daun sindromi tashxisi qo‘yilgan ayollar ommaviy tarzda abortlarni amalga oshira boshlashgan. Natija esa hayratlanarli tarzda yuzaga chiqqan. Huddi shu qirg‘in yillar mobaynida Shvetsiyada Daun sindromi bilan kasallangan bolalarning dunyoga kelishi foizi 3-4 baravar oshib ketgan. Ushbu teskari jumboqni esa hech kim yechib bera olmagan.

Bu kasallikni davolab bo‘lmaydi, lekin Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolaning rivojlanishini yaxshilash, jamiyatda o‘z o‘rnini egallashiga imkoniyat yaratish uchun unga maxsus jismoniy va ruhiy ko‘mak ko‘rsatilishi mumkin. Ular besh yoshga qadar jismonan, aqliy va lingvistik jihatdan qanchalik ko‘p rivojlansa, kelajakda unga ham, ota-onasiga ham shunchalik oson bo‘ladi. Bunday bolalar psixologik jihatdan tengdoshlaridan orqada qoladilar. Diqqatni bir joyda ushlab turish qobiliyati ham juda past bo‘ladi. Bola muntazam ravishda shifokor ko‘rigidan o‘tishi va kerakli muolajalarni olib turishi lozim. Ular jismonan tengdoshlaridan orqada qoladilar. Daun sindromli bolasi bor ota-onalarni topish va ular bilan muloqot qilish har tomonlama yengillik keltiradi – maxsus reabilitatsiya dasturlarini topib, ishtirok etish tavsiya etiladi. Boshqa bolalar bilan o‘yin maydonchalariga, kafelarga, bog‘larga borishni o‘rganish yaxshi natija beradi. Juda tortinchoq, odamovi bo‘lishadi va shu sabab bola uyalmaslikni o‘rganishi kerak. Bu kabi bolalarni jamiyatdan yashirmay, moddiy va ijtimoiy yordam so‘ragan ma’qul. Tushkunlikka tushmaslik lozim. Daun sindromli bolalar, boshqa bolalar kabi, ota-onalarini juda yaxshi ko‘radilar va ularning mehriga muhtoj bo‘ladilar...

Sizlarga tasavvur uyg‘onishi uchun Daun sindromi haqida qisqacha to‘xtaldim. Yana quyosh bolasi, uning onasiga yuzlanaman. Turmush o‘rtog‘im shifokor emasmi, xuddi men kabi bir qarashdayoq quyoshbolani taniydi va farzandlarimizni yetkalaganicha, «Biz aylanishda davom etib turamiz, yetib olarsan!» – degandek bosh irg‘ab yonimizdan o‘tib ketadi. Chunki, men bu paytda quyoshbola va uning onajonisi bilan allaqachon suhbatni boshlab yuborgan bo‘laman.

– Bolam tug‘ilganidayoq shifokorlarning pichir-shiviridan ko‘nglim allanarsani sezgan, keyinchalik, «Bolangiz genetik kasallik bilan dunyoga keldi. Bundayin bolalar har 800-1000 boladan bittasida uchraydi. Ular aqlan zaif, jismoniy va ruhiy jihatidan ham boshqa sog‘lom bolalardan anchayin ortda qolgan bo‘ladilar» – deb ma’lumot bergan edi.

– Ismini aytib chaqirsam qaraydimi? – dedim ko‘z yoshlarimni to‘xtatolmay.

– Yo‘q! – qat’iy javob berdi shifokor, – Menimcha, u sizni anglab ololmaydi.

Shu bilan men tug‘ruqxonadan quchog‘imda umidsizlik, tushkunlik hamda shifokorlar ta’riflagani kabi beburd bolaginamni quchganimcha chiqib keldim. Ammo, tushkunlikka ko‘p berilmadim. Turmush o‘rtog‘imning daldasi bilan bolamni katta qila boshladim. Bor vaqtim hamda hayotimni bolajonim uchun berishga tayyor bo‘ldim. Avvaliga Daun sindromi haqidagi bor adabiyotlar bilan tanishdim. Keyin xuddi o‘zimiz kabi Ona-bolalarning markazlarini topdim. Albatta, bu manzilga yetib kelishim ham oson bo‘lmadi. Bolamni maxsus yetimxonalarga topshirishni maslahat berguvchilar ham, ustimizdan kuluvchilar ham topildi. Bir safar tanishim orqali bizni qandaydir odam yo‘qlab keldi. Yaxshilik qilgisi, bizga yordam bergisi kelganini aytdi.

– Chet mamlakatlarda bundayin bolalarni farzandlikka boqib olish uchun oilalar navbatda turishadi va katta pul to‘lashadi. Agar bolangizni topshirsangiz ham farzandingizdan ko‘nglingiz to‘q bo‘lardi, ham kattagina mablag‘ga ega bo‘lib, uy-joyli, mashinali bo‘lib qolardingiz.

Men u odamni darrov tushundim. Aynan meni quyoshcham kabi bolalarni farzandlikka saqlab oladigan oilalarni ham murod-maqsadini anglab yetdim. Nima deb o‘ylaysiz, bu oilalar qanday sabab tufayli quyosh bolalarini farzandlikka xohlashadi? Sababi, bundayin bolalar noyob insonlar bo‘lishadi. Ular yolg‘on, yomonlik, hasad kabi insonni tuban etuvchi illatlardan batamom holi bo‘lishadi. Quyosh bolalar uchun bu olam faqat yaxshiliklar va yaxshi odamlardan tarkib topgan.

Mana ko‘rib, his etib turganingizdek o‘n yildirki quyoshbolamning dunyolarga sig‘maydigan mehr-muhabbatidan bahramand bo‘lib markazda o‘zimizga o‘xshagan Ona-bolalar bilan doimiy muloqotdamiz, shifokorlar nazoratida, ruhiy va jismoniy mashqlar, sayru-sayohatlar tashkil etganmiz. Bilasizmi, bu juda hayratlanarli. Men bolajonimni hech qachon aqlan zaif deb hisoblamayman. Quyoshli bolalar qolgan sog‘lom bolalarga nisbatan aqlliroq, olam va odamlarni yaxshiroq qabul qiladigan, nihoyatda beg‘ubor, soddadil va o‘ta mehribon bo‘lishadi.

Ularga quyosh bolalari degan ta’rif bekorga berilmagan aslida. Ularning vujudidan ajralib, atrofga taralib turuvchi mehr va muhabbat tafti kerak bo‘lsa butun dunyoni yoritishga qodir! Quyoshchalarimiz uchun bu olamda yomon odamning o‘zi yo‘q. Barcha birdek yaxshi, barcha birdek mehribon. Ularga huddi o‘zlari kabi mehr va e’tibor, qaynoq quchoqlar, quyoshli nigohlar kerak. Ishonch bilan ayta olamanki, yaratgan bu noyob bolalarni atay bizlarga ibrat va insonligimizni anglab yetishimiz uchun maxsus yuborgan.

Suhbat davomida Onaning ishonch va mehr bilan gapirayotgani, farzandiga bo‘lgan ulkan muhabbatiga guvoh bo‘ldim. Shunga amin bo‘ldimki, faqatgina quyosh bolalari emas, ularning Onalari ham yaratgan tomonidan tanlangan tengsiz insonlar bo‘lisharkan. Bilasizmi, tibbiyot va hayot solishtirilgan, baxsga kirishgan, munozarali mavzularda tortishib qolgan paytlarda men doimo tibbiyot tarafda turganman. Uni doim haq deb bilganman. Ammo, ayni chog‘da tibbiyot fikriga qo‘shilolmayman. E’tirozim shuki, Daun sindromi bilan dunyoga kelgan bolalar aqlan zaif bo‘lishmaydi. Ularning aqli zaif emas, aksincha, o‘tkir aqlga ega bo‘lgan, hayotni ijobiy rakurslarda ko‘ra oladigan, barchani birdek seva olishga qodir bo‘lgan, kuchli insonlardir. Bilasizmi, yana bir o‘ta hayratlanarli jihati borki, bu nafaqat men, balki, sizni ham hayratdan yoqa ushlata olishi aniq gap deb ishonaman. Quyosh bolalari qay o‘lkada, qay millat, jinsi, kelib chiqishi, boshqa-boshqa ota-onalardan dunyoga kelishidan qat’iy nazar shu qadar o‘xshash bo‘lishadilarki, agar, 5-10 nafarini bir joyda ko‘rib qolsangiz kimdir sizni ko‘z illuziyasi bilan chuv tushirganu, ko‘rganlaringiz sehrlangan ongda qad ko‘tarib, nigohingizni aldab turgan nusxalashdan o‘zgasi emas deb o‘ylashingiz tayin gap. Yana yuqorida keltirganim quyosh bolalari haqidagi ta’rifimga qo‘shimcha sifatida deymanki, yaratgan quyosh bolalari uchun maxsus tuproq, ularning bir umr bola bo‘lib qoladigan ko‘ngillari kabi toza buloq suvi va keyinchalik yuz-ko‘zlari, balki, butun vujudi, qalbidan taralib turishi uchun taftli quyosh nurlaridan qo‘shadi. Bu o‘z navbatida, bitta ortiqcha xromosoma – aslida, ortiqcha bo‘lmagan mehr-muhabbatning irsiy tayoqchasi sifatida namoyon bo‘ladi. Shu tarzda quyosh bolalari maxsus yuboriladilar va butun yer sayyorasini, insoniyat dunyosini yorug‘lik, yaxshiliklar, mehr-oqibat, muhabbatning yorqin shu’lalari bilan siylash «missiya»sini amalga oshirishda davom etaverishadilar.

Ona-bola bilan xayrlashaman va bolalarim tomonga yura boshlayman. Ammo, bir daqiqa ham o‘tmasdan ortimdan tanish ovoz keladi.

– Opajonisi, o‘g‘lim sizni yana bir marta quchib qo‘ysa maylimi?!

Bu safar quyosh bola meni ancha vaqt mahkam quchib turadi. «Sizni juda yaxshi ko‘raman!» – deydi tutila-tutila. «Men ham seni juda yaxshi ko‘raman!» –deymanda, izhorimda zarracha bo‘lsin soxtalik yo‘qligini his etib, negadir o‘zimni baxtiyor sezaman va bolakayni yanada mahkamroq quchaman. Keyin, yana xayr-xo‘shlashamiz.

Uyga qaytar ekanmiz, asta-sekin bostirib kelayotgan tun zulmatiga tikilganimcha amin bo‘lamanki, yer yuzidagi milliardlab quyoshchalar hayotimiz, ko‘ngillarimizga nur bag‘ishlash uchun atay kelganlar. Ular butun yer sayyorasidagi insoniyatga yaxshilik, go‘zallik, mehr-muhabbat bor ekan, har qandayin yomonlik, qirg‘inbarotlar va qabohatni yo‘qqa chiqara olish mumkinligini ta’kidlab, barchani nurli yo‘llar tomon chorlab turibdi. Yaxshiyam borsiz quyosh bolalari!

                                                               Mastura Abduraim qizi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring