Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishloqdagi shaharcha: ko‘p qavatli uylardagi ichimlik va oqova suvlar qanday yo‘naltiriladi?

Qishloqdagi shaharcha: ko‘p qavatli uylardagi ichimlik va oqova suvlar qanday yo‘naltiriladi?

Toshkentdan Samarqandga kiraverish joyini «Visshaya tochka» deyishadi. Bulung‘ur tumani ana shu yuqori nuqtadan boshlanadi. Magistral yo‘lda mashina harakatlanib boraverar ekan, 10 kilometrcha ham yurmay, yo‘lning chap tomonida yangitdan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni ko‘rasiz. O‘ng tomonda esa viqorli G‘o‘bdin tog‘lari  ko‘zga tashlanadi. Besh qavatli uylardan tashkil topgan shaharcha ana shunday manzarada joylashgan. Boshqacha aytganda, G‘o‘bdin qishlog‘idagi «Olmazor» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi  «Yangi O‘zbekiston» massivi bu.

Ma’lumot berilishicha, Bulung‘urdagi «Yangi O‘zbekiston» massivida 56 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Bu 1120 ta xonadon degani. Massivda 2 ta 1680 o‘rinli maktab, 3 ta bolalar bog‘chasi qurilishi ham loyihaga kiritilgan. «2023 yilda 14 ta  ko‘p qavatli uy topshirildi. Bu yil yana 30 tasini topshiramiz. Keyin yana davom ettiriladi. 9 ta qurilish pudrat tashkilotlari ish olib borayapti. Aprel oyidan boshlab tayyor uylarni aholiga topshira boshlaymiz» deydi Bulung‘ur tuman hokimining qurilish  masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Norbo‘ta Sanaqulov.

Ehtiyoj bor ekan, qishloq hududlarida ham shaharcha barpo qilish yaxshidir. Odamlar hamma joyda ham qulaylikda yashashga haqli. Ammo shahar bo‘lsin, qishloq bo‘lsin, Mars bo‘lsin, ko‘p qavatli uyda avvalo suv bo‘lmasa... buyog‘ini aytmay qo‘ya qolay. Bulung‘urda massiv uchun tanlangan joyda ichimlik suvi manbasi faqat yer osti suvi. Lekin, bu yerda qo‘shni Jomboy tumanining ayrim hududlaridagi kabi 7-8 metrda suv chiqavermaydi. Ma’lum bo‘lishicha, «Yangi O‘zbekiston»da xonadonlarga uzatiladigan suv 180 metr chuqurlikdan tortib olinar ekan.

Suv tarmoq qurilish ishlarini «Fayz binokor Oltiariq» firmasi tenderda yutib olgan. Prorab Shodi Jumayev ichimlik suvi bilan bog‘liq inshoot qurib bitkazilganini aytadi.  

– Ikkita «rezervuar»imiz bor. Har bir «rezervuar»ga 500 kub suv ketadi. Ya’ni, jami ming kub suv zahirasi doimo uzatishga tayyor turadi. Suv kamaygani sayin uskunalar avtomatik tarzda ishga tushadi va zahirani to‘ldirib boradi. Suv «rezervuar»ga kelgunga qadar filtrlanadi va xlorlanadi. Bu jarayonlar hammasi avtomatik tarzda amalga oshiriladi, – deya tushuntiradi prorab.

«Rezervuar» degani sodda tilda aytganda, usti ko‘k, gumbazga o‘xshash qopqoq ostida g‘amlangan zahiradagi, iste’molga yaroqli suv saqlanadigan handaq ekan.

«Rezervuar»dan 10-15 qadam masofadagi, unga suvni yetkazib beradigan texnik uskunalar o‘rnatilgan binoga ham o‘tdik. Shodi Jumayev tushuntirishda davom etadi.

– Massivning turli joylarida 5 ta «skvajina» ishini mana shu uskunalar kuzatib nazorat qilib turadi. Ayni vaqtda soatiga 18 yarim kilovattda ishlaydigan 3 ta nasos suvni  «rezervuar»larimiz to‘lguncha haydab beradi.

Suvni haydab beradigan nasoslar  bilan yonma-yon o‘rin olgan yashil uskunalar ketayotgan suvni nazorat qilarkan va jarayonni avtomatik tarzda boshqararkan. Masalan, trubadagi bosim ko‘tarilaversa, pasaytiradi, pasaysa ko‘taradi. «Buning natijasida toza ichimlik suvi kechayu kunduz davomida yuqori qavatlarga ham muammosiz chiqarilib beriladi» deyishdi mutaxassislar.  

Bulung‘urdagi «Yangi O‘zbekiston» massivida ichimlik suv masalasi shu zaylda yechilgan. Xo‘sh, endi oqova suv, ya’ni kanalizatsiyadan oqadigan chiqindi suv bilan bog‘liq ishlar qanday hal qilinayapti?

G‘o‘bdindan 7-8 chaqirim quyiroqda Kattaqishloq joylashgan. Shu joyga ham bordik. Uch gektarlik maydonda oqova suvni tozalash inshooti quriladi. Hozircha faqat loyiha tasdiqlangan va qurilishning ilk bosqichi boshlangan. Bu yerda bir sutkada 5 ming kub suv tozalishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot berishlaricha, tozalash inshootida «Yangi O‘zbekiston» majmuasining kanalizatsiya chiqindilari tozalanib, xlorlanadi, elektrolizlanadi. Ajratilgan texnik suv Bulung‘ur arig‘iga yo‘naltiriladi. Chiqindining o‘g‘it uchun yaraydigan qismiga esa bioqo‘shimchalar qo‘shiladi va qishloq xo‘jaligi uchun foydalaniladi.

Samarqand suv ta’minoti MChJ Bulung‘ur filiali boshlig‘i Bahrillo Fayziyevning ma’lum qilishicha, tozalash inshootiga Bulung‘ur shahridagi kanalizatsiya tizimi ham ulanadi.

– Hozirda tuman markazida oqova suv bilan ta’minlanish 9,8 foizni tashkil qiladi.   Bulung‘ur shaharachasidan tozalash inshootigacha bo‘lgan 12 km 800 metrlik tarmoq loyihasi tenderdan o‘tgan. Reja amalga oshsa «Yangi O‘zbekiston» majmuasi qatori Bulung‘ur shahri ham to‘liq kanalizatsiya tizimiga o‘tadi, tumanda oqova suv bilan ta’minlanish esa 35 foizga yetadi, – deydi suhbatdoshimiz.

Bugunda Bulung‘ur shaharchasidagi 9 ta ko‘p qavatli uyning oqova suvi alohida-alohida chuqurlikka to‘kiladi. Bunda tabiiyki, tozalash ishlari haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Demak, loyiha qulaylik bilan birga sanitariya holatini yaxshilashga va tejamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ham xizmat qiladi.

Yaxshiliklar bo‘lsin! Yaxshi gaplar haqida yozganda har qanday insonning o‘zining ruhi ham yengil tortadi. 

Faqat yaxshiliklar butun bo‘lsin. Falon joydan falon qop xlor o‘g‘irlanibdi, falon nuqta nazoratsiz qolgani tufayli pismaton holat yuzaga kelibdi degan xabarlar chiqishiga o‘rin bermaydigan yaxshi boshqaruv, risoladagidek nazorat bo‘lsin!

Mustahkam Tangriyorova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring