Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qardoshiga g‘irromlik qilgan bizga oqibat ko‘rsatarmikan?.. Senatorlarning YOIIga a’zolik borasidagi xavotirlari

Qardoshiga g‘irromlik qilgan bizga oqibat ko‘rsatarmikan?.. Senatorlarning YOIIga a’zolik borasidagi xavotirlari

Oliy Majlis Senati a’zolari

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) bilan hamkorligi masalasi jamoatchilik, ayniqsa, ziyolilar o‘rtasida keskin bahslar, ta’bir joiz bo‘lsa, ehtirosli munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu borada amaliy qadam ham qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasi qarori va bayonnomasi, O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma komissiyasi xulosalari parlamentga taqdim etildi. Oliy Majlis Senati joriy yil 11-may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida O‘zbekistonning YOIIga kuzatuvchi mamlakat maqomida kirishini ma’qulladi. Endi biz ittifoqqa begona emasmiz, ammo unga a’zo ham emasmiz – bu «sulaymonchasi»ga dono qaror bo‘ldi. Boshqasi bizga to‘g‘ri kelmasdi.

Qaror qabul qilindi. Ehtiroslar balki biroz sokinlashar?

Balki... Ammo do‘ppini olib qo‘yib, jiddiy mulohaza yuritish, uni har jihatdan asoslash jarayoni davom etmog‘i zarur. Zero, masala hali uzil-kesil hal bo‘lgani yo‘q.

Sir emas, hech bir mamlakat mahdudlikda yashay olmaydi. Bunda rivojlanish to‘g‘risida gapirib o‘tirish ortiqcha. Buyuk Ipak yo‘li va Hindiston savdo yo‘li chorrahasida joylashgan mintaqamiz o‘rta asrlarda taraqqiyotning, ilm-fan va madaniyatning cho‘qqisiga chiqqan edi. Dengiz yo‘llari kashf etilishi tufayli Sharq va G‘arb bilan aloqalarimiz dastlab juda zaiflashib qoldi. Keyinchalik turli siyosiy, diniy-mafkuraviy kelishmovchiliklar, separatizm va feodal tarqoqlik xalqimizni mahdudlashtirib qo‘ydi. O‘tmish yutuqlarimizni yildan-yil boy bera boshladik. Oqibatlari esa ma’lum.

Barcha zamonlarda iqtisodiy, ilmiy, madaniy, ijtimoiy-siyosiy robitalar jamiyat ravnaqining muhim omili bo‘lib kelgan. Shu sababdan O‘zbekistonda ham nafaqat ichki milliy jipslikka, tashqi xalqaro aloqalar rivojlanishiga ham ulkan e’tibor qaratilmoqda. Tashqi siyosatda O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqli o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lidan bormoqda. Natijada mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy, savdo-sotiq, ilmiy, madaniy, turistik, sport aloqalari izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori mustahkamlandi. Iqtisodiyotimizga kiritilayotgan chet el sarmoyasi hajmi keskin oshdi. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi zamonaviy texnologiyalarga o‘tkazish tezlashdi. Yaqin qo‘shnilarimiz, MDH mamlakatlari, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, G‘arb mamlakatlari, xususan, AQSh va EI a’zolarining O‘zbekistonga xayrixohligi ortdi, amaliy hamkorlik yaxshilandi.

G‘arb davlatlari biz bilan hamkorlikni kengaytirishining muhim ikki sababi bor

Birinchisi – O‘zbekistonning demokratik islohotlarga ochiqligi, bu boradailgari yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatayotgani. Ikkinchidan – ichki va tashqi siyosatda mustaqilligi, o‘ziga «katta og‘a» izlamasligi, turli siyosiy bloklarga intilmasligidirki, bu xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, G‘arb ko‘z o‘ngida birinchisiga nisbatan kam ahamiyatga ega emas. YeOII – O‘zbekiston munosabatlari zamirida ham «katta og‘a» izlamaslik, mustaqil tashqi siyosatni davom ettirish tamoyili turmog‘i lozim.

Islohotlarning asosiy maqsadi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratish ekan, bizning jahon hamjamiyatiga chuqurroq integratsiyalashuvimiz; ShHT, MDH, Turkiy tili davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalarga a’zo bo‘lishimiz; turli davlatlar, EI, EXHT kabi birlashmalar bilan hamkorlik qilishimiz hayotiy zaruratdir. Birgina shart shuki, xalqaro tashkilotlarga a’zolik, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik suverenitetimizga soya solmasligi, manfaatlarimizga zid kelmasligi lozim.

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolik masalasi 2019- yil sentyabr-dekabr oylarida O‘zbekiston – Rossiya ishchi guruhi tomonidan atroflicha o‘rganilgan va muhokama etilgan. Yaqin besh yilda a’zolikning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy va salbiy ta’siri tadqiq qilingan. Qayd etilishicha, bu ta’sir birinchi besh yilda salbiy, o‘rta va uzoq istiqbolda esa ijobiy bo‘ladi.

Lekin taxmin va farazlar o‘zini oqlaydimi?

O‘zbekiston avvalo iqtisodiy munosabatlari, metrologiya, bojxona, moliya-kredit tizimi va infratuzilmasi, iqtisodiy qonunchiligini YeOIIning me’yor va talablariga moslashtirishi lozim. Buning uchun ulkan xarajatlar qatorida muayyan vaqt – o‘tish davri talab qilinadi. Agar mazkur ittifoqqa kiriladigan bo‘lsa, bu jarayon qancha davom etishi lozim? O‘tish davrini tezlashtirib, uch-to‘rt yilga keltirish mumkin. Ammo bu iqtisodiyotda o‘ziga xos falaj terapiyasiga aylanishi hech gap emas. O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishning asosiy tamoyillaridan biri – tadrijiylik. Agar unga rioya etilmasa, aholining shusiz ham yuqori bo‘lmagan turmush darajasi yanada pasayadi, ishsizlik o‘sadi. Ijtimoiy munosabatlar ham taranglashishi mumkin. Buni YeOIIga a’zolik oqibatlarini o‘rganib, hisob-kitob qilgan O‘zbekiston – Rossiya komissiyasi ham qayd etgan. Qolaversa, xalqaro tuzilmaga a’zolik o‘rta va uzoq istiqbolda ham komissiya xulosalaridagidek faqat ijobiy va foydali bo‘lishiga kafolat yo‘q. Keling, ayrim ehtimoliy salbiy oqibatlarni tahlil qilib ko‘raylik.

Birinchidan, EOII, uning yetakchi davlati Rossiya sanoat, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, asbobsozlik, elektrotexnika, IT va nanotexnologiyalar (harbiy sanoatdan tashqari) sohasida mutaraqqiy G‘arb davlatlariga nisbatan ancha qoloq. Unga a’zo bo‘lish EI, AQSh, Yaponiya va Rossiyaga muxolif boshqa mamlakatlardan ilg‘or texnologiyalarni, ayniqsa, xalq xo‘jaligi va harbiy sanoatda ikkiyoqlama qo‘llanadigan texnologiyalar importini cheklab, hatto to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Ikkiyoqlama texnologiyalarga nanotexnologiyalar, sun’iy intellekt va AKT, ayrim biotexnologiyalar yoki yangi kompozit materiallarni yaratish kabi ko‘plab zamonaviy yuksak ilmiy ishlanmalar, tadqiqotlar kiradi.

O‘zbekiston – Rossiya komissiyasi xulosasida xorij investitsiyasining kamayishi, ba’zi loyihalarning yaqin istiqbolda amalga oshmay qolish ehtimoli haqida ham aytib o‘tilgan. Boz ustiga, bu hol ancha chuqur va uzoq muddatli muammolar, inchunin, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan integratsiyasi susayishiga olib kelishi mumkin. G‘arb mamlakatlari, ayniqsa, AQSh, YeI Rossiyani o‘zining asosiy siyosiy va iqtisodiy raqibi hisoblashi sababli ular bilan iqtisodiy va ilmiy-texnologik hamkorligimizda ham savollar tug‘ilishi hech gap emas. Oqibatda mamlakat yangi texnologiyalarga ega bo‘lish imkoniyati va raqobatbardoshligini yo‘qotishi ham mumkin.

Yana bir muammo: Rossiyaning o‘zida turli siyosiy va iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlaydigan kuchlar bor. Kelgusida Moskva siyosati bosim o‘tkazish tomon o‘zgarmasligiga hech kim kafillik berolmaydi. Rossiyada «sobiq Sovet Ittifoqiga kirgan milliy respublikalar hamda Sharqiy Yevropaning sobiq sotsialistik mamlakatlari bizning ta’sir doiramizda bo‘lishi lozim» qabilidagi iddaolarni ochiqchasiga olg‘a surayotgan buyuk davlatchilik ruhidagi partiyalar va siyosatchilar ham; Rossiya boshchiligidagi Sovet Ittifoqiga o‘xshash, biroq bozor iqtisodiyoti va raqobatga asoslangan, amalda esa yangicha unitar davlatni tiklashni istaydiganlar ham topiladi.

Vladimir Jirinovskiy kabilar buni yashirib o‘tirgani yo‘q. O‘zini haqiqiy demokrat hisoblovchi ba’zi kuchlar, ayniqsa, gaydarchilarga o‘xshab «SSSR davrida ittifoqdosh respublikalar va sotsialistik hamdo‘stlik mamlakatlari Rossiya hisobidan kun kechirgan, endi boshqacha bo‘lishi lozim, bizga bo‘ysunsin, bizning sifatsiz va qimmat mahsulotlarimizni olsin, «o‘zboshimchalik» qilmasin» deydiganlar ham talaygina. Ma’lumki, O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillarida rubl zonasida qolgan edi. Rossiya yangi pulini chiqardi-yu, O‘zbekistonni qo‘shmadi. Agar O‘zbekiston yangi rubl zonasiga kirmoqchi bo‘lsa, oltin zaxiralarini va konlarini Rossiyaga bersin, deb da’vo qilgan ham ayni Yegor Gaydar hukumatidir.

YeOII doirasida jiddiy siyosiy muammolar yuzaga kelishi ehtimoli ham bor. Xalqaro masalalarda siyosatni Moskva bilan muvofiqlashtirish, xalqaro tashkilotlarda hujjat qabul qilishda Rossiya tomonda turib ovoz berishga to‘g‘ri keladi. Bu esa ayrim o‘rinlarda siyosiy pozitsiya va milliy manfaatlarga mos kelmasligi mumkin.

YOIIga a’zolik ta’siri

YOIIga a’zolik O‘zbekistonning BMT, JSST, YuNESKO, XVF, Jahon banki, YeTTB kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligiga ta’sir ko‘rsatmasa kerak. Ammo G‘arb mamlakatlari bilan ikki tomonlama siyosiy va texnologik aloqalarimiz xususida bunday deb bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, YeOIIni iqtisodiy ittifoqdan siyosiy-iqtisodiy, harbiy blokka aylantirish orzusidagi siyosatchilar hamon faol. Ular mamlakatga Rossiya harbiy bazasini joylashtirish g‘oyasidan ham voz kechishi amrimahol. Bu yo‘nalishda zimdan bosim kuchayib boraverishi mumkin.

YeIda Germaniyadan keyingi ikkinchi yirik iqtisodiyotga ega bo‘lgan Buyuk Britaniya turli sabablarga ko‘ra ittifoqni tark etishga qaror qildi. Iqtisodiy sabablar ro‘kach qilingan bo‘lsa-da, bunda siyosiy suverenitet masalasi, ya’ni Bryusseldan keladigan qaroru tavsiyalarga labbaykashlik qilmaslik istagi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

Yangi avlodning texnokrat rahbarlari orasida Vladimir Putinga o‘xshagan sovet davrida shakllanib, xalqlar do‘stligining ayrim gumanistik g‘oyalariga, ijtimoiy adolat kabi qadriyatlarga sodiq siyosatchilar qancha? Undan keyin hokimiyat tepasiga qanday kayfiyat, qanday siyosiy muddaodagi kuchlar kelishini hech kim bilmaydi. Putinning o‘zi, agar boshqaruvda uzoq muddat qolsa, qaysi tomonga o‘zgaradi? EOIIga a’zo bo‘lishdan avval bu haqda ham jiddiy o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Zero, imkon qadar millatimiz taqdiriga chet kuchlar salbiy ta’sirining oldini olishimiz kerak. To‘g‘ri, YeOII – o‘z nomi bilan iqtisodiy ittifoq. Ammo... bu o‘rinda xayolingizga Karl Marksning «Siyosat – iqtisodiyotning mujassamlangan ifodasidir» degan so‘zlari beixtiyor kelaveradi. Chunki YeOII bizga ma’lum MDH, ShHT, BRIKSga o‘xshash oddiy xalqaro iqtisodiy tashkilot emas, balki YeIga o‘xshab chuqur integratsiyalashishga intilayotgan tuzilmadir. U iqtisodiy birlashmani siyosiy va harbiy ittifoq bilan to‘ldirish maqsadini saqlab qolsa ajab emas.

Raqobatga tayyor turing

EOIIga kirsak, uning standartlari, jumladan, ishlab chiqarish, mehnatga haq to‘lash me’yorlariga rioya qilishimiz, mehnat va kapitalning, savdo-sotiq mahsulotlarining erkin harakati, yuzaga keladigan raqobatga tayyor turishimiz lozim. Biz uchun manfaatlisi – ortiqcha ishchi kuchini Rossiya va Qozog‘istonga erkinroq jo‘natish imkonini qo‘lga kiritamiz. Mehnat migrantlari esa bugungiga nisbatan ancha ko‘proq ijtimoiy muhofaza va huquqlarga ega bo‘ladi. Ammo arzon, asosan malakasiz ishchi kuchi bo‘lib qolaveradi. A’zolikka o‘tsak, rossiyalik ish beruvchilarning ularga qiziqishi ancha susayadi. Chunki har bir qonuniy ishchi uchun ijtimoiy soliqlar to‘lash, maosh va ish soatining belgilangan me’yoriga amal qilish talab etiladi. Qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari bilan bog‘liq holat ham fikrimizni tasdiqlaydi. Lekin baribir migrantlarimizga ancha yengil bo‘ladi. Ayni choqda ularni o‘ylab, siyosiy suverenitetimizni xatarga qo‘yish noravo. Qolaversa, bu masala yechimi o‘zgacha bo‘lishi lozim – yangi ish o‘rinlari yaratib, ularni O‘zbekistonga qaytarish choralarini izlagan ma’qul.

Yana bir holat. Ichki bozorimizni Rossiya va Qozog‘istondan keladigan mahsulotlardan himoya qila olmaymiz. Bu esa ishlab chiqarishni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, a’zolikka hozir o‘tsak, birgina avtomobilsozlik  sohasi 1,2 mlrd dollar zarar ko‘radi, ishsizlar 100 ming nafarga ortadi. Ko‘plab sanoat korxonalari jiddiy muammolarga duch keladi, ayrimlari sinadi. Shu sababdan O‘zbekiston iqtisodiyoti raqobatbardosh bo‘lmaguncha, ishlab chiqarish to‘liq modernizatsiya qilinib, zamonaviy texnologiyalarga o‘tilmaguncha, ittifoqqa a’zo bo‘lishga shoshmasligimiz kerak.

Chuqur integratsiyalashgan iqtisodiy ittifoqlarga a’zolik, istaymizmi-yo‘qmi, ayrim iqtisodiy huquqlarimiz va siyosiy suverenitetimizni, masalan, bojxona, moliya­kredit, transport-kommunikatsiya, energetika kabi sohalarda ixtiyoriy ravishda ittifoqning boshqaruv organlariga o‘tkazishga olib keladi. Ammo bundan ham xavflirog‘i kapitalning erkin harakatlanishi va yagona fond bozorining vujudga kelishi tufayli respublikamizdagi ko‘plab korxonalar, bank aktivlari rossiyalik va qozog‘istonlik milliarderlar qo‘liga o‘tib ketishi mumkin. Chunki bizda xususiy qo‘llarda yirik legal mablag‘ yo‘q. O‘zbekistonda aholi daromadi o‘rtasida o‘ta katta tafovut bo‘lmasligiga yo‘naltirilgan siyosat zimdan korrupsiya va o‘g‘rilikni avj oldirib, yashirin boylarni vujudga keltirgan bo‘lsa-da, nohalol topilgan mablag‘ na amnistiya qilinib, legallashtirildi, na davlat foydasiga musodara etildi. Mamlakatimizda fond birjalaridagi katta savdolarda qatnasha oladigan xususiy sarmoyadorlar ham rasman yo‘q. Bu endi tor iqtisodiy masaladan keng ijtimoiy-siyosiy masalaga aylanadi. Chunki yerosti va yerusti boyliklariga egalik qilish mustaqillikning asosiy sharti va mezoni ekani ma’lum.

Iqtisodiy suverenitet o‘ta zaiflashadi

Chuqur integratsiyalashgan iqtisodiy ittifoqlar ertami-kechmi siyosat sohasida ham milliy davlat tuzilmalaridan ustun umumiy me’yorlar chiqaruvchi va amalga oshiruvchi tuzilmalarga ehtiyoj sezadi. Milliy hukumatlarning siyosiy vakolatlari, siyosiy irodasi cheklana boshlaydi. Xususan, iqtisodiy suverenitet o‘ta zaiflashadi. Buni EI tajribasi ham tasdiqlaydi. Bolgariya, Ruminiya, Gretsiya, Slovakiya, Boltiqbo‘yi  davlatlari, Ispaniya va Portugaliya kabilar o‘ta murakkab iqtisodiy muammolarga duch kelganini, qulog‘igacha qarzga botib qolganini eslatish ortiqcha bo‘lmas. Hozirda Bolgariya va Boltiqbo‘yi davlatlari aholisi qisqarib borayotir. Tug‘ilish Bolgariyada o‘limning o‘rnini qoplayolmay qoldi. Sotsializm davrida qurilgan yirik korxonalar kasodga uchragani sabab yoshlar oila qurish o‘rniga ish izlab G‘arbiy Yevropa  mamlakatlariga ketib qolmoqda. Yagona valyuta – yevroga o‘tgan davlatlar pulni o‘ziga kerakli hajmda beruxsat emissiya qilolmaydi, negaki, bu hol inflyasiyaga olib keladi. Budjet defitsitini ham ma’lum foizdan oshirolmaydi. Natijada iqtisodiy manyovr qilish imkoniyati kamayib ketadi.

EOIIga a’zo bo‘lish uchun qaror qabul qilishda faqat O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma komissiyasi xulosalari va bundan keyin kuzatuvchi davlat sifatida to‘plangan dastlabki tajriba bilan cheklanish to‘g‘ri emas. Chunki kuzatuvchi davlatga ittifoqning barcha majburiyatlari, ichki me’yorlari to‘liq qo‘llanmaydi, unga iqtisodiy va siyosiy bosim ham o‘tkazilmaydi. Ammo a’zolikka o‘tgach, vaziyat va munosabatlar 180 gradusga o‘zgarishi mumkin. Bu jihatdan YeI tajribasini, ayniqsa, unga keyin a’zo bo‘lgan va yevroga o‘tgan davlatlarning yutuq va yutqiziqlarini har tomonlama o‘rganish lozim.

Ikki-uch yil avval norasmiy doiralarda EOII umumiy valyutasi masalasi ko‘tarildi. OAVda ushbu mavzu ancha-muncha yoritildi. V.Putinning bu masalani kun tartibiga qo‘yish uchun kamida 10-15 yil kerak, degan gapidan keyin mavzu vaqtincha yopildi. Yagona valyuta joriy qilingudek bo‘lsa, emissiya qilish me’yori har bir a’zo mamlakatga iqtisodiy ehtiyojidan emas, YaIM hajmidan kelib chiqib belgilanadi. Bizda YaIMning ulushi aholi jon boshiga Rossiya va Qozog‘is­tonga nisbatan bir necha bor kam – bu sharoitda pul emissiyasidagi huquqimiz ularnikiga teng bo‘lmaydi.

Ittifoqdoshlariga nisbatan nohalollik

Kapitalning shakli-shamoyili, sivilizatsiyalashganlik darajasi o‘zgarsa-da, mohiyati o‘zgarmaydi. Unga arzon ishchi kuchi, arzon xomashyo bazasi, tayyor mahsulotlarni sotadigan bozor kerak. Rus kapitali nafaqat texnologik, balki hamkorlariga munosabatning sivilizatsiyalashish darajasi qoloqligi bo‘yicha ham ajralib turadi. Belarus va Rossiya – ittifoqdosh davlat. Biroq Rossiya kompaniyalari necha martalab Belarus shirkatlarini chuv tushirishga harakat qildi. Misollar juda ko‘p. «Belarus qayoqqa ham borardi? Mahsulotlarimizni baribir biz aytgan narxda olishga majbur» qabilidagi yondashuv neft-gaz masalasida ikki davlatni ko‘p marotaba jiddiy ziddiyatlarga olib keldi. Belarusning Rossiya kompaniyalari bilan birlashgan kaliy o‘g‘iti ishlab chiquvchi AJni (birgalikda jahondagi 40% kaliy o‘g‘itini ishlab chiqarar edi) bankrot qilishga bo‘lgan harakatlar rus kapitali tabiatan yovvoyiligi va imkon topsa, qonundagi har qanday bo‘shliqlardan foydalanishga urinishini ko‘rsatdi. Qardoshlari, eng yaqin ittifoqdoshlariga nisbatan nohalollik qilayotgan kompaniyalar bizga boshqacha munosabatda bo‘larmidi?!

Hamyurtlarimizni qo‘rqitish niyatimiz yo‘q, ammo...

O‘zbekistonda aholi o‘sish sur’ati, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ijtimoiy ta’minot ehtiyoji, xavfsizlik, mudofaa va shu kabilar bilan bog‘liq budjet xarajati kattaligi, maosh standartlari muayyan minimumdan kam bo‘lmasligini hisobga olsak, EOII doirasida autsayderga aylanib qolmaslik, tashqi qarzlar ko‘payib ketmasligiga kafolat yo‘q. Bo‘yoqlarni quyuqlashtirib, hamyurtlarimizni qo‘rqitish niyatimiz yo‘q. Ammo davlat mustaqilligi, millat taqdiri – shunchaki iqtisodiy loyiha emaski, agar muvaffaqiyatsiz chiqsa, qancha ulkan bo‘lmasin, faqat mablag‘dan boshqa narsa yo‘qotmasang!

Ma’naviyat, madaniyat borasida qanday muammolarga duch kelamiz – noma’lum. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil bo‘lmoqda. Ammo nutq madaniyati, ona tiliga hurmat, davlat tiliga doir qonun ijrosi hamon oqsayapti. Bu masalada milliy ongimiz, g‘ururimiz yetarlicha emasligi ko‘rinib qoldi. YeOIIga a’zolik, Rossiyaga borib ish topish, o‘qish istagi yoshlarning salmoqli qismida ona tiliga bepisandlik tuyg‘usini kuchaytiradi. Til madaniyati susayib ketadi.

Umumjahon integratsiyasi tobora kuchayib borayotgan sharoitda milliy tillar kelajagi to‘g‘risida ham turli farazlar ilgari surilmoqda. Ularning birida so‘zlovchisi 300 million kishidan kam bo‘lgan tillar istiqbolsiz, deb baholangan edi. Shunda Rossiya Dumasi spikerining o‘rinbosarlaridan biri «Sobiq SSSRda 320 milliondan ortiq aholi yashar, ular va sharqiy yevropalik sobiq sotsialistik mamlakatlar aholisi rus tilini o‘rganar edi. Jahonda rus tilida so‘zlovchilar 400-450 million kishi edi. Biz rus tilining istiqboli uchun ham eski chegaralarni tiklashimiz, sobiq milliy respublikalarni Rossiyaning guberinyalariga aylantirishimiz kerak» deya ayyuhannos solgan edi. Til va madaniyat borasida bu kabi assimilyatorlik siyosati tarafdorlari Rossiyada kam emas. Faqat ularning ko‘pchiligi yo fikrini ochiq aytmaydi, yo bu jarayon «tabiiy-madaniy» shakllarda kechishi tarafdori.

YeOIIga a’zo bo‘lsak, ona tilimizning ilm-fanda, oliy ta’limda, xalqaro munosabatlarda qo‘llanishi ma’lum darajada susayadi. Milliy madaniyatimiz ham bosim ostida qoladi. Unda rus va g‘arb ommaviy madaniyati ta’sirida interferensiya unsurlari kuchayadi. Axloqiy-madaniy, siyosiy va e’tiqodiy tolerantlik niqobi ostida behayolikni, zo‘ravonlikni, ayrim noma’qul, shubhali g‘oyalarni tashuvchi mahsulotlar, axborot kirib keladi. Madaniy va maishiy hayotimizda ziddiyatlar ko‘payadi. Ba’zi milliy qadriyatlarimiz tahrirga uchraydi.

Qo‘ni-qo‘shnilar bilan aloqalarimiz qanday bo‘ladi?

Boshqaruv oson bo‘lishi uchun qardosh xalqlarda zimdan bir-biriga ishonchsizlik, shubha, millatchilik kayfiyatini shakllantirgan sobiq mustabid davlatning tarixiy xotirasidan bu usullar butunlay o‘chib ketganmikan? Ular qayta jonlanmasmikan?..

To‘g‘ri, ilm-fan, adabiyot va san’at, umuman madaniyat va sport sohalarida YeOIIga a’zolikning ijobiy jihatlari ham talaygina. Ayniqsa, ilm-fandagi integratsiya va kooperatsiya juda foydali. Telekommunikatsiya va kosmik tadqiqotlarni rivojlantirish, orbitaga o‘z sun’iy yo‘ldoshimizni chiqarishda Rossiyaning yordami va hamkorligi zarur. Ushbu masalada Xitoy, YeI yoki AQSh bilan hamkorlik istiqboli ham yomon emas. Rossiya bilan hamkorlik esa til borasida osonroq va samaraliroq kechadi. Ammo assimilyasiyaga xizmat qiluvchi unsurlar ko‘payib boraveradi.

Darvoqe, chuqur integratsiyalashgan ittifoqlarga a’zo bo‘lishning o‘zi juda serxarajat va tashkiliy jihatdan ancha qiyin. Biroq undan chiqib ketish xarajat jihatdan ham, siyosiy-tashkiliy jihatdan ham o‘n karra qiyin. Buni Britaniyaning YeIdan chiqishi bilan bog‘liq muammolar yaqqol ko‘rsatmoqda. Shu sababdan YeOIIga a’zolik masalasida nihoyatda ehtiyotkor bo‘lish, yetti emas, yetti ming marta o‘lchab, bir kesish zarur. Dastavval taraqqiyot darajamiz, turmush farovonligi va sifatini ko‘tarib olaylik. Kuzatuvchi sifatida EOIIni 10-15 yil sinab ko‘raylik; Rossiyaning siyosati, mamlakat elitasining ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-madaniy mo‘ljallari qay tomonga og‘ishini bilib olaylik, u yog‘i bir gap bo‘lar. O‘shanda ham, bizningcha, ittifoqqa a’zo bo‘lish masalasi parlament va hukumat orqali emas, umumxalq referendumi orqali hal etilishi zarur.

Abdurahim ERKAYeV, 
Xurshid FOZILOV,
Oliy Majlis Senati a’zolari
Tafakkurjurnalidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring