Putinning shov-shuvli suhbati e’lon qilindi
Vladimir Putin Taker Karlsonga bergan intervyusida Ukraina va G‘arbni hozirgi harbiy mojaroni boshlaganlikda ayblab, Vashingtonni o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi va Rossiya muloqotga tayyor ekanini tasdiqladi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik mashhur jurnalist Taker Karlsonga 2000-yillar boshida prezident bo‘lganidan so‘ng G‘arb bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qilgani va hatto bir paytlar prezident Klintondan Rossiya NATOga kirishi mumkinmi, deb so‘raganini aytdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, oxir-oqibat unga rad javobi berilgan.
Putin NATOning sharqqa tomon kengayishi va Ukrainaning ittifoqqa qo‘shilish istiqboli Rossiyaning G‘arb bilan hozirgi dushmanlik munosabatlariga olib kelgani haqidagi eski da’volarini takrorlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy mojaroga sabab bo‘lgan hodisa — 2014-yildagi «Kiyevdagi davlat to‘ntarishi» va keyinchalik Kiyevning Minsk kelishuvlarini bajarishdan bosh tortishi bo‘lgan.
Putin, shuningdek, Rossiya Donbassni Ukrainaga qaytarishga tayyorligini aytdi.
«Men chin dildan ishonardimki, agar biz Donbassda yashovchi odamlarni hali ham Ukraina davlatchiligi doirasiga qaytishga ko‘ndira olsak, yaralar asta-sekin bitadi», dedi U.
Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevda ular masalani harbiy kuch yordamida hal qilmoqchi bo‘lgan. Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi urushni Rossiya emas, «Donbassni sakkiz yil davomida bombardimon qilishi» orqali Ukraina boshlagan.
Putin, shuningdek, agar Vashington va Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Istanbul kelishuvini tuzishga to‘sqinlik qilishmaganida urush allaqachon tugagan bo‘lardi, dedi.
Uning aytishicha, Vashington o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishi kerak. «Agar istak bo‘lsa, variantlar bor», dedi Putin va Moskva muloqotga tayyorligini qo‘shimcha qildi, biroq qanday shartlarda ekaniga aniqlik kiritmagan.
Vladimir Putin Qo‘shma Shtatlarni «Shimoliy oqim»ga putur yetkazishda ayblab, «Markaziy razvedka boshqarmasi hech qanday ma’lumotga ega emas», dedi.
«Ukrainadagi bu cheksiz mobilizatsiya, ichki muammolar, bularning barchasi... Ertami-kechmi baribir kelishuvga erishamiz», dedi Rossiya rahbari.
Karlsonning Rossiya Polshaga hujum qiladimi, degan savoliga javob berar ekan, Polsha Rossiyaga hujum qilgan taqdirdagina bu sodir bo‘lishini aytdi. «Bizning Polshada ham, Latviyada ham manfaatimiz yo‘q — hech qayerda. Bu bizga nima uchun kerak? Bizda shunchaki manfaat yo‘q», — dedi Rossiya prezidenti.
***
Vladimir Putinning amerikalik Taker Karlson bilan suhbati katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Uning anonsi millionlab marta tomosha qilindi va suhbatning to‘liq versiyasini nashr etgan X ilovasi App Store do‘konida eng ko‘p yuklab olingan dastur bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter