Putin Trampga «yog‘li» taklif bilan chiqdi

Rossiya Donbass va «Novorossiya» hududlaridan (Ukrainaning bosib olingan yerlari nazarda tutilmoqda) nodir yerosti ma’danlarini qazib olishda dunyo davlatlari, xususan, AQSh bilan hamkorlik qilmoqchi. Prezident Vladimir Putin jurnalist Pavel Zarubin bilan 24-fevral kungi suhbatda ushbu masalada gap ochgan.
«Biz RF tarkibiga qaytgan yangi deb atalayotgan tarixiy hududlarimizga xorijlik sarmoyadorlarni jalb etishga shaymiz. U yerlarda ham muayyan miqdorda (nodir metallar) zaxiralari mavjud. Biz hamkorlarimiz, jumladan, amerikaliklar bilan ishlashga tayyormiz», – degan Putin.
Rossiya rahbari AQSh bilan birgalikda alyuminiy ishlab chiqarish imkoniyatidan ham bahs etgan.
«Biz Amerika kompaniyalari bilan ushbu yo‘nalishda birgalikda ishlash haqida o‘ylab ko‘rsak bo‘ladi. Masalan, sovet davridayoq Krasnoyarsk o‘lkasida yangi gidroelektrostansiya barpo etish va alyuminiy ishlab chiqarishni oshirish rejalari bor edi», – degan siyosatchi.
Dushanba kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida Donald Tramp Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlik haqida gapirgan.
«Ularda biz istagan ko‘plab narsalar bor. Ularda nodir metallarning yirik zaxirasi mavjud, (Rossiya) ulkan hudud, axir. Ularda biz uchun zarur bo‘lgan ko‘plab qimmatli narsalar, bizda esa ular istagan narsalar bor. (Bitim imzolay olsak) juda soz bo‘lardi», – degan Amerika prezidenti.
Avval xabar berganimizdek, Tramp Ukrainaga urush boshlanganidan buyon 350 milliard dollar ko‘mak ko‘rsatilgani, endilikda Kiyev hukumati ularni qaytarishi lozimligini aytmoqda. Oq uy, xususan, Ukrainadan foydali qazilmalarga oid bitim imzolashni talab qilmoqda. Vashington taklif etayotgan hujjatga muvofiq, Ukraina o‘z foydali qazilmalari orqali AQShga 500 milliard dollar kompensatsiya qaytarishi kerak.
Ammo Zelenskiy fikricha, AQSh Ukrainaga 350 milliard dollar emas, balki 100 milliard dollar bergan. Foydali qazilmalarga oid bitim ham xavfsizlik kafolati va adolatli shartlar asosidagi bo‘lishi lozim.
Prezidentlik lavozimiga kirishganidan ko‘p o‘tmay, Tramp Putin bilan telefon orqali suhbatlashganini ma’lum qilgandi.
Dunyo hamjamiyati – kimdir xursandchilik bilan, kimdir xavotir bilan ikki siyosatchining uchrashishini kutmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter