Prezident salkam 100 yoshli faxriylarni ziyorat qildi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar oldi.
Avval Toshkent shahrining Olmazor tumanida istiqomat qilayotgan Abbos ota xonadoniga borildi.
Abbos ota Appanov 1924 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1942 yil fevralda Smolensk shahriga urushga borib, keyinchalik Belarus, Polsha, Germaniyada bo‘lgan shiddatli janglarda ishtirok etgan. 1946 yilda yurtimizga qaytgan Abbos ota uzoq yillar Achaobod mahallasidagi umumta’lim maktabida nemis va ingliz tili fanidan saboq bergan, boshlang‘ich sinflar uchun «Nemis tili» darsligini ham yozgan.
Bu insonning tinchlik yo‘lidagi xizmatlari munosib baholanib, ko‘plab davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
– Sizlarni ko‘rib, yaqindan gaplashay, hol-ahvol so‘rab, sihat-salomatlik tilay deb o‘zim keldim. Avvalo, sizni, siz orqali barcha urush qatnashchilarini, xalqimizni bayram bilan tabriklayman. Hamisha sog‘-salomat bo‘lib, duogo‘yimiz bo‘lib, yoshlarimizga namuna bo‘lib yurishlaringizni tilayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
– Allohning inoyati, davlatimizning g‘amxo‘rligi va mehribonchiligidan mana shunday yoshlarga yetib yuribmiz. Sizga ham Allohdan madad, xalqimiz manfaati yo‘lidagi ishlaringizga baraka tilayman. Hurmat uchun rahmat, – deya minnatdorlik bildirdi Abbos ota.
– Sizlar bu hurmatga sazovorsizlar, – dedi Prezident. – Keksalarni e’zozlash ulug‘ qadriyatimiz. Biz buni davom ettirayapmiz. Yoshlarimiz ham bilsin, bundan o‘rnak olsin.
Piru badavlat boboning farzandlari ham nafaqada. Bugun 21 nafar nabira, 55 nafar evara va 7 nafar chevara bilan umrguzaronlik qilmoqda.
Davlatimiz rahbari Yashnobod tumanida yashayotgan Fyodor Fedin xonadonida ham bo‘ldi.
Fyodor Semyonovich 1927 yilda Rossiyaning Mordoviya o‘lkasida tug‘ilgan. 1944 yilda armiyaga chaqirilib, urushda aloqachi va instruktor vazifasini bajargan. Minsk shahri yaqinidagi janglarda ishtirok etgan. Urush tugaganidan so‘ng, bir necha yil Xitoyda xizmat qilgan. 1949 yilda Toshkent shahriga kelib, aviatsiya zavodida ishlagan. Ko‘plab mehnat mukofotlarini qo‘lga kiritgan. Turmush o‘rtog‘i bilan birga ikki qizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan.
Prezidentimiz ushbu faxriylarning salomatligi, yashash sharoitlarini so‘radi. Bugungi tinchlikka qo‘shgan hissasi, ko‘p yillik samarali faoliyati uchun ularga minnatdorlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi Akmal ota Akromovni ham ziyorat qildi.
Akmal ota 1924 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1941 yilda maktabni tamomlab, mashinasozlik zavodida ishlagan. 1942 yildan urushda qatnashib, qattiq yarador bo‘lgan.
Yurtimizga qaytgach, savdo, oziq-ovqat sanoati sohalarida mehnat qilgan. Nafaqa yoshida Toshkent shahar Urush va mehnat faxriylari jamiyati raisi, «Nuroniy» jamg‘armasining shahar bo‘limi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
– Urushda qatnashib, qahramonlik ko‘rsatib, urushdan keyin davlatimizga juda ko‘p xizmat qilib, farzandlarni, nevaralarni tarbiyalab, mana shunday mo‘’tabar yoshga yetganingiz juda katta baxt-kamol. Sizlarning hayotingiz, har bir gapingiz bizga maktab. Ilohim, sog‘ligingiz mustahkam, umringiz yanada uzoq bo‘lsin. Yoshlarimizga sizlarning yo‘lingizni, umringizni bersin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Akmal ota ham barcha urush faxriylari nomidan davlatimiz rahbarini tabrikladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter