Pentagon olisga uchuvchi yangi raketalarni yaratdi
Pentagon (AQSh mudofaa vazirligi) buyurtmasi asosida ishlab chiqilgan olisga uchuvchi ikki yangi raketa sinovdan o‘tkazildi.
Bular — gipertovush tezligidagi Long-Range Hypersonic Weapon (LRHW) hamda yuqori aniqlikdagi Precision Strike Missile (PrSM) raketalari.
Vashington ushbu raketalar Yevropada Rossiyaga qarshilik ko‘rsatish uchun yaratilganini, ular Moskvaga daqiqalar ichida yetib borishi mumkinligini yashirmayapti.
Dekabrda sinovdan o‘tkazilgan LRHW raketasiga Kanaveral burnida start berildi. Raketa rejalashtirilgan trayektoriyaga ko‘tarilib, mo‘ljalni aniq nishonga oldi, bu raketaning ilk muvaffaqiyatli sinovi sanaladi. Raketa-tashuvchi jangovar blok (Joint Common Hypersonic Glide Body (C-HGB))ni yetarli parvoz tezligiga olib chiqadi, so‘ngra uning o‘zi mustaqil harakatlanadi. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, jangovar blok tezligi — 5M, uchish uzoqligi 2 775 kilometrdan oshadi.
Lockheed Martin kompaniyasi tomonidan chiqarilayotgan Precision Strike Missile raketalari ATACMS raketalari o‘rnini egallashi kutilmoqda. Ayrim manbalar xabariga ko‘ra, Pentagon yangi PrSM raketalarini Ukraina jang maydonlarida sinab ko‘rishi mumkin. Albatta, buning uchun qaysidir sabab bilan yangi raketalar Ukrainaga topshirilishi kerak bo‘ladi.
Vladimir Putin rossiyaliklarga 21-noyabr kuni qilgan murojaatida yangi «Oreshnik» raketalari tezligi 10 max (soniyasiga 2,5-3 km) ekanini, hech qaysi havo hujumiga qarshi zamonaviy tizim ularni ushlay olmasligini ta’kidlagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter