Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zlashtirilgan bekatlar

O‘zlashtirilgan bekatlar

Yo‘lovchilar uchun avtobus bekatlaridagi qulaylik juda muhim. Ammo bugun ayrim tadbirkorlarning bekatning fuqarolar tomonidan umumiy foydalanishda bo‘lgan qismini qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

Yo‘lovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bu kabi holatlar Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘rganilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning o‘tgan 9 oyi davomida avtobus bekatlari bilan bog‘liq eng ko‘p holat poytaxtimizning Yunusobod (23 ta) hamda Yakkasaroy (16 ta) tumanlarida qayd etilgan. Yangihayot tumanida 3 ta, Sergeli va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 2 tadan shu kabi holat aniqlangan.

Masalan, tadbirkor M.H.ga Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 26-maktab yonida joylashgan bekat xududida 25 kv.m. yer maydoni, bekatning qolgan 25 kv.m. yer maydoni (xududi) fuqarolar tomonidan umumiy foydalanish uchun ajratilgan.

Biroq o‘rganishlar davomida tadbirkor bekatning fuqarolar tomonidan umumiy foydalanishda bo‘lgan qismini o‘z manfaatlari yo‘lida egallab (o‘rab olmagan va qurilma qurmagan holda), do‘konga tegishli bo‘lgan turli savdo mahsulotlari va bir nechta muzlatgich (maishiy texnika) o‘rnatib qo‘yganligi aniqlandi. Natijada aksariyat yo‘lovchilar avtobusni bekat ichida emas, balki tashqarida kutishga majbur bo‘lmoqda. Bu ayniqsa yog‘ingarchilik mavsumida odamlarga qo‘shimcha noqulaylik tug‘dirmoqda.

Kadastr Agentligi Yakkasaroy tuman bo‘limi boshlig‘i Farrux O‘rozov tadbirkorga bekat majmuasida fuqarolarning umumiy foydalanuvida bo‘lgan xududni (yer maydonini) qisqa muddat ichida yaroqli holatga keltirib, do‘konga tegishli bo‘lgan turli savdo mahsulotlari, ichimliklar va maishiy texnikalarni olib tashlash yuzasidan og‘zaki ko‘rsatma berdi.

Sh.Rustaveli va Glinka ko‘chalari kesishuvida joylashgan «Do‘stlik bog‘i bekati» nomli bekat majmuasining umumiy maydoni 50 kv.m. Ushbu bekat majmuasi xududida umumiy 6 kv.m. bo‘lgan yer maydoni (xudud) tadbirkor A.D.ga ajratilgan, biroq tadbirkor tomonidan fuqarolarning umumiy foydalanishida bo‘lgan bekat qismining 13 kv.m. va do‘kon yonida 7 kv.m. yer maydonini o‘zboshimchalik bilan o‘rab qo‘ygani va qurilma qurganligi aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan hozirgi kunda sudga da’vo ariza kiritilishi rejalashtirilgan.

Sh.Rustaveli ko‘chasida joylashgan «Grand mir mehmonxona bekati» (kadastr hujjatlarida ro‘yxatdan o‘tgan manzili va nomi bo‘yicha) majmuasining umumiy maydoni 50 kv.m. tashkil qiladi. Ushbu bekat majmuasi xududida umumiy 14 kv.m. bo‘lgan yer maydoni “REKSON” MChJga  ajratilganligi, biroq tadbirkor fuqarolarning umumiy foydalanishida bo‘lgan bekat qismining 14 kv.m. va do‘kon yonida 13 kv.m. yer maydonini o‘zboshimchalik bilan o‘rab qo‘ygani va qurilma qurganligi aniqlangan. Mazkur holat bo‘yicha boshqarma tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan. Yakunda MChJ zimmasiga qurilmani o‘z hisobidan buzib tashlashga qaror chiqqan.

Ta’kidlash joizki, jismoniy va yuridik shaxslar (tadbirkorlar va boshqalar) tomonidan yuqoridagi kabi yerga oid xuquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning  tegishli moddalari bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llanilishi nazarda tutilgan.

Ya’ni, MJtKning 60-moddasi 2-qismiga asosan, o‘zboshimcha egallangan yer maydonlari 15 kunlik muddatda ixtiyoriy bartaraf etilmasa, jismoniy shaxslarga BHMning 25 baravari, yuridik shaxslarga BHMning 50 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, MJtKning 60-moddasi 3-qismiga asosan, o‘zboshimcha egallangan yer maydonida qurilish ishlari amalga oshirilgan holat yuzasidan jismoniy shaxslarga BHMning 150 va yuridik shaxslarga BHMning 300 baravari miqdorida jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring