Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rustam Jabborov

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

O‘zbekistonda AES quriladi: bu yaxshimi yoki yomon?

O‘zbekistonda AES quriladi: bu yaxshimi yoki yomon?

Har yili mamlakatda 55 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilsa-da, bu ichki ehtiyojlarimizni to‘la-to‘kis qoplashga yetmaydi.

Foto: Novoye Vremya

O‘zbekiston tarixida ilk bor mamlakatimiz hududida AES qurilishi kutilmoqda. Dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydiganlar, ehtimol, bu yangilikni ham yuzaki qabul qilishar: «Xo‘sh, shunga nima bo‘pti? AESmi, GESmi, boshqasimi, chirog‘imiz yonsa bo‘ldi-da!». Tajangroq suhbatdoshlar esa darrov aft burishtirishadi: «Axir AES atom degani! Atom esa insoniyat o‘ylab topgan baloi azim-ku? Sal e’tiborsizlik katta fojialarga sabab bo‘ladi. Chernobil, Fukusimadagi texnogen ofatlarni eslab ko‘raylik?».

Bu mavzuda o‘z munosabatimizni bildirishidan oldin vaziyatga biroz oydinlik kiritib olsak.

 AES nima degani?

Bilmaganlarga eslatma: AES asosan elektr yoxud issiqlik energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, yadro reaktori va boshqa zarur tutash qurilmalarni o‘z ichiga olgan yirik majmuadir. Boshqa issiqlik elektr stansiyalaridan farqli ravishda, AESlarda elektr quvvatini olishda ko‘mir, neft yoki mazut emas, asosan sayyoramizda keng tarqalgan faol radioaktiv unsur – uran atomlaridan foydalaniladi.

Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushi tugagunga qadar atom insoniyat tasavvurida eng qudratli vayronkor kuch sifatida tasavvur uyg‘otgan. Ayniqsa, 1945-yil avgustda AQSh harbiy havo kuchlari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga uyushtirgan mudhish hujumlarning oqibati dunyo ahlini hamon dahshatga solib keladi.

O‘tgan asrning 40-yillari oxirida sovet olimlari atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish bo‘yicha ilk loyihalarni ishlab chiqdilar. Dunyondagi ilk atom stansiyasi ham 1954 yilning 27 iyun kuni Rossiyaning Obninsk shahrida ishga tushirilgan edi.

Yillar o‘tishi bilan dunyo hamjamiyati energetika sanoatida AESlarning afzal jihatlarini anglab yetmoqda. Xalqaro atom energiyasi agentligining 2017-yil aprel oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda jahonning 31 mamlakatida 451 energoblokka ega bo‘lgan 191 ta AES ishlab turibdi. Yadro reaktorlari soni bo‘yicha AQSh (99 ta) yetakchilik qilmoqda. Fransiyada 58 ta yadro reaktori bo‘lib, ular mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 72,3 foizini qoplaydi. Shuningdek, Xitoy (36 ta), Rossiya (37 ta), Janubiy Koreya (25 ta) singari davlatlar ham yadro reaktorlari soni bo‘yicha yetakchilar qatoridan o‘rin olgan.

Nimasi yaxshi-yu nimasi yomon?

AESlarning eng birinchi afzalligi juda kam yoqilg‘idan ulkan miqdorda energiya ishlab chiqilishidadir. Bu esa birinchi navbatda ekologiya va atrof-muhit musaffoligini saqlashda katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, 1000 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun oddiy issiqlik elektr stansiyalari 13 ming tonna zaharli gaz, 165 ming tonna ko‘mir changini havoga chiqaradi. AESlarda esa bunday zararli unsurlar faqat zaxiradagi dizel generatorlarini ishga tushirish paytida, juda kam miqdorda ajraladi. Issiqlik elektr stansiyalari shuncha miqdordagi energiya ishlab chiqarish uchun 8 mln tonna kislorod sarflaydi. AES uchun esa kislorodning deyarli keragi yo‘q.

Atom elektr stansiyalarini ko‘pchilik aynan radioaktiv moddalar sababli xavfli deb o‘ylashadi. Biroq, mutaxassislarning fikricha, issiqlik elektr stansiyalarining ko‘mir sarfi sababli atmosferaga chiqariladigan radioaktiv moddalar miqdori AESlarga nisbatan bir necha baravar ko‘p.

Lekin AESlarning eng katta kamchiligi ularda yuz berishi mumkin bo‘lgan texnogen halokatlarning keng ko‘lamli oqibatlaridir. Bu haqda so‘z ketganda albatta 1986-yil 26-aprelda Ukrainada yuz bergan Chernobil atom elektr stansiyasining halokati esga olinadi. Ehtiyotsizlik oqibatida yuz bergan mazkur halokat tufayli mintaqadagi ekologik vaziyat keskin buzilgan, radioaktiv nurlanish oqibatida yuzdan ortiq inson nobud bo‘lgan, uning oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan minglab insonlar salomatligini yo‘qotgan.

2011-yilning 11-mart kuni Yaponiya tarixidagi eng kuchli zilzila va sunami oqibatida mamlakatdagi Fukusima-1 atom elektr stansiyasida ham yadro reaktori ishdan chiqqan, natijada mamlakat iqtisodiyoti 189 milliard dollar zarar ko‘rgan, atrof muhitga ham misli ko‘rilmagan darajada ziyon yetgan.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Chernobil va Fukusimadan tashqari 1975-yilda Leningrad (Rossiya), 1979-yilda Tri-Mayl-Aylend (AQSh) singari bir nechta atom elekr stansiyalarida ham texnogen halokatlar yuz bergan, biroq ular atrof muhit va mamlakat iqtisodiyoti uchun u qadar katta muammolarni keltirib chiqarmagan.

Bizga-chi, AES kerakmi?

Bugungi kunda mamlakatimizda 32 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Aholi sonining yil sayin o‘sishi o‘z-o‘zidan turli moddiy zaxiralar, jumladan, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni ham oshiradi.

Sir emas, bugun xalqimizni tashvishga solayotgan muammolardan biri elektr energiyasi taqchilligidir. Albatta, hukumatimiz tomonidan xalqning ehtiyojini imkon qadar qondirish borasida muayyan choralar amalga oshirilmoqda. Yurtimizning turli burchaklarida yangi stansiyalar barpo etish, eskilarini ta’mirlashga e’tibor qaratilmoqda. Ammo bu choralar mamlakat ichki ehtiyojlarini to‘la-to‘kis qondirolmayapti.

Jahon bankining hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholi jon boshiga elektr quvvati iste’moli tobora pasayib borayotgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan. O‘zbekistonda 10 ta issiqlik elektr stansiyasi va 32 ta GES faoliyat ko‘rsatadi. Elektr energiyasining o‘n foizdan ko‘prog‘i GESlardan, qolgan asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalaridan olinadi Har yili mamlakatda 55 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilsa-da, bu ichki ehtiyojlarimizni to‘la-to‘kis qoplashga yetmaydi. Mamlakat bo‘yicha past kuchlanishli elektr tarmoqlarining 67 foizi eskirgan bo‘lib, transformator punktlari zo‘riqib ishlamoqda.

Mana shu jihatlarni e’tiborga olib ko‘pchilik mamlakat uchun barqaror elektr ta’minoti manbasi – tinch atom degan g‘oyani ilgari surmoqda.

Rossiya bilan strategik hamkorlik

Hozirgi vaqtda atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish barcha rivojlangan davlatlarda keng yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘tgan yilning so‘nggi kunlarida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida Atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. O‘zbekiston tomonidan bu hujjatni Bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov, Rossiya hukumati nomidan «Rosatom» davlat korporatsiyasining bosh direktori Aleksey Lixachyov imzoladi. 

Mamlakatimiz rahbari joriy yilning 5-yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zlagan nutqida ham mamlakat tarixida birinchi marta, kelajak avlodning farovon hayot kechirishini ta’minlash maqsadida AES qurish bo‘yicha Rossiya bilan shartnoma imzolanganini ta’kidladi.

Tahlilchilarning fikricha, mazkur bitim O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish sohasida hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratib beradi. Ushbu tarixiy bitimda O‘zbekistonning atom energetikasi borasidagi milliy infratuzilmasini yaratish va takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash, AESlar va tadqiqot reaktorlari qurish, istiqbolli ilmiy va fundamental tadqiqotlar o‘tkazish xususida so‘z boradi.

«Rosatom» korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovning fikricha, O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi mamlakat energetikasining istiqboldagi imkoniyatlarini belgilab beradi. Ushbu ob’yekt qurilishi davrida 6 minggacha kishi ish bilan ta’minlanadi va stansiya ishga tushgach yana 2 mingga yaqin kishi ish joyiga ega bo‘ladi. Quvvati 2,5 GVt.ni tashkil etuvchi ushbu ob’yekt qurilishi mamlakatning ichki energiya ta’minotidagi muammolarni hal etibgina qolmay, elektrni xorijga ham eksport qilish imkoniyatini beradi.

Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmas

Mazkur yangilik ortidan turli bahs-munozaralar kuchaydi. Yangi turdagi energiya manbalarining foyda-yu ziyonlari haqida har kim har xil fikr bildira boshladi. «Koni zarar» AESlarni qurishdan ko‘ra, mavjud GES va IESlarni kuchaytirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanishning afzalliklarini uqtirayotganlar ham yo‘q emas.

Oddiy energiya manbalari uchun qancha ko‘mir, mazut, gaz singari yoqilg‘ilar ketishini aytmasa ham bo‘ladi. Albatta, muqobil manbalar, jumladan, quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha ham yurtimizda sezilarli ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, Samarqandda quësh nurini elektr quvvatiga aylantiruvchi stansiya barpo etilmoqda. Biroq, mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, quyosh elektr stansiyalarida bir kilovatt-soat elektr quvvati ishlab chiqarish tannarxi mazutda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyasi ishlab chiqargan elektrdan kamida o‘n baravar qimmatga tushadi. Demak, yana qandaydir choralarni ishga solish lozim edi.

To‘g‘ri, har kim o‘z fikrini, nuqtai nazarini erkin bayon etishga haqli. Faqat yarim stakan suvni ko‘rib, kimdir «stakanning yarmi to‘la» degan fikrga borsa, yana kimdir «aksincha, uning yarmi bo‘sh» deya taassuf bildiradi.

Biz yuqorida atom elektr stansiyalarining boshqa energiya manbalaridan farqlari, xavfi va xavfsizligi haqida bejiz to‘xtalmadik. Zotan, GESlarda yuz bergan turli halokatlarning moddiy o‘lchami va qurbonlari soni AESlardagiga nisbatan bir necha baravar ko‘p. Birgina 1975-yil 8-avgust kuni Xitoyning Bansyao GESi to‘g‘onida yuz bergan halokat natijasida 26 mingdan ziyod inson nobud bo‘lgan, yuzlab aholi punktlari suv ostida qolgandi.

Binobarin, har qanday yirik energiya ob’yektlari ma’lum darajada xavf-xatar manbai hamdir. Qo‘shni Tojikistonda bunyod etilayotgan Rog‘un GESining ehtimoliy mudhish oqibatlari haqida bir paytlar oshirib-toshirib yozdik-ku? Ammo, shunga qaramay, qo‘shnilarimiz mazkur yirik GES qurilishini to‘xtatgani yo‘q.

Xalqimizda «chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi» deb bejiz aytishmagan. Axir har yili sayyoramizda yuz minglab inson avtohalokatlar tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Yana yuzlab insonlar temiryo‘l yoki aviahalokatlar qurboniga aylanadi. Ammo bu bilan odamlar samolyot, poyezd yoki mashinalar xizmatidan voz kechayotgani yo‘q. 

Faqat bizdagina emas

Internet ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda AESlar soni ko‘payishi mumkin. Jumladan, «tengrinews.kz» nashrining xabar berishicha, joriy yilda Qozog‘istonda ham AES qurilishi boshlanadi. Stansiya Sharqiy Qozog‘iston viloyati, Kurchatov shahrida Yaponiya texnologiyasi asosida qurilishi rejalashtirilgan. Ta’kidlash o‘rinliki, Qozog‘iston jahonda uran zaxirasi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi.

Qardosh Turkiyada ham 2022-yilgacha birinchi atom elektr stansiyasi ishga tushirilishi kutilmoqda. Rossiya va Turkiya rasmiylari tomonidan imzolangan 20 mlrd. dollarlik loyihaga ko‘ra, quvvati 1200 MVt.ga teng bo‘lgan mazkur AES mamlakat janubidagi Mersin shahrida bunyod etilmoqda.

Garchi bugungi kunda ayrim davlatlar energetika maqsadlarida yadro reaktorlaridan voz kechish siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da (masalan, Italiya), yil sayin tabiiy zaxiralarning qisqarib borishi tufayli dunyo hamjamiyati energetikaning istiqbolini quyosh, shamol va atom energiyasidan foydalanishda ko‘rmoqda. Yil sayin AESlarga ehtiyoj ortib borayotir.

Bizda ham yangi turdagi energiya manbalari bunyod etilar ekan, birinchi navbatda ularning xavfsizligiga ham jiddiy e’tibor qaratiladi. Shu paytga qadar dunyo tarixida yuz bergan texnogen halokatlardan kerakli xulosalar chiqariladi.

Shu bilan birga bugungi kunda xavfsizlik texnikalari Chernobil fojiasi yuz bergan 1986-yildagidan bir necha baravar taraqqiy etgan. O‘zbekiston hududida Fukusima-1 yadro reaktori joylashgan Yaponiyadagi singari o‘ta kuchli zilzilalar ham, dahshatli sunamilar ham xavf solmaydi.

Eng muhimi, Yaratganning o‘zi asrasa, mamlakatimizga hech qanday balo-qazo xavf sololmaydi. Shunday ekan, yurtimizda yuqori quvvatga ega atom elektr stansiyalarining bunyod etilishi mamlakatimiz energetikasi tarixida yangi sahifa ochishi shubhasiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring