Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek xirurgiyasi tarixida ilk marotaba bir paytning o‘zida yurak va buyrakda noyob operatsiya o‘tkazildi

O‘zbek xirurgiyasi tarixida ilk marotaba bir paytning o‘zida yurak va buyrakda noyob operatsiya o‘tkazildi

Foto: SSV matbuot xizmati

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bir vaqtning o‘zida yurak koronar-shuntlash va buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi. Milliy xirurgiyamiz tarixida ilk noyob operatsiya o‘zbek kardiojarroh va transplantologlari tomonidan mustaqil bajarildi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Davronbek G‘oyibov 47 yoshda. Yuqori qon bosimi, bosh og‘rig‘i, ko‘z xiralashishi va doimiy charchoq kabi asoratlardan aziyat chekib kelgan bemor o‘zida surunkali buyrak yetishmovchiligi borligidan xabar topadi va dializ muolajalarini ola boshlaydi.

Qolaversa, Davron aka ko‘p yillardan beri qandli diabet, gipertoniya kasalligi bilan kardiolog va endokrinolog nazoratida ham turardi. Bularning barchasi uning ahvolini yanada og‘irlashtirdi.

Natijada sentyabr oyida Xirurgiya markaziga buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha murojaat qiladi. Bemorga o‘z qizi Zebiniso G‘oyibova donorlik qiladigan bo‘ldi.

«Buyrak transplantatsiyasi juda uzoq vaqt davom etishi sababli buni xastaning yuragi ko‘tara olmasligi mumkin edi», — dedi markazning bo‘lim mudiri, professor Fazliddin Bahriddinov. — Chunki tekshiruvlar davomida bemor yuragining uchta joyida jiddiy muammo aniqlandi. Operatsiya davomida yurak tanaga qon yetkazib bera olmasdan, infarkt yuzaga kelishi xavfi bor edi. Shuning uchun ham rejalashtirilgan amaliyot ikki bosqichda o‘tishi belgilandi.

Birinchi bosqichda yurakda koronar-shuntlash amaliyoti bajarilib, unga parallel ravishda buyrak ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilindi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday murakkab amaliyot dunyo bo‘yicha yiliga atigi 5-10 marta amalga oshiriladi. O‘zbekiston hududida esa hali bunday operatsiya bajarilmagan. Xirurgiya markazida tashkil etilgan komissiya a’zolarining ruxsati bilan boshlangan ushbu yuqori texnologik noyob muolaja muvaffaqiyatli yakunlandi.

Hozir bemor va donorning ahvoli yaxshi, ularni tibbiy standartlar bo‘yicha davolash jarayoni davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring