Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ozaman» deb bir o‘limdan qolayotganlar: ozish marafonlari, dori vositalari va... tarmoqdagi loxotron

«Ozaman» deb bir o‘limdan qolayotganlar: ozish marafonlari, dori vositalari va... tarmoqdagi loxotron

«Sakkiz yildan oshibdi ozaman deb kurashaman. Hamma usullarni qo‘llab ko‘rdim, desam ham bo‘ladi. Qilmaganim oshqozonimni kestirish qoldi faqat. Lekin endi bunday tajribalarga qo‘l urmoqchi emasman. Ozaman deb bir o‘limdan qolgan vaqtim, tavba qilganman.

Xullas, uy sharoitida qilayotgan parhezlardan aytarli natija ko‘rmadim. Ortiqcha vazn nega yig‘ilishi, jismoniy mehnat, to‘g‘ri suv ichish... bularning hammmasini bilaman, lekin amal qilishga irodam yetmay, tashlab qo‘yardim. Instagramda blogerlarni ko‘rib, ichim yonadi – hammasi ozg‘in, chiroyli. Bir kuni ko‘nglimdagi ish bo‘ldi: men anchadan buyon kuzatadigan bloger qiz o‘zining ozish marafonini boshladi.

«Haftasiga 5-7 kilo vazn tashlaysiz!» degan izohi shoshirib qo‘ydi. Tezgina to‘lovni qildim (150 ming) va telegramdagi yopiq guruhga qo‘shildim. Yuzga yaqin xotin-qizlar bor edi guruhda. Marafon boshlandi. Eng zo‘r natija ko‘rsatgan qizga qimmatgina sovg‘a qo‘yildi.

Birinchi kun ochlik kuni bo‘ldi. Hech narsa yemay, faqat suv ichdik. Keyingi kunlar esa adminimiz tuzib bergan menyu bo‘yicha ovqatlandik. Har kuni mashqlar bajarish... 4-kuni natija yaxshiroq bo‘lishi uchun parhezda yordam beruvchi kapsula ichishimizni tavsiya qildi. Bu kapsula dorixonada sotilmas ekan. Adminning o‘zidan oldik – 350 ming so‘mga bir quti. Ichida 36 dona bor edi. Qutisiga «100% natural» deb yozilgani uchun shubhalanmadim.

Ovqatlanishim birdan o‘zgarganiga va mashqlar og‘irlik qilibmi, holsizlikdan qiynala boshlagandim. Dori icha boshlagach, uchinchi yoki to‘rtinchi kunlari yurak urishim tezlashib ketayotganini sezdim. Admin esa o‘rganguncha shunaqa belgilar bo‘lishini aytdi. Sakkiz kun zo‘rg‘a chidab ichdim. Qon bosimim birdan oshadi, yuragim urishini xuddi eshitib turgandek bo‘laman. To‘qqizinchi kuni o‘lib qolay dedim, tez yordam bilan shifoxonaga yotdim. Puls tezlashgan, bosh og‘rig‘i va og‘iz qurishiga chidab bo‘lmaydi. Bir hafta davolanib, zo‘rg‘a o‘zimga keldim.

Undan oldin ham ozdiruvchi choylar va kokteyllar ichgandim. Choydan keyin shishlar paydo bo‘lganini, hatto o‘rganib qolayotganimni sezib, to‘xtatgandim. Lekin bu galgisi yaxshigina dars bo‘ldi. Menga o‘xshaganlar kam emas, lekin hammasi ham tan olib aytishga uyaladi aldanganini...» — deya so‘zlab berdi Toshkent shahridan Dilyora.

Ijtimoiy tarmoqlardagi soxta psixolog, biznes-trener, motivator va kouchlar yangilik emas. Bu haqda maqolalar yozildi, ko‘rsatuvlar qilindi. Xulosa qilgan qildi. Qilmaganlar esa aldab, aldanib yuribdi. Bugun biz ijtimoiy tarmoqlar va Youtube platformasidagi ozish marafonlari haqida gaplashmoqchimiz.

Insta-blogerlar ichida ozish marafonlarini tashkil qilayotgan, ozdiruvchi mahsulotlar reklamasini faol olib borayotganlar juda ko‘p. Ular orasida mashhur san’atkorlar ham salmoqli. Youtube qidiruv tizimiga «oson ozish» deya yozsangiz, ertakdagi natijalar va’da qilingan videolar chiqib keladi: «Bir kunda ozamiz», «Uch kunda 10 kilo ozish»... Fantastikaga o‘xshaydi, ammo afsuski, ishonadigan soddalar ham oz emas. Yo‘qsa, videolar 500 ming va hatto milliondan oshiq ko‘rilmagan bo‘lardi.

Semizlik yangi muammo emas. Bu dard bilan davlat darajasida kurashib kelayotgan mamlakatlar ko‘p. O‘zbekiston uchun ham ortiqcha vazn aktual muammo. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlaganidek, aholining 56 foizida ortiqcha vazn, 30 foizida surunkali kasalliklar bor.

Ozish marafonlari aslida yaxshigina daromad manbai. Marafon tashkil qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu. Surishtirganimizda, bloger yoki diyetologning umumiy reytingidan kelib chiqib, narx belgilanar ekan. Narxlar 70 ming so‘mdan boshlanib, 600-700 minggacha boradi. Ishtirokchilar soni ham har xil – 15-20 nafardan 100 nafargacha. Tekin marafonlar ham yo‘q emas. Masalan, birinchi uch kun mutlaqo bepul, davom ettirish uchun to‘laysiz. Yoki ayrim marafonchilar bir shart qo‘yadi: ozdiruvchi mahsulot sotib olasiz va ishtirok etaverasiz. Ikki o‘n besh – bir o‘ttiz.

O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti, Sport tibbiyoti va bioximiya kafedrasi o‘qituvchisi, bioximik Dilnavoz Berdiyeva bilan shu mavzuda suhbatlashdik. Dilnavozning tanadagi ortiqcha yog‘lar, sog‘lom vazn yo‘qotish, metobalizm haqidagi chiqishlari ko‘pchilikka foydali bo‘lib kelmoqda.

– O‘zida ortiqcha vazn borligi va ozishi kerakligini odam qanday bilishi mumkin?

– Bu asosan uchta usul bilan aniqlanadi:

  1. Antropometrik ko‘rsatgichlarning bir-biriga to‘g‘ri kelishi va tana massasi indeksi orqali hisoblanadi;
  2. Odam o‘zida sezayotgan belgilarga ko‘ra, masalan, yurakda aritmiya (bir me’yorda urmaslik), tananing ayrim qismlarida uvushish, hansirash, terlash, nafas yetishmovchiligi, og‘irlik kabi;
  3. Laborator tekshiruv orqali. Laboratoriyada qon tomirlarda yog‘ yig‘ilish darajasi, qonda xolesterin va glyukoza miqdori, jigarda yog‘ miqdori va hokazo.

Odatda vazn tashlamoqchi bo‘lgan odamga diyetolog ushbularni o‘rgatadi va hisoblab beradi. Chunki ozmoqchi bo‘lgan odam o‘zidagi ortiqcha vazn miqdorini, nimaning hisobiga vazn tashlamoqchiligini (yog‘ hisobigami, mushak hisobigami), semirib ketishiga sabab deb bilgan omillarini yaxshi bilishi kerak.

– «Bir hafta yoki o‘n kunda ozamiz!» degan e’lonlarga ishonsa bo‘ladimi? Umuman sog‘lom ozish uchun qancha vaqt kerak?

Bunday yorqin reklamaga ishonib, sog‘likni xatarga qo‘ymaslikni tavsiya qilardim. Aslida, ha, tez vazn tashlasa bo‘ladi. Ammo bu qanchalik to‘g‘ri va qaysi yo‘l bilan, degan savolga javob berish kerak. Sog‘lom vazn tashlash asosan ikki rejali siklda amalga oshadi:

  1. Qisqa muddatli, maqsadli vazn tashlash.
  2. Uzoq muddatli sog‘lom vazn tashlash.

Qisqa muddatli vazn tashlashdan asosan sportchilar foydalanadi: 7-10 kunda 5-10 kilogrammgacha vazn yo‘qotish orqali. Bu intensiv jismoniy mashg‘ulotlar qilish (4 soatdan 8 soatgacha), suvni rejali ichish, kardiomashqlar, terlash, sauna, ba’zan peshob haydovchi vositalar orqali qilinadi. Juda kam miqdorda oqsilli mahsulotlar iste’mol qilinadi. Ammo bunday vazn tashlash xavfli. Chunki peshob haydovchi vositalar doping hisoblanadi. Tanadan kalsiy va kaliyni yuvib chiqaradi.

Sport bilan intensiv shug‘ullanmaydigan odam haftasiga yoki o‘n kunda 5-10 kilogramm sog‘lom vazn tashlay olmaydi. Sog‘lom ozish hech qanday sintetik vositalarsiz amalga oshirilishi kerak. To‘g‘ri harakatlanish va ratsional ovqatlanishni tashkil qilish orqali oyiga 2-4 kilogramm ozish norma. Bunda moddalar almashinuvi buzilmay, bosh og‘rishi yoki aylanishilarsiz sog‘lom jarayon kechadi.

Dastlabki uch kun ichakdagi tiqinlarning chiqarilishi hisobiga 2-3 kilogramm vazn yo‘qotilishi mumkin. Ammo qolgan kunlarda bir oyda 2-4 kilogramm doimiy vazn tashlab boriladi. Bu uzoq muddatli, rejalashtirilgan ozish hisoblanib, avvalo qon tomirlarda yig‘ilgan yog‘lar, qondagi ortiqcha glyukoza, yog‘ va xolesterindan xalos bo‘linadi.

Ozishdan maqsad – sog‘lom tanaga ega bo‘lish. Demak, bu jarayon hech qanday noqulay hislarsiz kechishi kerak. Tez ozishda qon bosimi oshib-tushishi, holsizlik, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, tomir o‘tkazuvchanligi oshib ketishi sababli tanada ko‘karishlar, anemiya kabi bir qancha xavflar mavjud.

Shuningdek, parhez va sport ham har bir kishi uchun individualdir. Masalan, oyoqlarida varikozi bor yoki yurak xastaliklari bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya qilinmaydigan mashqlar bor. Shuning uchun ozishni maqsad qilgan odam professional diyetolog ko‘rigidan o‘tishi lozim. Shundan keyingina parhez tanlashi, qabul qilayotgan kaloriyasi miqdorini sarflayotgan kaloriyasiga nisbatan 15 foizgacha kamaytirish orqali ovqatlanishni to‘g‘ri tashkil qilishi va sport mashqlarini tanlashi kerak.

– Ozishni boshlashdan avval tibbiy yoki ruhiy tayyorgarlik qay darajada muhim?

Bunday tayyorgarlik albatta kerak. Sog‘lom vazn tashlash uchun qon bosimi, yurak ritmi, oshqozon-ichak tizimi, qondagi xolesterin va glyukoza miqdori, gormonlar konsentratsiyasi tekshirilishi shart. Bu semirishga sabab bo‘layotgan asl muammoni aniqlab beradi. Aniq sabab bilan kurashish esa oson va samarali.

Lekin, amaliyotda, ayniqsa, hozir o‘zini ozish programmalarini taklif qilayotganlarda hattoki hech qanday suhbatsiz, kaloriyalarni hisoblamasdan, organizmda kechayotgan fiziologik holatlarni inobatga olmay, marafonlar tashkil qilinayotganini kuzatmoqdaman.

Tez ozish organizm uchun stress. Bu vaqtda stress gormoni kortizol miqdori oshib, qandli diabetning ikkinchi turi, miya to‘qimalarining parchalanishi, immunitet tushib ketishiga sabab bo‘ladi. Bu moddalar almashinuvidagi bittagina jarayon buzilishi oqibati. Bunday misollarni yuzlab keltirish mumkin.

Ruhiy tayyorgarlikka sabr bilan, doimiy va sekin vazn tashlashga o‘zini tayyorlash, ozishga shoshib kirishib ketmaslik kiradi. Shuningdek, vazndan qutulish emas, sog‘lomlikka erishish uchun vaznni kamaytirib borish asosiy maqsad ekani tushunib yetilgan bo‘lishi lozim.

– Ozish marafonlarida 20 nafar hatto 100 ga yaqin qizlar qatnashadi va ular ko‘pincha bir xil tartibda ozadi. Ammo vazn kamayishi har xil bo‘ladi. Ozishda odamning organizm individualligi ahamiyatli emasmi?

Insonning ortiqcha vazni turlicha bo‘lgani kabi, u sarflayotgan kilokaloriya ham, qabul qilayotgan kaloriya ham turlicha. Qancha kilokaloriya sarflayotganini hisoblamasdan, ozishni tashkil qilish ilmsizlikdir. Chunki, ozish qabul qilinayotgan kilokaloriyani sarflanayotgan kaloriyaga nisbatan sekinlik bilan kamaytirishdan boshlanishi lozim.

Yoki qon bosimi baland va qon bosimi past odam uchun bir xil sharoitda ozishni tashkil etib bo‘lmaydi. Hattoki, vazn tashlashda bir xil sport mashqi berish ham xavfli. Yuz nafar, boringki yigirma nafar mijozning fiziologik holatini bilish mushkul. Masalan, kardiomashq mumkin bo‘lmaganlar bor. Yoki qornida yog‘ to‘plangan odamga press mashqlarini buyuriladi. Bu esa qorin mushaklarini shakllantirib, zichlashib qolishi hisobiga yog‘ erishini qiyinlashtiradi. Sportdan foydalanib, vazn tashlashda birinchi yog‘larni erituvchi mashqlar to‘plamidan foydalanish kerak.

– Marafonlar shu qadar ko‘pki, qaysi birini tanlashni ham bilmay qoladi kishi. Tibbiy bilimi bor diyetologni, sifatli marafonni qanday bilish mumkin?

– Haqiqiy diyetolog tez ozishga e’tibor qaratmaydi, avval semirish sababini aniqlaydi. Semizlik turini belgilaydi. Laborator tahlillarni tekshirish orqali va suhbat jarayonida semizlikka tashxis qo‘yadi. Shundan keyin maxsus individual programma taklif qiladi.

To‘g‘ri ratsional ovqatlanishni tashkil qilish (taomnoma tarkibida kerakli miqdorda oqsil, yog‘, uglevod bo‘lishi kerak) va sportni qo‘shish bilan vazn tashlash taklif qilinadi. Bunda qabziyat, diariya kabi yondosh holatlar ozish jarayonida uchrashi mumkinligidan ogohlantiradi.

Marafonga kelsak, sog‘ligimiz tavakkal yoki tajriba qilib ko‘riladigan narsa emas. Sifatli marafon, qancha ko‘p vazn tashlash bilan emas, sog‘lomlik darajasini oshirish bilan, programmani to‘liq bajarish bilan tashkil qilinmog‘i kerak. Ozish dasturi davriy tashkil qilinishi, orada dam olish ham mavjud bo‘lishi kerak. Masalan, doimiy ketodiyetada yurish natijasida organizmda yog‘ miqdori kamayib, tana elastikligi buziladi. Jinsiy gormonlar hosil bo‘lishi pasayishi, ayrim vitaminlar o‘zlashtirilmay qolishi mumkin.

 – Ozdiruvchi vositalar, choy, kofe-kokteyllar haqida fikringiz qanday? Ozish uchun bu mahsulotlarni tavsiya qiluvchi mutaxassislarga ishonish va ularga amal qilish qanchalik xavfli?

– Agar dorilar bilan ozish samarali va sog‘lik uchun xavfsiz bo‘lganida, biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishda yetakchi bo‘lgan AQShda ommalashgan bo‘lardi.

Zararsiz va tez ozdiruvchi dori mavjud emas. Ozdiruvchi sintetik vositalar qon bosimi va yurak urish tezligining oshishiga, uyqusizlik, asabiylik, bosh og‘rig‘i, qon quyuqlashishi, jigar faoliyatining buzilishi, allergik kasalliklarga olib kelishi mumkin.

Masalan, ba’zi ozdiruvchi vositalarni faqat qo‘ldan sotib olish mumkin. Ular mamlakatimiz dorixonalarida sotilmaydi, rasman ro‘yxatdan o‘tmagan. O‘zbek tilida tarkibi, yo‘riqnomasi ham yo‘q. Ishonchli manbalardan xavfsizligi haqida ma’lumot ham topib bo‘lmaydi. Rus va o‘zbek tilidagi ma’lumotlar esa faqat sotuv uchun mo‘ljallangan reklama matni ekani ko‘rinib turibdi. Chetdan qanday usullar bilan kirib kelayotgani ham bizga qorong‘u.

Ma’lumotlarda «Tabiiy mahsulotlardan olingan», deyilgan bo‘lsa-da, isbotlovchi manba yo‘q. Ba’zi ozdiruvchi vositalar tarkibida taurin aminokislotasi mavjud. Taurin energiya jarayonlarini rag‘batlantiradi, yog‘lar almashinuviga ta’sir qiladi. Biroq u safroda to‘planib, oshqozon osti bezi hujayralarini zararlaydi. Ushbu moddaning katta miqdori oshqozon osti bezida qon ketishiga va hatto o‘limga olib kelishi mumkin.

Ozdiruvchi choylarni qo‘llashning asosiy xavfi suvsizlanish va hayotiy mikroelementlar (kaliy, kalsiy, magniy), mineral va vitaminlarni tanadan yuvib chiqarishidadir. Ayniqsa, kaliyni yo‘qotish, qon ivish jarayonlarining buzilishiga olib keladi.

Yil boshida Toshkent shahar IIBB tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi sibutramin moddasi bo‘lgan «Fatzorb» nomli dorini ozdiruvchi vosita deb sotayotganlardan ogohlantirgan edi. Instagram va Youtube tarmog‘ida esa «Fatzorb»ning reklamasi faol aylangan edi. Mashhur san’atkor va blogerlar «Fatzorb – ishonchli, xavfsiz va tabiiy» deya targ‘ib etgandi.

Sibutramin Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida»gi 818-son qarori bilan tasdiqlangan Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.  Bu mahsulot dori vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan ham o‘tkazilmagan. Shuningdek, SSVning Xavfsizlik parametrlari bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilgan biologik-aktiv ozuqa qo‘shimchalari (BFQ) ro‘yxatida ham mavjud emas. Ayni damda blogerlar tavsiya qilayotgan ko‘plab ozdiruvchi vositalar ham ushbu ro‘yxatda yo‘q.

Zararsiz ozdiradigan biologik faol qo‘shimchalar mavjud emasmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bor, ammo, ulardan hech birini ozmoqchi bo‘lgan odamning fiziologik holatini bilmay, tavsiya qilib bo‘lmaydi.

Marafonchilar orasida sekin va sog‘lom yo‘ldan borishni targ‘ib qiluvchilar va ular bilan to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzini odat qilayotganlar ham talaygina. Ularga e’tirozimiz yo‘q. Bizning maqsadimiz soxta diyetolog va marafonchilar, ular tavsiya qilayotgan dori vositalaridan ogohlantirish. 

Dilroz Abrayeva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring