Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oromkursida uchgan qariya yoki antiqa mukofot jafokashlari

Oromkursida uchgan qariya yoki antiqa mukofot jafokashlari

«Darwin Awards» haqida eshitganmisiz? Bu virtual mukofot bema’ni tarzda halok bo‘lgan yoxud zurriyod ko‘rish layoqatini yo‘qotgan kishilar uchun ta’sis etilgan. Yana bir sharti: mukofotga tavsiya etilganlarning qarindoshlari bo‘lmasligi kerak. Rasmiy talqinga ko‘ra, mazkur mukofot «insoniyat nasabidan zararli irsiyatni yo‘qotish» va o‘zining ahmoqligi tufayli kurakda turmaydigan baxtsiz hodisa tufayli reproduktiv qobiliyatini yo‘qotganlarga beriladi. Lo‘nda qilib aytganda, «Darwin Awards»ning tadrijiy mohiyati oddiy: yashash uchun kurashda har bir avlod oldingisidan aqlliroq bo‘lishi kerak. Yana bir gap: o‘lim bilan o‘ynashmaslik kerak, senga hayot ato etilganmi, risoladagidek yashayver...

Darvin mukofoti bilan bog‘liq talonchi o‘g‘ri voqeasi mashhur. Bu o‘g‘ri politsiya quvg‘inidan qochgan, balandligi to‘qqiz metrli devordan oshib o‘tib, shundoqqina qamoqxonaga tushgan.

Ikkinchi voqea katta yoshli belgiyalik fuqaro bilan bog‘liq. Bu odam shu qadar tuturuqsiz o‘lim topganki, nevaralari uning nomidan voz kechishgan.

Uchinchi voqea rosa kulgili. 1982-yilda Los-Anjelesda istiqomat qiluvchi pensioner Larri Uolters o‘zining azaliy orzusi – osmonda parvoz qilishni xohlab qoladi, ammo samolyotda emas. U shaxsan o‘zi uchish qurilmasini yasaydi: qulay oromkursiga geliy to‘ldirilgan qirq beshta meterologik pufak biriktiradi. Shundan so‘ng buterbrod va pivo g‘amlab, sochma o‘q otadigan miltiqni oldi-da, oromkursiga joylashib o‘tirdi. Uning ishorasi bilan do‘stlari oromkursini ushlab turgan arqonni bo‘shatib yubordilar. Larri Uolters o‘ttiz metrcha ko‘tarilmoqchi edi, ammo... xuddi zambarakdan otilgan kabi oromkursi uni BESh kilometrgacha osmonu falakka olib chiqib ketdi.

Sovuqda dildirab qolgan Uolters buncha balandlikdan tushishga qo‘rqib, pufaklarga o‘q uzmadi. Los-Anjeles aeroporti radarlari aniqlamaguncha u yuragini hovuchlab bulutlar ichida parvoz qilaverdi. Nihoyat, Uolters pufaklarga o‘q uzishga qaror qildi va yerga qo‘na boshladi. Biroq pufaklarga bog‘langan arqonlar yuqori voltli elektr simlariga chuvalashib, qisqa tutashuvga sabab bo‘ldi. Butun boshli Long-Bich elektrsiz qoldi.

Uolters yerga qo‘nganida uni darhol hibsga olishdi. Politsiyachilarning «Nega bunday qildingiz?» degan savoliga u oddiygina javob berdi: «Axir, hamma vaqt ham bekor o‘tirib bo‘lmaydi-ku!»

* * *

1992-yil 21-dekabr, Shimoliy Karolina. Nyutonlik 47 yoshli Ken Charlz Barjer o‘zini o‘zi tasodifan otib qo‘ygan. Yarim tunda telefon jiringlaganida u apparat yonida qo‘yilgan «Smit&Vesson» to‘pponchasini qo‘liga olgan va go‘shak o‘rniga uni qulog‘iga bosib, tepkini bosgan.

* * *

1994-yil 23-mart, Kolumbiya. 18 yoshli Ronald Opus o‘z hayotiga nuqta qo‘ymoqchi bo‘ldi. U 10 qavatli uyning tomiga chiqdi, o‘limoldi xatini yozdi va o‘zini pastga otdi.
Opus 9-qavat yonidan tushib ketayotib 8-qavatdagi derazadan chiqqan o‘q boshiga tegdi. O‘lim o‘shanda yuz bergan. Ma’lum bo‘lishicha, Ronald sakrash chog‘ida uylardan biridagi er-xotin janjallashib qolishgan. Jahli chiqqan er qo‘liga miltiq olib, xotiniga o‘q uzdi, ammo nishonga tekkizolmadi. O‘q ochiq derazadan chiqib, omadsiz yigitga tegdi. Aks holda Ronald tirik qolishi mumkin edi, chunki ta’mirlash jihozlari pastdagi yo‘lovchilarga tushib ketib zahmat yetkazmasligi uchun sakkizinchi qavatda maxsus to‘r torttirilgan edi.

Nimayam deyish mumkin: Ronald Opus o‘zini o‘ldirmoqchi edi. Shunday bo‘ldi.

Ish o‘z joniga suiqasd deya qayd etilib, yopilgan…

* * *

Belgiyaning Dinon shahridagi er-xotin mahalliy banklarning biridagi bankomatni portlatib yubormoqchi bo‘lishdi. Biroq ular dinamitni haddan ziyod ko‘paytirib yubordilar va oqibatda ustlariga devor qulab tushdi. Erni darhol ushlashdi, xotin esa 12 soatdan so‘ng vayronalar ostidan topildi. Darvoqe, aniqlanishicha, bu juftlik yaxshigina davlatmand bo‘lgan.

* * *

Floridalik Shon M. barda oshnalari bilan ichib, uyga qaytayotgandi. Uning mashinasi avtoulovlar ko‘pligi bois tirbandlikda qolib ketdi. Ichilgan pivo esa o‘zini ko‘rsatishga undar edi. Guvohlarning aytishicha, Shon «Men ichishim kerak», degan va mashinadan tushib, yo‘l yoqasiga borib, beto panjara ustidan sakragan. Shon mashinasi… salkam yigirma metr balandlikdagi yo‘lda turganini hisobga olmagan edi.

* * *

1976 yilda Bob Finnegan yo‘lni kesib o‘tayotib taksi urib ketdi va u taksining ustidan o‘mbaloq oshib tushdi. Taksi haydovchisi qochdi, Bob esa yo‘lda yotardi. Keyingi mashina ham uni bosib o‘tib, g‘oyib bo‘ldi. Tomoshatalablar yig‘ilishdi.

Bu to‘dani urib ketgan yuk mashinasi uch kishini jarohatlab, Bobni yanada mayib qildi. To‘rtinchi avtoulov ko‘ringanida odamlar qochib qolishdi va yo‘lda faqat Bobning o‘zi qoldi. Ikki daqiqa mobaynida u bosh suyagi sinishi, tos shikastlanishi, oyoq sinishi va boshqa jarohatlar orttirdi.

Aytishlaricha, Bob shifoxonada uzoq davolanmay, javob berishgan.

* * *

Maykl Anderson Gudvin qotilligi uchun o‘zini elektr kursida qatl etishlarini kutib, uzoq vaqt qamoqda o‘tirdi. 1989 yil martida u metall unitazda cho‘kka tushib kichikroq televizorni tuzatayotayotganida tok urib o‘ldi.

* * *

Odam o‘ldirgani uchun oliy jazoga hukm qilingan, keyinroq bu jazosi umrbod qamoqqa almashtirilgan yana bir mahbus Lourens Beyker bilan ham shunday bo‘lgan. U 1997 yilning 1 yanvar kuni, kameradagi metall unitazda televizorga ulangan qo‘lbola quloqchinlarni taqib o‘tirganida tok urib, umriga nuqta qo‘ygan.

* * *

Dahshatli parhez va xona havosini almashtirmaslik oqibatida bir inson o‘zining gazidan zaharlanib hayotdan ko‘z yumgan. Natijalar ko‘rsatishicha, u no‘xat, karam va boshqa mahsulotlarni tanovul qilgan. Eshik va derazalar yopiq bo‘lgani bois, u uyqusida o‘lgan. Xonaga kirgan uch nafar qutqaruvchi ham zaharlanib, ulardan biri, hatto shifoxonaga yotqizildi.

* * *

Quduqqa tushib ketgan jo‘jani qutqarmoqchi bo‘lgan Janubiy Misrning Nazlat Umar qishlog‘idagi olti nafar kishi narigi dunyoga ravona bo‘ldi. Birinchi bo‘lib 18 yashar fermer 60 fut chuqurlikdagi quduqqa o‘zini tashladi. Uning akasi va ikki ukasi ham yordamga oshiqdi. Hech kim suzishni bilmagani bois hammasi cho‘kib ketdi. Katta yoshli ikki fermer ham kelib, ular ham o‘zlarini quduqqa tashlashdi…
Olti nafar kishining murdasi 240 mil janubdan topildi. Jo‘jani ham chiqarishdi. U tirik edi.

* * *

Politsiyadan mototsiklda qochgan odam voqeasi ham antiqa. U 2 mil masofani bosib o‘tdi va deyarli qurshovda qoldi. Shundan so‘ng eng yuqori tezlikda xiyobon bo‘ylab qochdi. Bu qurg‘ur qochoq xiyobonning oxiri g‘ishtin devor bilan tugashini qayoqdan bilsin! U shlem kiymagan edi, g‘ishtin devorga borib urildi-da, o‘zining ham, mototsiklning ham dabdalasini chiqardi.

* * *

28 yoshli Rendi Nestor avtomobil o‘g‘risi edi. Nestor o‘zi o‘g‘irlagan avtoulovlardan foydalanib bo‘lgach, ularni yoqib yuborardi. Bunday chora avtomobil egalarining sug‘urta olishlariga yordam beradi, deb o‘ylardi u. Aynan shu odat Rendini halok qildi. O‘n yillik talonchilikdan so‘ng u Pittsburgda, o‘zi o‘g‘irlagan furgonning ichida o‘tirib o‘t yoqdi. Rendi bu avtoulov eshigining tutqichi tashqi tomondan singanligini bilmasdi. Do‘stlari Rendini xalos etmoqchi bo‘lishdi, biroq eshikni ochisholmadi. Uning kuygan murdasi furgon ichidan topildi.

* * *

1998-yil fevral. Buenos-Ayresning Boedo hududi. Oilaviy janjal tufayli 25 yoshli er o‘zining 20 yashar xotinini sakkizinchi qavatdagi uyining balkonidan uloqtirib yubordi. Qarangki, ayol bir necha qavat pastdagi elektr simlariga ilinib qoldi. Noshud er hech nimani o‘ylamay, o‘zini pastga otdi. Uning niyati qanday bo‘lgani noma’lum. Ehtimol, janjalni davom ettirmoqchi yoki xotinini qutqarmoqchi bo‘lgandir? Ammo bu harakati natija bermadi. U simlar orasidan o‘qdek uchib tushib, hayotdan ko‘z yumdi. Xotini esa yaqinidagi balkonga yopishib, eson-omon chiqib oldi.

* * *

Tehron tevaragida Ali ismli ovchi ilon tomonidan... otib o‘ldirildi. Fojiaga guvoh bo‘lgan boshqa hamkasbining aytishicha, Ali ilonni tiriklay tutmoqchi bo‘lib, jonivorni boshidan o‘z miltig‘ining qo‘ndog‘i bilan bosgan. Ilonning dumi chuvalashib-aylanib, tepkini qisgan. Miltiq o‘qi ovchining boshiga tekkan.

* * *

Bir erkak 49 yoshli oshnasining yuzini jarohatlab qo‘ygan. Ular pivo bankasini bir-birining boshi ustiga qo‘yib «otish-otish» o‘ynashayotgan edilar.

* * *

Nemis xevi-metal yulduzi Gunter Diyets qay tarzda o‘lganini bilasizmi?

U, avvalgi barcha konsertlarida qiladigan harakatini qo‘llab, «Meni tutib oling», dedi va olomonga qarab o‘zini tashladi. Odatda, muxlislar uni ushlab olishardi. Biroq ular bu gal ranjigan edilar. Sababi, Gunter ularning sevimli gitarachasi Kugelni ishdan bo‘shatgandi. Xullas, Diyets qo‘llarini ko‘targancha o‘zini pastga otganida, ular qochib qolib, kula boshlashdi. Gunter esa boshi bilan betonga urildi. U bir necha daqiqa mobaynida hushini yo‘qotmay, onasini chaqirib yotgan.

* * *

Politsiyachilar o‘lishni xohlagan haydovchining umriga nuqta qo‘yishgan.

«Men afsusda ekanligimni politsiyachilarga yetkazing». 19 yoshli Mosh Pergament o‘z xatini shu tarzda boshlab, mashinasining orqa o‘rindig‘iga qoldirgan edi. Xatda u o‘lishni xohlagani bitilgandi.

Mosh Pergament o‘zi o‘tirgan mashinani katta tezlikda haydab, politsiyachilarning to‘xtash haqidagi ogohlantirishlariga quloq solmagan. Uni to‘xtatmoqchi bo‘lganlarida esa avtovulov oynasidan to‘pponcha o‘qtalgan. Natijada Moshni otib tashlashga to‘g‘ri keldi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u ishga solgan to‘pponcha o‘yinchoq ekan...

Akbar Fathullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring