Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oliy sud: to‘qqiz oyda 576 nafar shaxs oqlandi

Oliy sud: to‘qqiz oyda 576 nafar shaxs oqlandi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan qilingan ishlar hisobotini e’lon qildi. Oliy mahkama rasmiy vakili Aziz Obidov «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2019-yilning 9 oyi mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 26 859 nafar shaxsga nisbatan 20 627 ta ish ko‘rib chiqildi. Mazkur ko‘rsatkichlar 2018 yilning shu davriga nisbatan shaxslar bo‘yicha 27,2 foizga, ishlar bo‘yicha esa 28,2 foizga kamaygan. Jumladan, 576 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi.

Sudlangan shaxslar soni 20 818 nafarni tashkil etib, shundan 5 300 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 14 482 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 1 036 nafar shaxs shartli hukm qilindi.

Sudlanganlarning 18 429 nafari erkaklar, 2 389 nafari ayollar, 8 036 nafari yoshlar (shu jumladan 378 nafari voyaga yetmaganlar) va 674 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslardir.

Shuningdek, 2 306 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 19 667 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 6 041 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi va 5 116 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.

202 nafar shaxsga Yoshlar ittifoqi, 175 nafar ayolga Xotin-qizlar qo‘mitasi va 1 078 nafar shaxsga mahalla fuqarolar yig‘inlarining kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, transport vositasini olib qochish, qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish (yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish), bezorilik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilish, odam savdosi, mansab soxtakorligi, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish kabi jinoyatlar uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaydi.

Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 4 613 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Yetkazilgan 362,2 mlrd. so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 2 327 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

9 869 ta jinoyat ishi, ya’ni barcha ishlarning qariyb 47,9 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 1 355 nafar shaxsga nisbatan 1 094 ta ish ko‘rib chiqildi. 812 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi va 403 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring