Napoleonga tegishli bo‘lgan Fuqarolik kodeksi nusxasi €395 mingga sotildi

Imperator Napoleon Bonapartga tegishli bo‘lgan Fransiyaning Fuqarolik kodeksi nusxasi Parijdagi kimoshdi savdosida 395 ming yevroga sotildi. Bu haqda savdoni o‘tkazgan Tajan auksionlar uyiga asoslanib Agence France-Presse xabar berdi.
Ushbu hujjat nusxasi kimoshdi savdosi oldidan €100-200 mingga baholanayotgan edi.
«Birinchi imperiya qulaganidan buyon kodeks bir oilada saqlangan», — deyiladi Tajan bergan ma’lumotda. Gap Napoleonning sodiq safdoshlaridan biri, Parij yaqinidagi Sen-Klu qasri sobiq boshqaruvchisi Eten Sharve haqida ketmoqda. Napoleon Elba oroliga 1814-yilda surgunga jo‘natilishidan avval kodeks nusxasini shu qasrda qoldirgan. Kodeksning haqiqiyligini u bilan qo‘shib sotilgan xat tasdiqlaydi. Xat Eten Sharvening o‘g‘li Jan-Per Sharve tomonidan yozilgan.
Napoleon 1799-yilda hukumat tepasiga kelganidan so‘ng butun mamlakat uchun yagona fuqarolik kodeksini ishlab chiqishni ichki siyosatdagi bosh vazifalardan biri sifatida belgilagan. Hujjat 1804-yilda e’lon qilingan.
Fransiyada 1804-yilgi ushbu kodeks qo‘shimchalar va to‘ldirishlar kiritilgan holda hamon amal qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter