Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Men nechun sevaman O‘zbekistonni...» qo‘shig‘i qanday yaralgandi? (video)

Vatanning rangi qandayligini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Men ham ko‘p o‘ylaganman. Toki bir qo‘shiqni tinglaguncha... O‘shanda o‘smir qizaloq edim.

O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov va bastakor, O‘zbekiston san’at arbobi Anor Nazarov hamkorligida tug‘ilgan «Men nechun sevaman O‘zbekistonni...» qo‘shig‘ini  yillar o‘tib, takror tinglar ekanman, ko‘z oldimga yana Vatanimiz bayrog‘i kelaverdi!

Shunda angladimki, Vatanning rangi, qiyofasi bu – millat bayrog‘i ekan! Vatanning ohangi esa yurtning chin vatanparvarlari nolasida mangu yasharkan!...

 Bastakorning to‘ng‘ich farzandi, Xalqaro solist, violonchel ustasi Dilshod Nazarov bilan suhbatimiz muqaddimasi qadrli qo‘shiq tarixiga bag‘ishlandi!

Eng hayratlanarlisi, «Men nechun sevaman O‘zbekistonni...» qo‘shig‘i kuyi violonchel cholg‘usida yangradi!

Dilshod Nazarov

Xalqaro toifadagi violonchel ustasi, mahoratli sozanda.

Il-de-Frans Xalqaro tanlovi laureati.

Chaykovskiy nomidagi tanlov sovrindori.

Parij Oliy konservatoriyasiga o‘qishga kirgan ilk o‘zbekistonlik.

«Nihol» mukofoti sovrindori.

Bastakor, atoqli san’atkor, O‘zbekiston san’at arbobi Anor Nazarovning to‘ng‘ich farzandi.

– «Men nechun sevaman O‘zbekistonni...» qo‘shig‘i doim qalbimda, tilimda, sozimda! O‘zbek xalqining buyuk shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning shu nomli she’riga otam, buyuk o‘zbek bastakori, O‘zbekiston san’at arbobi Anor Nazarov bastalagan kuyni violonchelda ijro etganda, o‘zgacha hislar qurshovida qolaman! Sababini aytgin, desalar, she’rda bitilganidek:

 Shoirona, go‘zal so‘zlardan oldin,

Men ta’zim qilaman ona xalqimga!

deya javob qilaman!

Bu qo‘shiq O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingan 1991 yilda yozilgan. Men u paytda yosh bola edim. Shoir va bastakorning ijodiy suhbati, umuman, qo‘shiqning tug‘ilishi jarayoniga guvohi bo‘lganimdan baxtiyorman! Esimda, rahmatli Abdulla Oripov stulda o‘tirgan ko‘yi she’rni o‘qir ekanlar, otam darhol pianinoni yoniga oshiqdilar. Shunday qilib, lahzada qo‘shiq tug‘ilgan! Bunga mahliyo Abdulla Oripov ko‘rsatkich barmog‘ini lunjiga tiragancha, shunday degandilar: «Voy, Anor! Ofarin! Nihoyatda ajoyib qo‘shiq tug‘ildi! Yasha!»

Oradan 32 yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu qo‘shiq odamlarning tilida, dilida, yodida ekanligi xursand qiladi kishini. Shu yillar ichida qo‘shiq xuddi xalqning qalbiga singib ketgan ajib ohang, yuraklardagi Vatan madhiga aylanib ketgan go‘yo... Ba’zi odamlar bu qo‘shiqni O‘zbekistonning norasmiy madhiyasi, deb ham e’tirof etganlar. Birinchi navbatda, she’rni o‘zi kuchli yozilgan! Bunga yana ajoyib musiqa qo‘shilib, a’lo uyg‘unlik bo‘lgan! Ukam Qahramon bilan bu qo‘shiqni juda ham sevganmiz!

1997 yil Parij Oliy konservatoriyasiga o‘qishga ketgan bo‘lsam, 2000 yilda otamdan kuylarini violonchelda ijro etishga ruxsat so‘radim. Otam «Yaxshi, lekin bular tayyor qo‘shiqlarning kuylari-ku, men senga  violonchel uchun alohida kuylar yozib beraman. Axir sen, mumtoz kuylar ijrochisisan!» deya javob qildi. Otam o‘zi aytganidek, menga violonchel uchun maxsus kuylar ham yozib berdi. Ammo, otam repertuaridagi qo‘shiqlarning kuyi ohanrabosi meni doim maftun etgan!

Violonchel musiqa cholg‘usining ajoyib va o‘ziga xos tomoni shundaki, u o‘zidan nafaqat erkak yoki ayol, balki bola tovushini ham taratadi. Hatto, milliy cholg‘umiz sato tovushi bilan ham yaqin.

Parijda ajoyib inson va o‘zbek milliy kuylarining atoqli sozandasi Turg‘un Alimatov bilan tanishdim. U kishi Parijdagi konsertlarga kelganlar. Ustozga «Menga ham nolalarni o‘rgatsangiz...» deya iltimos qildim. His qilardimki, «Tanovor» va boshqa ko‘plab xalq kuylarini ham violonchelda ijro qilsa bo‘ladi. Bu borada hozirda loyihalarim bor. Parij sahnalarida shu uslubdagi ijrolarim bilan ko‘p bor chiqishlar qilganman. 

Onam rahmatli birinchi o‘zbek ayol violonchel ustasi. Tabiiyki, birinchi violonchel bo‘yicha  ustozim ham onamdir! Otam rahmatlini qo‘shiqlarini ham birinchi bo‘lib violonchelda kuyga solgan ham bu onam bo‘ladi.

Otam Anor Nazarov xalqini juda sevadigan, chin vatanparvar inson edilar. Farzandlar ham shu tarbiyada kamol topdik. Bizda boshqacha tarbiya bo‘lishi ham mumkin emasdi! Buning uchun ota-onamizdan minnatdormiz!                

Toshkentda V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashgan musiqa maktabini bitirganman. Biz masalan, hech qachon paxta terishga bormaganmiz. Qishloq bolalari kichkina qo‘llari paxta bilan terib, menga o‘xshagan o‘z tengdoshlarini chet ellarda o‘qishiga imoniyat yaratishgan. Men shunday hisoblayman! Shuning uchun ularga katta rahmat! Ulardan qarzdorman!  Kelajakda ularning farzandlariga yordamim tegishini juda xohlardim!

O‘shanda «O‘zbekturizm» homiyligida Parij Oliy konservatoriyasiga o‘qishga ketib,  1-bosqichni tamomladim. O‘qishning ikkinchi yili Fransiya hukumati menga stipendiya berdi. Otamning maoshi o‘qishim pulini to‘liq qoplashga yetmasdi. Oilam meni o‘qitaman deb, ko‘p qiyinchiliklardan o‘tgan. To‘ytepada uyimiz bo‘lardi. Uydagilarim shu uyni sotib, pulini meni o‘qishim uchun yuborishgan. Hozir esa bu borada imkoniyatlar talaygina. O‘qishni istasang, bas!

Bolaligim Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida o‘tgan. Otam teatr orkestrida 20 yil ishlaganlar. Bog‘chaga borish o‘rniga, otamga ergashardim. Orkestr repetitsiyalari payti butun teatrni, yerto‘lasidan to tom boshiga qadar aylanib chiqishga ulgurardim. Eng qizig‘i, otam maosh olgan kunida chaqalarni saralab, qo‘limga tutqazarkan, «Mana, ol! Bu seni maoshing!» derdi kulib. 

Parijga ketishimdan avval, o‘zbek tilim sof emasdi. Sababi, o‘sha paytda maktab ta’limini rus tilida olganmiz. Uzoq yurtlarga ketgandan keyin, Vatanni, oilangizni qadriga yetarkansiz... Shunda Alisher Navoiyning «Xamsa»sini nasriy bayonisiz o‘qish istagi tug‘ildi. Otam kitobni Parijga yubordi. Kitobni o‘qishga kirisharkanman, ochig‘i, ellik foizini ham tushunmadim va o‘zimga aytdim: «Endi, o‘zbek tilini qunt bilan o‘qiyman!» Bungacha «Xamsa»ni rus tilida yig‘lab, hayratlanib o‘qigandim.  Lekin birinchi galda asarni o‘zbek tilida o‘qishim lozim va shart edi! 

Mumtoz adabiyotimiz juda ham xushohang! O‘qisangiz, qulog‘ingizga ohanglar quyilib keladi. Maromlari ham bor. O‘zbek miniatyuralarini ko‘rsangiz, nay, qonun, chang, sato, tanbur milliy cholg‘ularmizni tasvirini ham uchratasiz.

Kelajak avlodni bolalikdan nafaqat musiqa, umuman, san’atga qiziqtirish kerak!  Badiiy did shakllanishida bu juda asqotadi.

Vatan men uchun ota-ona, qarindoshlarim va Toshkent! Toshkentni juda ham sevaman!

25 yildan beri Ovro‘padaman. Hozirda Germaniyada Xalqaro solistman. Ammo baribir, xayolimda O‘zbekiston, o‘zbek xalqi, oilam, uyim, butun qarindosh-urg‘ularim!... O‘zim jahonaro kezsam-da, ildizim shu yerda! O‘zbekistonda!

Lobar Qobilova suhbatlashdi.  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring