Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Donald Trampga navbatdagi suiqasd?!

Donald Trampga navbatdagi suiqasd?!

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp golf o‘ynayotgan vaqtda klub yaqinida otishmalar ovozi eshitildi. Tramp otishmadan bir necha yuz metr narida bo‘lgan va xavfsiz edi. Federal qidiruv byurosi voqea «ko‘rinishidan suiqasd bo‘lganga o‘xshaydi» dedi.

Voqeadan to‘rt soat o‘tib bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida FQB, Maxfiy xizmat va mahalliy politsiya vakillari golf klubi yaqinida mashinada qochishga uringan erkak qo‘lga olingani, butalar orasida tashlab ketilgan «Kalashnikov» rusumli avtomat topilganini ma’lum qildi.

Prezidentlar va sobiq prezidentlarni himoya qiluvchi Maxfiy xizmat vakilining so‘zlariga ko‘ra, ularning xodimi butalar orasidagi qurollangan shaxsga qarata o‘t ochishgan.

Guvoh shundan so‘ng erkakning butalar orasidan qora Nissan tomon yugurib chiqib, mashinaga o‘tirib haydab ketganini ko‘rgan.

Politsiya erkakni qo‘shni tumandagi katta yo‘lda qo‘lga oldi. Mahalliy politsiya sherifiga ko‘ra, maxfiy xizmat xodimlarining o‘qlari unga tegmagan.

Butazorlardan ular AK-47 rusumli avtomat, ikkita ryukzak va videokamera topishgan.

Gumonlanuvchining shaxsi aniqlandi

Matbuot anjumani ishtirokchilari Tramp xavfsiz ekanligiga ishontirishdi. U golf o‘ynaganida, qo‘riqchilar doimo atrofni qo‘riqlab turishadi. Bu holatda, sobiq prezident  otishma joyidan bir necha yuz metr uzoqlikda bo‘lgan.

Amerikaning bir qancha yetakchi nashrlari huquq-tartibot idoralari vakillariga tayanib, hibsga olingan shaxsning ismi Rayan Uesli Rout ekani, u 58 yoshda va Gavayida istiqomat qilgani haqida xabar bermoqda.

Erkak hibsga olingan Florida shtatining Martin okrugi sherifi Uilyam Snayder jurnalistlarga uning ismini aytmagan holda hibsga olish vaqtida o‘zini xotirjam tutganini, tashqi ko‘rinishida deyarli hech qanday his-tuyg‘ularsiz ekanini aytdi.

Ukraina tarafdori

BBC Fact Check Service Rayan Rout ismli shaxsning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini va mahbusning suratiga o‘xshash fotosuratlarni o‘rganib chiqib, u, xususan, Rossiya bilan urushda Ukrainani astoydil qo‘llab-quvvatlaganini aniqladi.

Uning Facebook’dagi ba’zi postlari (hozir uning sahifasi yopilgan) va bitta video intervyuda aniq bo‘lishicha, u Rossiya bilan urushga chet ellik ko‘ngillilarni yollaga urinib ko‘rgan va Kiyevga safar qilgan.

Donald Trampning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish borasidagi pozitsiyasi gumonlanuvchining ehtimoliy g‘azabiga sabab bo‘lgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Avvalgi suiqasd

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatidagi saylovoldi uchrashuv payti AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampga qarshi suiqasd uyushtirilgani haqida xabar berilgan edi.

O‘shanda 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ismli shaxs tomonidan otilgan o‘q Trampning o‘ng qulog‘ini “yalab” o‘tgan. Siyosatchi yengil jarohat olgan, mergan esa otib o‘ldirilgandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring